Ahmadaliyev kamarlarini o'zida saqlab qoldi, G'iyosovdan navbatdagi nokaut, Madrimovdan salto. O'zbekistonlik 8 bokschining barchasi g'alaba qozondi

0

3 aprel kuni Toshkentdagi «Humo Arena»da professional boks oqshomi o'tkazildi. Katta shouga aylangan janglarda Iqboljon Xoldorov, Sanjar Tursunov, Hasanboy Do'smatov, Miraziz Mirzaxalilov, Shahram G'iyosov, Isroil Madrimov, Bahodir Jalolov va Murodjon Ahmadaliyev kabi nomdor charmqo'lqop sohiblari ringga ko'tarilishdi.

Boks oqshomining dastlabki jangi Iqboljon Xoldorov (1-0, 1 KO) va Kulva Bushiri (13-6-1, 5 KO) o'rtasida kechdi. Professional boksdagi debyutini o'tkazgan o'zbekistonlik bokschi tanzaniyalik raqibini 2-raunddayoq nokautga uchratdi.

Shu tariqa Xoldorov prof ringdagi debyutini nokautli g'alabi bilan boshladi.

Ikkinchi jang og'ir vaznli bokschilar Sanjar Tursunov (3-0, 1 KO) hamda ukrainalik Ivan Yuxta (3-2-1, 2 KO) o'rtasida kechib, to'liq 6 raund davom etdi.

Dastlabki raundlar o'zbekistonlik bokschining yaqqol ustunligida o'tdi. Uchinchi raunddan boshlab Yuxta ham faollikni oshirdi. Biroq Tursunov har bir raundda vaziyatni nazorat qila oldi.

O'zbekiston vakili ochkolar hisobiga ko'ra g'alaba qozondi. Bu Sanjar Tursunovning professional boksdagi ketma-ket beshinchi jangidagi 5-g'alabasiga aylandi.

Shundan so'ng ringga Rio-2016 olimpiadasi chempioni Hasanboy Do'smatov (3-0, 3 KO) tanzaniyalik Muhsin Kizotaga (11-3, 5 KO) qarshi jang uchun ko'tarildi. 10 raundga mo'ljallangan jang vakant bo'lib turgan WBA International kamari uchun o'tkazildi.

Birinchi raundda bir marta, ikkinchisida ikki marta raqibini nokdaun holatiga tushirgan Do'smatov muddatidan oldin g'oliblikni tantana qildi – raund o'rtasida referi jangni to'xtatdi va texnik nokautni qayd etdi.

Bu g'alaba evaziga Hasanboy Do'smatov WBA International kamarini qo'lga kiritdi. Hasanboy hozirgacha professional boksda ikki marta jang o'tkazib, ikkisida ham raqiblarini nokautga uchratgandi.

To'rtinchi jangda esa professional boksning og'ir vazn toifasida (+90,7 kg) harakat qilib kelayotgan Bahodir Jalolov (8-0, 8 KO) latviyalik Kristaps Zutsisga (7-2-2, 7 KO) qarshi ringga ko'tarildi.

6 raundga mo'ljallangan bu jang ham muddatidan oldin yakunlandi. Birinchi raund Jalolovning ustunligida o'tdi. Ikkinchi raund boshida u kuchli zarbasi bilan raqibini nokdaun holatiga tushirdi. Jalolov bu vaziyatdan keyin jangni davom ettirishga qaror qilgan latviyalik bokschiga bosimni davom ettirdi va ikkinchi urinishda uni nokautga uchratdi.

Bu esa «Big Uzbek» laqabli Jalolovning professional boksdagi 8-jangi va 8-nokautiga aylandi.

Kunning 5-jangida havaskor boksda jahon va Osiyo chempioni unvonlarini qo'lga kiritgan Mirazizbek Mirzaxalilov (1-0, 1 KO) debyut jangida ringga ko'tarildi. Unga tanzaniyalik tajribali Tasha Mjuaji (17-8-2, 5 KO) raqiblik qildi.

O'zbekiston vakili jangni ishonch bilan boshladi va raqibini ikki bor nokdaun holatiga tushirdi. Ikkinchi nokdaundan keyin tanzaniyalik bokschi o'rnidan turmadi va Mirzaxalilov foydasiga texnik nokaut yozildi.

Shundan so'ng oqshomning asosiy janglari boshlandi. Professional boksning super yarim o'rta (-69,85 kg) vazn toifasida ishtirok etayotgan Isroil Madrimov (7-0, 5 KO) kongolik tajribali bokschi Emmanuel Kolomboga (14-1, 14 KO) qarshi ringga ko'tarildi. 10 raundga mo'ljallagan bahs oxirigacha davom etdi.

Dastlabki raundlarda Madrimovning qo'li baland keldi. 5-6 raundlarda esa afrikalik sportchi ustunlikni qo'liga oldi.

Keyingi ikki raundda tenglik kuzatildi, 8-raund yakunida Madrimovning kuchli zarbasidan keyin Kalombo nokdaun holatiga tushdi. 9 va 10-raundlar esa o'zbekistonlik bokschi ustunligida o'tdi va jang yakunida hakamlar bir ovozdan Madrimovning g'alabasini qayd etdi.

Bu uning professional boksdagi 7-g'alabasiga aylandi, kongolik «General» laqabli bokschi esa faoliyatida ilk marta mag'lubiyatni tan olishga majbur bo'ldi. U shu vaqtgacha professional boksda 14 jang o'tkazib, barchasida nokaut bilan g'alaba qozongandi.

Professional boksning super yengil vazn toifasida (-63,5 kg) Shahram G'iyosov (11-0, 9 KO) Patrisio Lopesga (28-5, 20 KO) qarshi anderkard jangida ringga ko'tarildi. O'n raundga mo'ljallagan bahsning ikkinchi raundi so'ngida meksikalik sportchi nokdaun holatiga tushirildi. Uchinchi raundda esa Shahram jigar qismiga berilgan zarba bilan meksikalik raqibini nokautga uchratib, jangni yakunladi.

Bu g'alaba orqali G'iyosov WBA International kamarini yana bir bor himoya qila oldi. Bu oqshomning 7-jangida 7-g'alaba bo'ldi.

Boks oqshomining asosiy jangida Murodjon Ahmadaliyev o'z kamarlarini himoya qildi. Professional boks bo'yicha ikkinchi yarim yengil vazn (-55,34 kg) toifasida WBA va IBF kamarlari sohibi Murodjon Ahmadaliyev (9-0, 7 KO) majburiy da'vogar, yaponiyalik Ryosuke Ivasaga (27-4, 17 KO) qarshi ringga ko'tarildi.

12 raund davom etishi belgilangan jangning 5-raundida Murodjon seriyali zarbalari bilan jangni o'z foydasiga hal qildi.

U texnik nokaut evaziga g'alaba qozonib, WBA va IBF kamarlarini o'zida saqlab qoldi.

Shu tariqa, Toshkentda o'tgan boks kechasi o'z nihoyasiga yetdi. Musobaqada ringga ko'tarilgan 8 nafar o'zbekistonlik bokschining barchasi g'alabaga erishdi.

Iqboljon Xoldorov – Kulva Bushiri (Tanzaniya) – nokaut
Sanjar Tursunov – Ivan Yuxta (Ukraina) – yaqqol ustunlik
Mirazizbek Mirzaxalilov – Tasha Mjuaji (Tanzaniya) – nokaut
Hasanboy Do'smatov – Muhsin Kizota (Tanzaniya) – nokaut
Bahodir Jalolov – Kristaps Zuis (Latviya) – nokaut
Isroil Madrimov – Emmanuel Kalombo (Kongo) – yaqqol ustunlik
Shahram G'iyosov – Patrisio Lopes Moreno (Meksika) – nokaut
Murodjon Ahmadaliyev – Ryosuke Ivasa (Yaponiya) – nokaut

Boks oqshomi yakunida bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimov, O'zbekiston boks federatsiyasi rahbariyati hamda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bokschilarimizni ajoyib g'alabalar bilan qutlashdi.

Eslatib o'tamiz, kuni kecha AIBA prezidenti Umar Kremlev O'zbekistondagi tashrifi chog'ida boks bo'yicha 2023 yilgi jahon chempionati Toshkentda o'tkazilishini e'lon qilgandi.

loading...