Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (30-qism)

0

Uning yuragini o'kinch, alam o'rtab yubordi. Bir muddat qotib turdi. So'ng chuqur uh tortib, a'yonlariga (ular kanizakning so'zlaridan keyin yuz ifodasi o'zgargan Mamatg'uli boshini sarak-sarak qilganini ko'rib, to'xtagandi) qo'li bilan ishora qilib ketmasliklarini buyurdi. Yoniga Jondor Alini chorladi.

— Xizmatingizga muntazirman, — dedi Jondor Ali qaroqchiboshining yoniga kelib qo'lini ko'ksiga qo'yarkan.

— O'ttiz-qirq chog'li lashkar bilan shayxning qo'nalg'asiga borasan. Kimniki ko'rsang, qilichdan o'tkazib, Farvizni olib kel!

Jondor Ali boshini irg'ab qo'lini ko'ksidan olmay, uch-to'rt qadam orqasi bilan yurgach, o'girildi-da, yugurib ketdi.

* * *

Bo'rilar Mahmudning uyg'onganini payqadi chog'i, tishlarini ko'rsatib irillay boshlashdi. Qo'ylar bir-birining pinjiga tiqilgan, tuyoqlarini yerga urmay qo'ygan, qaltirab turardi. Shu payt Zebo uyg'onib ketdi. U boshini ko'tardi-yu, erining qo'ylar yonida turganini ko'rib, bir lahza ajablanib tikildi.

— Tinchlikmi? — so'radi u.

— Bo'rilar! — dedi Mahmud unga qayrilib qaramay.

Zebo cho'chib tushdi. Shosha-pisha erining orqasiga yashirinib:

— Endi nima qilamiz?! — deb so'radi.

— Bu maxluq o'ta falokat narsa. Qo'raga kirsa, bir yo'la hamma qo'yni bo'g'izlab ketadi, nafsingdan osilgur. Lekin hozir boplayman. Shuncha yil yolg'iz yashab, o'rganib ketganman, — deya Mahmud qo'ylardan birini bo'rilar turgan tarafga yetaklay boshladi. Qo'y oyoqlarini yerga qattiq tirab oldi, uni oldinga siljitish mushkul edi.

Bir qo'li bilan qo'yning dumbasidan, ikkinchisi bilan bo'ynidan ushlab olgan Mahmud qurbonlikni sudray-sudray, tobora xezlanib irillayotgan yirtqichlarga yaqin olib bordi. So'nggi kuch bilan qo'yni ularning oldiga itarib yuborib, o'zi orqaga qochdi. Tun bo'yi ochlikdan uvlab izg'igan yirtqichlar qo'yga tashlanishdi.

Bo'rilarning o'ljaga o'ralashib qolganini ko'rib Mahmud bilan Zebo uch bosh qo'yni oldilariga solib, qochib qolishdi. Bo'rilarni ko'rganda xuddi sehrlanganday qotib qolgan qo'ylar yirtqichlardan uzoqlashgach, dadillashgandek orqa-oldiga qaramay tumtaraqay qochishdi. Endi ularni to'xtatib qolishning iloji yo'q edi. Mahmud qo'ylarning ortidan serraygancha termilib qolaverdi.

— Ana, — dedi uning yoniga kelgan Zebo, — tashvishdan ham qutuldik.

— To'g'ri-ku-ya, ishqilib, bugun manzilga yetib olaylik-da. Yo'qsa, keyingi safar bo'rilarga men yem bo'laman, shekilli, — dedi Mahmud.

U hazillashmoqchiydi. Aytdi-yu, qovun tushirdi. Zeboning ko'zi yoshlandi. Boshi egilib, chachvonini tushirdi.

— Yiqilib qolgunimcha yuramiz, nima bo'lsa bo'lar, — deya dadil yurib ketdi.

Quyosh terak bo'yi ko'tarilguncha yurishda davom etishdi. Yo'l-yo'lakay Zeboning ko'z yoshi tinmadi. Biroq churq etmadi. Ortidan ketayotgan Mahmud ham gapirmadi. Yana qovun tushirib, malikaning dilini battar xufton qilib qo'yaman, degan xayolga bordi. Nihoyat, ayolning og'ir-og'ir nafas olayotganini ko'rib:

— Zebo, toliqib qolding, ozgina dam olgin, — dedi u.

Ayol to'xtadi. Paranjisini qo'liga olib, eriga qaradi. Sochlari jiqqa ho'l, soxta yara-chaqalardan asar ham qolmagan, avvalgiday jozibali edi. Uning yuziga tushgan bir-ikkita ajin Mahmudga mutlaqo ko'rinmayotgandi. Erkak to'lqinlanib ketdi. Bitta-bitta bosgancha ayolning qarshisiga keldi.

— Dam ol, — dedi mayin ovozda.

— Yo'q, yiqilib qolguncha yuraman, — javob qaytardi Zebo.

— Oyoqlaringga iching achimaydimi?.

— Yo'q.

— Unda menikiga achisin iching.

Ayol boshini egdi. Ko'zi yoshlandi.

— O'g'limni sog'inib ketdim, — dedi shikasta tovushda.

— Hechqisi yo'q. Mana, ozgina qoldi. Kechgacha yetvolamiz, keyin u doim yoningda bo'ladi. Ha, esimdan chiqibdi, bir narsa aytsam, xafa bo'lmaysanmi?

Zebo yalt etib Mahmudga qaradi.

— Faqat xafa bo'lmayman desang aytaman.

— Xafa bo'lmayman, — boshini egdi Zebo.

Mahmud uning iyagini barmog'i bilan ko'tarib:

— Unda bitta kulib ber-chi, — dedi.

— Aytavering, — ko'zini olib qochmoqchi bo'ldi Zebo, — o'rganib qolganman har qanday gapga. Avvalgi nozu firoqlarim yo'q endi.

— Yo'q, bu safar nozlansang arziydi. Faqat ayt, xafa bo'lmayman, de, bir kulib ber menga.

Zeboning azbaroyi qiziqishi ustun kelib, miyig'ida jilmaydi.

— Ana endi aytaman, — dedi Mahmud kulib turib, — o'g'lingni topganingdan keyin, nasib qilsa, tinchgina yashashni boshlasak, menga o'g'il tug'ib berasan.

Bu qisqa fursat ichida Zebo xayolan ming bir ko'chaga kirib chiqqan, biroq Mahmuddan bu gapni kutmagandi. Shu bois duv etib qizardi, qiz boladek uyalib ketdi. Keyin piq etib kulib yubordi.

— Xo'sh, aytganimni qilasanmi? — so'radi uning kulgisidan ruhlangan Mahmud.

— Oyog'ingizga ichim achiydi. Qorningiz ham ochqagandir, dam olaylik, — deb Zebo Mahmudga tabassum hadya qildi-da, paranjisini qum ustiga yoza boshladi. Erkak uning belidan quchdi. Yuzidan o'pmoqchi bo'ldi, biroq ayol o'zini olib qochdi.

— Erkak zotining ko'ngli, baribir, g'alati-da, — dedi u, — keyin gaplashamiz boshqa gaplarni. Men sizning xotiningizman-ku, siz nima desangiz shu.

Bu gapdan Mahmud yeru ko'kka sig'may ketdi. Yosh boladay dikonglagisi keldi. Garchi ikki kundan beri odamga o'xshab ovqatlanayotgan esa-da, ammo hali qaltis harakatga quvvati yo'q edi.

Er-xotin og'zidagi birinchi luqmani yutib ulgurmay, etak tomondan qiy-chuv, ohu nolalar quloqlariga chalindi. Mahmud o'rnidan sapchib turib, yugurgancha qum barxanining ustiga chiqdi-yu, shu zahoti o'zini yerga tashladi.

* * *

Jondor Ali necha yillardan beri o'zining qo'l ostida bo'lib kelgan cho'lu biyobonda bunday pistirmaga duch kelaman, deb sira o'ylamagan edi. Mamatg'ulining farmoni bilan o'ttiz chog'li sarbozni boshlab kelayotganida xavfdan darak beruvchi birorta ham belgini ko'rmadi. Soy adog'igacha otlarini choptirishib, bu yog'iga bamaylixotir ketishayotgandi. Shayxning qo'nalg'asiga yetib borishsa, bas, Farvizni otasiga eltib topshirishadi. Tamom-vassalom. Shu ham yumush bo'ptimi?

Ahmad boboning kulbasiga yetmasdan ikki chaqirim beriroqda atrofini qum barxanlari o'rab turgan keng yalanglik bor. Ikki yoni xiyla tor, yetti-sakkiz qadamcha. Jondor Ali bu yerdan ko'p o'tgan. Biroq har o'tganida, ko'nglida qandaydir xavotir sezardi, biroq buning sababini o'zi ham bilmaydi. Bu safar ham yuragi siqildi. Bir xayol shu bexosiyat makonni aylanib o'tmoqchi ham bo'ldi-yu, istihola qildi. “Kulgiga qolib yurmayin tag'in”, deb o'yladi.

Yalanglik oxirlab qolganda orqadan shovqin-suron eshitila boshladi. Jondor Ali Hali o'girilishga ulgurmay, ketmon, bolta, tayoq ko'targan olomon ularning ustiga bostirib keldi. To'daning qaerdan paydo bo'lgani yolg'iz Xudoga ayon edi.

Jondor Ali g'azabga mindi. Qayoqdagi yalangoyoqlar ularga hujum qilmoqchimi? Bularni ajal haydab kelgan, shekilli, deb o'ylardi u.

— Hammasini qilichdan o'tkazing, tirigi qolmasin! — o'kirdi Jondor Ali.

U shunday deyishi bilan yonginasidagi ot ustida o'tirgan sarbozning boshiga tosh kelib tegdi. U o'kirgancha otning oyoqlari ostiga quladi. Jondor Ali uning boshi qanday yorilib, qon oqqanini aniq-tiniq ko'rdi. Yana bir qaroqchi shu taxlit qulaganini ko'rgach, yuzboshini vahm bosdi. Toshlar qayoqdan uchib kelayotganini anglab yetolmayotgan edi. Lekin bular ham holva ekan. Bir payt o'ngu so'ldan qurollangan gala-gala piyodalar bostirib kela boshladi. Jondor Ali ikkita piyodani chopib tashladi. Ammo shu payt kutilmaganda oti yerga qulab, bir oyog'ini bosib qoldi. U o'rnidan turishga harakat qilayotganida boshiga, beliga ketma-ket tayoq zarbasi tushib, shamshiri qo'lidan uchib ketdi. Qolgan voqealarni u yerda yotgancha kuzatdi. Sarosimaga tushgan sarbozlar o'ziga kelib, endi jangga kirishgan paytda, kutilmaganda old tarafdan notanish chavandoz ot choptirib keldi. U o'zini to'daga urib, qaroqchilarning uchtasini qilichdan o'tkazdi. Bu abjir yigitga mohir qilichbozgina bas kelishi mumkin edi. Bunday qilichboz esa otning ostida bir oyog'i sinib yotar, boz ustiga, boshi yorilgan, ikkita qovurg'asi singandi.

Bu kutilmagan hamladan sarosimaga tushgan qaroqchilar birin-ketin yerga qulayvergach, ketmonlilar kuchayib ketdi. Ular jon-jahdlari bilan otliqlarga tashlanib, deyarli barchasini yerga qulatdi. Ot ustida turgan so'nggi qaroqchini esa to'rt tomondan qurshab olishdi. Olomon orasida alamzadalar ko'p edi. Karvonni talab, odamlarning sho'rini quritib, ayollarni beva, bolalarni yetim qilish bilan mashg'ul bo'lgan bu ablahni nimtalab tashlashga tayyor olomon halqani tobora siqib kelaverdi. Shunda shahzoda oti bilan to'dani yorib kirib, qaroqchiga ro'baro' bo'ldi.

— Bekorga juvonmarg bo'lgandan ko'ra, asir tushganing ma'qul, — dedi u.

— Himm, — deya irjaydi sersoqol qaroqchi, — shu ketmonchilarga asir tushamanmi?! Shamshirimning mazasini besh-oltitasi tatib ko'rdi. Undan boshqalar ham umidvorga o'xshaydi!

Shunday deb, qilichini baland ko'tardi. Shamshir oftobda yaltirab ketdi. Qaroqchi halqaning ko'ziga bo'shroq ko'ringan bo'lagiga ot qo'ydi. Ammo mo'ljallangan joygacha ulgurmadi. Mirzo uning shunday harakatlanishini kutayotgandi. Ortiqcha qiyinchiliksiz qaroqchiga yetib, shamshirini uning belidan o'tkazib yubordi.

Ustidagi chavandoz yerga qulashi bilan ot yugurishdan to'xtadi. Olomon shu zahoti qiyqirib, qo'llarini osmonga ko'tardi.

— Hammangizni, — deb qichqirdi ot ustida o'tirgan Xalil mergan, uzangiga oyog'ini tirab tik turarkan, — zafar bilan qutlayman!

Uning qutloviga qiyqiriqlar jo'r bo'ldi. Ammo bu shodiyona uzoq davom etmadi. Kimningdir yig'layotgani avval uch-to'rt kishining, keyin boshqalarning ham e'tiborini tortdi. Yengiga qon sachragan, oftobda qoraygan yuziga ter bilan tuproq yopishib, loyga aylangan Erg'ozi yig'layotgan kishining yoniga bordi.

— Nima bo'ldi?! — so'radi u boshini tizzalari orasiga olib g'am chekayotgan odamdan.

U boshini ko'tarib, tepasida yig'ilganlarga bir-bir qarab chiqdi.

— Akam… Akam shahid bo'ldi, — dedi.

Hammaning boshi egildi. Olomon jang maydoniga qaradi. Maydonda qonga belangan murdalar cho'zilib yotardi.

Qaroqchilardan birortasi tirik qolmabdi. Jondor Alining ham ayni damda murdadan farqi yo'q edi. U hushidan ketgan, ko'zi yumilib, tanasini kuch-quvvat tark etgandi. Shu bois qaroqchilarga qazilgan o'raga chala o'lik Jondor Ali ham tashlandi.

— Bu qabrga kirganlar, — dedi Xalil mergan olomonga qarata, — kofirning ishini qilishdi. Lekin, mana, qazo muddati kelib, narigi dunyoga ravona bo'lishdi. Endi ularning yolg'on dunyoda qilgan ishlarini esimizdan chiqaraylik-da, janozasini o'qiylik. Olloh bularni ham o'zining rahmatiga olgan bo'lsin!

Olomonning bunday niyati yo'q edi. Jasadlar ochiq qolib, bijg'ib ketmasin, deb ularni ko'mmoqchi edi. Olomonning niyatini payqagach, avvaliga na Xalil mergan va na shahzoda so'z ochdi. Oxiri mergan chidab turolmay, ko'nglidagi gapni aytdi.

— Xudo xayringizni bersin, boshqa rasm-rusumni qilmasak ham, janoza o'qiylik, — dedi.

Odamlar istab-istamay, rozi bo'lishdi va janozaga saflana boshladilar.

Olomondan o'ndan ziyod odam yaralangan, to'qqiz kishi shahid bo'lgan ekan. Jasadlar o'ljaga olingan otlarga ortilib, qo'nalg'a tarafga yo'lga tushishdan oldin shahzoda:

— Bu hali to'la g'alaba emas. Qaroqchiboshining mingdan ziyod lashkari bor, kutilmaganda bostirib kelishi mumkin, — deya saf tortib turganlarga birma-bir qarab chiqa boshladi.

— Qaroqchilar qurib bitmaguncha urishishga tayyormiz. Mana, endi otlar bor, qancha qurol-aslahani o'ljaga oldik. Endi qo'rqadigan joyimiz qolmadi. Borib yaxshilab tayyorgarlik ko'raylik-da, qaroqchilar qachon bostirib kelarkan, deb kutib o'tirmay, o'zimiz tadbir boshlaylik.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (29-qism)

 

 

 

loading...