​Qizimni uy ishlarini qilishga qanday o'rgatsam bo'ladi?

0

Assalomu alaykum! Mening 11 yoshli qizim, 9 yoshli, 4 yoshli, 5 oylik o'g'illarim bor. Qizimni uy ishlarini qilishga o'rgata olmayapman. Ish buyursam, o'zini kasalga soladi, yoki bitta ishni cho'zilib qiladi. Juda qiyin holdaman. O'g'illarim ham juda sho'x. Uylarimni yoyib tashlashadi, kerak bo'lmagan narsalarni ham kavlashadi. Iltimos, menga to'g'ri yo'lni ko'rsatinglar.

Pedagog:
– Va alaykum assalom! O'zingiz opa-uka, qayinbo'yningiz, qo'shnilaringiz bilan doimo ahil bo'ling. Farzandlaringizning bir-biriga mehribon bo'lishiga o'zingiz o'rnak bo'lasiz. Oiladagi ishlarni bir kishiga yuklab qo'ymang. Masalan, yakshanba kuni ertalabki nonushtaga biror yegulikni katta qizingiz bilan pishirayotganingizda 9 yoshli farzandingiz ko'cha yoki hovlini supurishi, 4 yoshli farzandingiz oyoq kiyimlarni to'g'rilashi kabi ishlarni bir vaqtda hamma bajarishini yo'lga qo'yishni odat qiling. Biri ish qilib, boshqasi uxlasa yoki televizor ko'rsa, bolaga alam qiladi. “Faqat men ish qilaveramanmi?!” deb dangasalik qiladi. Hadeb urishavermasdan qizingiz bilan o'rtoqdek gaplashing. Do'stlari kimligini aniqlang. Maktabdagi ustozlari bilan doimo aloqada bo'ling. Aks holda sizdan sir berkitadi. Boshqa tushunadigan odam qidiradi. Bolalarning o'ynab uyni yoyishi tabiiy holdir. Birpas qo'yib bering, rosa mazza qilib o'ynashsin, urishmang, so'ngra yoygan narsalarini joyiga qo'yishni ham o'zlariga yuklang. Tahoratli yurishga, ibodatli bo'lishiga, Qur'on va hadislardan yodlashga o'rgating. Ayniqsa, o'g'illaringizni qiziqqan sport to'garagiga bering. Ortiqcha energiyasini yaxshi narsaga sarflaydi. “Islomga bag'ishlangan umr” kitobini o'qisangiz, katta ibrat olasiz, inshaalloh! Vallohu a'lam.

 

 

Manba: muslimaat.uz