Bugun, 31 mart kuni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Habibullo Tursunmatov 78 yoshida vafot etdi. Bu haqda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati ma'lum qildi.
Habibullo Tursunmatov 1943 yil 1 iyulda Andijon viloyati Oltinko'l tumanida tug'ilgan. 1973 yili Andijon davlat pedagogika institutining Iqtisod yo'nalishini tamomlagan.
Uning nasriy, publitsistik va tarjima asarlari mahalliy, respublika va xorijiy matbuotda hamda bir qator to'plamlarda e'lon qilingan.
Habibullo Tursunmatovning ilk ijod namunalari 1969 yili “Sharq yulduzi” jurnalida “Xayolimda Diloromim” sarlavhasi bilan bosilgan. 1975 yili “Dilroz”, 1977 yili “Dars”, 1980 yili “Kelinchak”, 1985 yili “Visol umidi” nomli she'riy kitoblari chop etilgan.
Adib mustaqillik yillarida ham faol ijod qildi. 1998 yili “Qon sachragan oy” qissasi, 2000 yili “Yolqin” va 2016 yili “Tikansiz gul zahri” romanlari o'z muxlislarini topgan.
“Yolqin” tarixiy romani 2013 yili qirg'iz tiliga tarjima etilib, Bishkek shahrida nashr kilingan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Habibullo Tursunmatovning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.