Rossiyada hayvonlar uchun koronavirus vaksinasi yaratildi.

0

Rossiya hayvonlar uchun COVID-19 ga qarshi vaksinani ro'yxatdan o'tkazdi, deya xabar berdi chorshanba kuni qishloq xo'jaligini nazorat qiluvchi Rosselxoznadzor. Bu hayvonlarni koronavirusdan himoya qiladigan dunyodagi ilk vaksina hisoblanadi.

Bugungi kunda Rossiyada odamlar uchun uchta koronavirus vaksinasi mavjud bo'lib, ulardan eng taniqlisi Sputnik V hisoblanadi. Shuningek, Moskva mamlakatda yaratilgan EpiVacCorona va CoviVacdan ham favqulodda holatlarda foydalanishga ruxsat bergan. Hayvonlar uchun ishlab chiqilgan vaksina esa Carnivac-Cov deb nomlandi.

«Carnivac-Covning klinik sinovlari o'tgan yil oktyabr oyida boshlangan bo'lib, unda itlar, mushuklar, tulkilar va boshqa hayvonlar ishtirok etdi. Mazkur sinovlarning natijalari vaksinaning zararsiz va virusdan yuqori darajada himoya qilishini ko'rsatdi. Chunki emlangan hayvonlarning hammasida koronavirusga qarshi antitanalar hosil bo'ldi» dedi Rosselxoznadzor boshlig'ining o'rinbosari Konstantin Savenkov.

Shuningdek, Rosselxoznadzorga ko'ra, Carnivac-Covni olgan hayvonda olti oygacha koronavirusga qarshi immunitet saqlanib qoladi. Ushbu vaksinani keng miqyosda ishlab chiqarish aprel oyidayoq boshlanishi mumkin.

loading...