«Prezident hamma konteynerga o'tsin, deb aytmagan». Sergeli tuman hokimi hamkasblarining konteynerlarga ko'chayotgani haqida

0

Toshkent shahar Sergeli tuman hokimi Elbek Shukurov 31 mart kuni YouTube’dagi «Alter Ego» loyihasi muallifiga intervyu berdi.

Ma'lum qilinishicha, intervyu davomida tuman hokimi shahar, hokimiyat, odamlar, yoshlar, pul, Ortiqxo'jayev va hatto «Uchinchi Renessans» borasidagi savollarga javob bergan.

Jurnalist Kirill Altmanning intervyu davomidagi savollaridan biri «Qachon siz ham konteynerga o'tasiz?» bo'lgan.

Sergeli tuman hokimi Elbek Shukurov bunga «Men konteynerga o'tmayman. Agar konteynerga o'tgan insonlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, ularning qilgan ishi bir tomondan to'g'ri amalga oshirilganini ko'rish mumkin. Chunki O'zbekistonda shunday hududlar borki, boshidan oxirigacha borish uchun kamida 1 soat talab etiladi. Shuningdek, hokim aynan bir mahalla bilan ishlamoqchi bo'lsa, balki ularning konteynerlarga o'tayotganida va ishlayotganida ma'no bordir. Ammo buni qat'iy ta'kidlamagan bo'lardim. Bundan tashqari, Prezident ham hamma konteynerlarga o'tsin, deb aytmagan», — deya javob bergan va hokimlik vakillari uchun konteynerlarda ishlash qulay bo'lsa, buni bemalol amalga oshirishi mumkinligini qayd etgan.

Tuman hokimining qo'shimcha qilishicha, unda barcha qulayliklarga ega mikroavtobus bor bo'lib, tumanni aynan shu transport vositasida aylanib chiqadi va muammolarni o'rganadi.