Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (32-qism)

0

— Mayli, o'g'lim, boring. Sizning yelkangizda yumush mo'l. Mana, men keldim, shu yerdaman. Aytganingizday, sirayam ajralmaymiz. Boshingiz omon bo'lsin, — dedi Zebo va o'g'lini bag'riga bosib, peshonasidan o'pdi.

Tashqarida motam, ichkarida Zebo xursandligidan terisiga sig'masdi. U o'zini qo'yarga joy topolmasdi. Farviz bo'lsa, yerdan boshini ko'tarmaydi. Devorga suyangancha unsiz yig'laydi. Qaroqchilarning bittasiyam tirik qolmagan bo'lsa, demak, uning otasi ham o'ldirilgan. Qaysardan qaytgan, bir so'zli, qahrli otasining o'limida o'zini aybdor his qilardi qiz. Axir u mirzoning qochishiga yordam bermaganida, o'zi ham u bilan birga bu yerlarga kelmaganida, balki otasi tirik qolgan bo'lardi. Kim bo'lsa-da, baribir unga ota-ku. Ana, o'zi ko'rdi, mirzo onasini qay darajada e'zozlaganini. U esa bir yigitning chiroyiga uchib, otasining boshiga yetdi. Hech kim hech qanday va'da bermagan esa-da, bu yerga kelib o'tiribdi!

— Ha, qizim, — dedi uning yoniga kelib o'tirgan Zebo, — nima bo'ldi? Namuncha g'amginsiz?

Farviz chidab turolmadi, o'zini ayolning bag'riga tashladi. Vujudi titrab yig'ladi. Zebo uni qanchalik ovutishga urinmasin, baribir, Farviz o'zini bosolmasdi. Keyin u holdan toyib uxlab qoldi. Zebo uni ohistagina yotqizib, ustini paranji bilan yopdi.

Shahidlar qabrga qo'yilganidan keyin olomon chinor ostiga yig'ildi. Tilovat qilindi.

— Bekorga shuncha odam nobud bo'ldi, — dedi yuziga fotiha tortgan ellik yoshlardagi bir odam o'rnidan turib.

Yig'ilganlar unga qarashdi.

— Agar bu o'zboshimcha yigitning gapiga kirmaganimizda, ular oramizda o'tirgan bo'lishardi, — deya gapini davom etkazdi u boshqalarning qarashidan rag'bat olib.

— Bekor aytibsan! — dedi birdan jahli chiqqan Erg'ozi. — Agar biz shu bebosh yigitning gapiga kirmaganimizda, o'ligimizni ko'madigan odam ham qolmasdi bu yerda. Hammamizning murdamiz chivinlarga yem bo'lardi.

— Mening tadbirim ma'qul kelmagan bo'lsa, jazo tayinlangiz, men tayyorman, — dedi mirzo o'rnidan turib atrofidagilarga qararkan.

Hech kimdan sado chiqmadi. Gap boshlagan o'rta yashar erkak esa boshini xam qilib olgancha boshqa churq etmadi.

— Unda, — dedi oraga cho'kkan jimlikni buzib shahzoda, — katta jangga tayyorgarlik ko'rmog'imiz lozim. Bu safar oson bo'lmaydi. Dushman tuyqusdan qiladigan hiylamizga aldanib qolmaydi. Baxtimiz bor ekan, biz jang qilishni mo'ljallagan yalanglik toraydi. Shuning uchun ham rejani o'zgartirdik. Avval orqadan, keyin ikki yondan hujum qildik.

— Natijasini ko'rdinglar! — dedi Xalil mergan mirzoning gapini quvvatlab. — Boshqacha bo'lganida, talofat hozirgidan bir necha marotaba ko'p bo'lardi. Chunki oddiy dehqon bilan urush ko'rgan sarbozning orasida yer bilan osmoncha farq bor. Xudoning inoyati bilangina biz yutib chiqdik.

— Gaplaringiz to'g'ri, — dedi unga yuzlangan Erg'ozi, — endi nima qilamiz? Muhammad mirzo aytganiday dushman yoppasiga bostirib kelsa, hammamizni qirib tashlaydi, unda barcha sa'y-harakatlarimiz bir pul bo'ladi-ku.

— Buni, avvalgi safargiday, puxta rejalashtiramiz. Ehtimol, qaroqchilarni inlaridayoq yo'q qilgan ma'quldir.

— Xalil, o'zing aytganday, bu yerdagilar urush ko'rmagan, — deya gapga aralashdi shu paytgacha chorpoya ustida jim o'tirgan oppoq soqolli chol (uni Qo'ldosh bobo deb chaqirishardi. G'ovaktepa qishlog'idan. Ahmad shayxning, garchi undan yoshi katta bo'lsa-da, birinchi shogirdi. Ikki yildan beri oyoqdan qolgan. Hamma qaroqchilarga qarshi jangga ketganida qo'nalg'ada yolg'iz u qolgandi). — Shunday ekan, sizlar nima desanglar, bular shuni qilishadi. O'zlaring zarur chora-tadbirni puxta o'ylab ko'ringlar, — dedi va olomonga yuzlandi: — Uydan kelgandan beri tuz totganlaring yo'q. Bu yerda qorinlaringni to'yg'azishga hech vaqo topilmaydiyam. Shuning uchun uch-to'rttang qishlog'ingga borib, yegulik opkelinglar. Agar Muhammad mirzo bugun yo'lga chiqishimiz kerak desa, bugun chiqamiz. Shuning uchun shoshilishlaringga to'g'ri keladi.

G'ala-g'ovur boshlandi. Hamqishloqlar to'da-to'da bo'lishib, bittadan vakil ajratishdi. Ular o'lja otlarga minib, qishloqqa yo'l olishdi.

— Ustoz, — dedi Muhammad mirzo chorpoya ustida Erg'ozi, Qo'ldosh bobo va Mergan qolgach, Xalilga murojaat qilib, — men olishishni bilaman, biroq dushmanga qarshi reja tuzishda oddiy odamlardan farqim yo'q. Siz nima deysiz? Nima qilsak, qaroqchilarni butunlay qirib tashlaymiz?

Mergan bir muddat sukut saqlab, manglayiga tepchigan terni belbog'iga artdi. So'ng sekin gap boshladi.

— Temur uslubi bilangina dushmandan ustun kelishimiz mumkin, — dedi va chorpoyada yonma-yon o'tirganlarga birma-bir qarab, so'zida davom etdi: — Buyuk Temurning maxsus toshvoychilari, mingvoychilari, meshvoy, qo'shtayoqchilari bo'lgan, deb eshitganim bor. Aynan ana shu odamlar har qanday jang taqdirini hal qilishgan.

— Hech narsaga tushunmadim, ustoz. Kim edi o'sha mingvoy, meshvoychilar? — dedi Xalil merganga yuzlanib shahzoda.

— Toshvoy unvoniga ega bo'lgan sarkardaning qo'liga oddiy qoramol ichagining bir uchi kiygiziladi, ikkinchi uchiga tosh mahkamlanadi. Toshvoy dushmanning eng sara askarining kekirdagiga tosh bilan urib, uni otdan ag'daradi. Bu aytishga oson, aslida, judayam murakkab. Shuning uchun bunday odamlar Buyuk Amirning lashkarlari orasida sanoqligina bo'lgan. Bu usulni jangchi sulolasigina qoyillatib bajargan va davom ettirgan. Mingvoychilar kutilmaganda dushman askarlari orasida paydo bo'lib, bemalol sarkardani yengolgan… Xullas, bunday odamlarni hozir topish amrimahol. Bunday jang sirini oramizda hech kim bilmaydi.

— Shoshmang, — dedi o'rnidan sapchib turib ketgan Erg'ozi, — bizning qo'shni qishloqda bir oilani “toshvoylar” deyishardi. Ular nega toshvoylar deyilishini hech kim bilmaydi. O'zlari boshqalar qatori dehqonchilik qilishadi, chorva boqishadi. Lekin qishloqqa kam aralashadi. Xullas, o'zlari bilan o'zlari ovora.

— Keksarog'i bormi? — so'radi undan Xalil mergan.

— Menimcha, yo'g'-ov. Yaqindagina, adashmasam, bir oy ham bo'lmadi, toshvoylardan bir chol qazo qildi, deyishuvdi.

— Birodar, hoziroq otga mining. O'sha oilada er yigitlardan necha kishi bo'lsa, olib keling. Kelishga ko'ndiring, faqat tezroq, kechga qolmang, — dedi Xalil mergan unga iltijoli ohangda.

Erg'ozi chorpoyadan sakrab tushib, otlar tomonga yugurib ketdi.

* * *

Mamatg'uli tushgacha g'azabini bosolmadi, uning yoniga biror kas, hatto xotinlari ham yo'lay olmadi. Peshinda to'yib mayxo'rlik qilgan qaroqchilar boshlig'ining biroz kayfiyati ko'tarildi. Boisi, u Jondor Aliga o'zidan ham ko'proq ishonardi. Shu paytgacha bu shovvoz bitirmagan ishi bo'lmagan. Boshda karvonni talashga shaxsan o'zi bosh bo'lgan esa, mana, keyingi o'n yil bu yumushni Jondor Aliday pahlavon eplab kelayapti.

“Qani, ko'ray-chi, bu qaysar yigitcha yana qanday hunar ko'rsatarkanki, Jondor uni qay sharmandali holga tushirarkan? Padar la'nati mening qizimni qanday avradiykan? Yo'q, avrab olishga imkoni yo'q edi-ku?.. Ha, Farvizning o'zi uning yoniga borgan… Har qanday qizning xayol-hushini oladigan yigit ekan o'ziyam. Jussasi, yuz-ko'zi, qilich o'ynatishi… Kuyovlikka arzigulik. Ammo buning uchun u xizmatimda bo'lmog'i kerak. Qaniydi, shunday mard, dovyurak, saltanatimni mensiz ham qo'lda tuta oladigan kuyovim bo'lsa… Bilaman, atrofimdagilar qazomni kutib yurishibdi. Ko'zim yumilishi bilan budi-shudim talosh bo'ladi. Buncha mol-mulkka ega bo'lgunimcha ozmuncha azob chekdimmi? Kindik qonim to'kilgan makondan badarg'a bo'ldim. Meni deb xonning sarkardalari peshonamdagi yolg'iz o'g'limni ham qatl etishibdi… Kelsa, gaplashaman. Agar o'sha yigitcha gapimga ko'nsa, to'y-tomosha qilib, qizimni nikohlab beraman”, degan o'ylar bilan Mamatg'uli haramga kirdi. Ko'ngli kanizak tusadi.

Ikkita kanizak kirdi. Biroq u shu zahoti kanizaklarni iziga qaytarib, Farvizning onasini chaqirtirdi. Ayoli bilan qizi va bo'lg'usi kuyovi to'g'risida maslahatlashishni ko'ngliga tugdi. Ammo Bedor bibi haramga kirishi bilan Mamatg'ulining tepa sochi tikka bo'ldi. Bo'lmasa, ayol bir og'iz ham gapirmagan, Mamatg'uli ham hech nima so'ramagandi. Shunchaki, ko'rdi-yu, joni chiqib ketdi.

Bir paytlar Bedor bibi uning eng suyukli xotini edi. Avval kanizak maqomida edi. Mamatg'uligacha unga it tegmagan. Toza, bokira, qitig'i o'lmagan qiz edi Bedor bibi. Yuzlari tiniq, qosh-ko'zlari qop-qora, tishlari sadafdek. Mamatg'uli uni o'ziga ko'niktirguncha ko'p qiynalgandi. “Agar menga o'g'il tug'ib bersang, shu kuniyoq nikohimga olaman. Bosh malikam bo'lasan”, degandi. Lekin bu gaplar bibining ko'nglini eritolmadi. U hatto og'iroyoq bo'lganidan keyin ham qaroqchilar boshlig'idan o'zini olib qochib yurdi. Shundan keyin Mamatg'uli uning ortidan xufiya qo'ydi. Bildiki, bu qizning suygan yigiti bor ekan. U ham Bedor bibi bilan bir karvonda safarga chiqqan va qaroqchilar hujumi paytida shahid bo'lgan ekan. Yigitning o'lgani Mamatg'uliga biroz taskin berdi. “Hartugul, o'libdi-ku, o'lgan odamdanam qizg'anib yuraymi endi?” — deya ko'nglini xotirjam qildi.

Bu voqealarga ham ancha bo'ldi, qancha suvlar oqib ketdi. Undan beri Bedor bibini qaroqchiboshi nikohiga oldi. Lekin bu ayol qurmag'ur, zarracha bo'lsin o'zgarmadi. Bir o'g'il tuqqandi, nobud bo'ldi. Mana, Farvizni dunyoga keltirib, voyaga yetkazdi. Qani endi, shu qizginayam uning ko'nglini yoritolgan, bir zumgina quvongan bo'lsa…

Hozir yuziga ajin tushgan, sochlariga oq oralagan ayol uning qarshisida turibdi. Bir qo'li ko'ksida, qaddi xiyol egilgan. Xuddi mute qulday iltifotli.

— Qizingning qilgan ishidan xabardor bo'lsang kerak?! — dedi uni ko'rishi bilan Mamatg'uli qovoqlarini battar uyib.

— …

— Men devorga emas, senga gapirayapman! — deya ovozini yana bir parda ko'tardi Mamatg'uli xotinining jim turganidan battar jahli chiqib.

— Farvizxonni men juda kam ko'rardim. U faqat sizning tarbiyangizni olardi, — dedi to'liqib ketgan Bedor bibi.

— Baribir, sen yaramas tuqqansan uni! Xufiya ta'lim berganga o'xshayapsan!

— Aybdorman.

— Demak, haq ekanman-da. Sen uni menga qarshi qayragan ekansan-da! O'sha cho'lda to'ng'izlarga yem bo'lgan suyuklingning xunini olmoqchi bo'psan-da!

Bedor bibi kutilmaganda ko'ksidagi qo'lini tushirib, Mamatg'uliga tik boqdi. Ko'zlari o't bo'lib yondi. G'azabi jo'sh urganidan lablari titradi.

— Siz, siz… — dedi u tovushi titrab, — har qancha qonxo'r bo'lsangiz ham, qizimning otasisiz! Men farzandni hech qachon otaga qarshi qayramayman!

— Nima?! — o'rnidan turib ketdi Mamatg'uli. — Qonxo'rmanmi?! Qaysi til bilan aytding bu gapni, haromi?!

— O'zingiz bilgan narsani nega tan olgingiz kelmaydi? Ne-ne karvonlarni talab, ne-ne odamlarning yostig'ini quritmadingiz! Men qizimga o'lim tilab kelganman shu kungacha! Chunki sizning fikru xayolingizni bilaman!..

Ayolning har bitta gapi Mamatg'ulining yuragiga nashtardek sanchilayotgan edi. Bedor bibining qolgan gaplarini eshitishga sabri chidamay, bor kuchi bilan bibining yuziga shapaloq tortib yubordi. Ayolning boshi aylanib, ko'zi tindi, zarbaga bardosh berolmay, alvon gilam ustiga quladi.

— Tilingning buncha uzunligini bilmagan ekanman! Bilganimda, allaqachon uzib tashlagan bo'lardim. Lekin xatoni to'g'rilashning erta-kechi yo'q! — deya Mamatg'uli so'l qo'lining barmoqlari bilan og'ir-og'ir nafas olayotgan Bedor bibining jag'ini qisdi. Tirnoqlari ayolning nozik yuz terisiga botdi. Ayol bir lahza nafas olishga qiynaldi. Xuddi qassobning pichog'i ostiga tushgan qo'y misol tomog'idan xirildoq bir tovush chiqdi. Bu ovoz qonxo'rni battar quturtirib yubordi. U belidagi kamarga osilgan tilla rang qindan tig'i toshni kesgudek o'tkir xanjarini sug'urib oldi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (31-qism)

 

 

loading...