Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (33-qism)

0

Mamatg'uli qiz tug'ib bergan ayolining tilini kesib tashlay olmadi. Qo'llari qaltirab, xanjar tushib ketdi. Bu holga o'zi ham tushunmadi. Kimgaki qilich ko'targan bo'lsa, albatta, chavaqlab tashlardi. Rahm-shafqat nimaligini bilmasdi. Biroq bu safar qo'li ixtiyoriga bo'ysunmadi. Ayolni tepib yuborib, so'ngra pichoqni uloqtirdi. Cho'g'day gilam ustida bukilib qolgan Bedor bibining ustidan hatlab o'tib, haramni tark etdi. U ko'rinish berishi bilan Tog'ay lumboz belidagi qilichini sharaqlatib yugurib keldi-da, ikkala qo'lini ko'ksiga qo'yib:

— Hazratim, xizmatingizga muntazirman, — dedi.

— Qochoqlarni quvib ketganlar qaytishdimi? — so'radi Mamatg'uli va shu damda ko'zi ulkan darvoza tepasiga qo'nib turgan bir gala olashaqshaqlarga tushdi.

— Yo'q, oliy hazratlari, ular shu ketganlaricha bedarak.

Mamatg'uli bir muddat ko'zini yumdi. Jondor Ali uni sira kuttirib qo'ymasdi. Qaroqchilikda undan o'tadigani yo'q. Boshiga tashvish tushdimikin? Qandoq tashvish bo'lishi mumkin? Cho'l-biyobondan tortib, yaqin atrof tog'larigacha uning izmida bo'lsa! Mamatg'ulining xayoliga Davronqul shoh keldi. Uning amriga bo'ysunmay yurganini so'nggi paytlarda tez-tez eslardi. Hozir ko'nglida eng ishonchli, jasur sarkardasi ham o'zi kabi xiyonat qiladiganday.

— Ikki xufiyani tezda ortidan jo'natinglar. Jondor Alining kechikish sababini aniqlab qaytsin. Muhlat oftob botguncha! — buyruq berdi Mamatg'uli.

— Amringiz bosh ustiga, — deya Tog'ay lumboz orqasi bilan yurib uzoqlashdi.

* * *

Erg'ozi uch nafar alpqomat yigit va qarib, ozib-to'zib ketgan oq soqolli, oppoq yaktakli bir chol bilan qaytib keldi. Chol otning ustida zo'rg'a o'tirardi. Manzilga yetgach, yigitlardan biri uni otdan ko'tarib tushirdi.

— Zo'rg'a ko'ndirdim, — dedi Erg'ozi Xalil mergan bilan shahzodaning yoniga kelib, — shayx hazratlarining vafotini, uning makoniga hujum bo'lajagini eshitganidan so'nggina rozi bo'lishdi.

Mirzo ustozi bilan borib, cholga salom berdi. Keyin ikkalasi cholni ko'tarishib, chorpoya ustiga o'tqazib, hol-ahvol so'rashdi. Shunda cholga qo'shilib kelgan yigitlardan biri ularga otasining ko'zi ko'rmasligini, qulog'i ham og'irligini aytib, qattiqroq gapirishlarini so'radi. “Xo'p” degandek bosh qimirlatdi unga javoban Xalil mergan.

— Mening otim Bahodir toshvoy, — dedi chol baland ovozda. — Kim shunday pokiza odamning joniga qasd qildi?! Kimning haddi sig'di shunday qilishga?!

Cholning so'qir ko'zlaridan yosh sizib chiqdi, vujudi titradi. Qo'llari qaltirab, kirlanib ketgan yaktagining etagi bilan yuzidagi yoshni artishga urindi.

Uning savoliga birov yurak yutib javob berolmasdi. Zero, uning so'rog'i hammaning ko'nglini yumshatib yuborgan, to'planganlar bosh egib turardilar.

— Aytmasanglar ham eshitdim. Qani endi, ilgarigi kuch-quvvatim bo'lsa-yu, o'sha yaramasni o'z qo'llarim bilan bo'g'ib o'ldirsam!

— Ota! — dedi Xalil mergan. — O'sha yaramas endi hazratning uyini vayron qilmoqchi, atrof qishloqlarning kulini ko'kka sovurmoqchi. Yordam so'rab sizni chaqirdik.

— Nechtasizlar?

— Yuzga yaqin.

— Shuncha odamning qo'lidan kelmaydimi bitta qaroqchini daf qilish? Bobomning bobosi buyuk sarkardaning qo'shinida xizmat qilgan. Bir o'zi o'nlab dushmanni yer bilan yakson qilgan. Qaniydi, yosh bo'lganimda edi, — deya chol boshini sarak-sarak qilib oh tortdi.

Muhammad mirzo unga kosada suv tutdi. Bahodir toshvoy yutoqib chanqog'ini qondirdi. So'ng lablarini yengiga artdi.

— Uchta bahodir nevaram bilan keldim. Mushkulingizni oson qilishga yordam beradi. Meni hazratning qabriga oboringlar, ziyorat qilayin. Unday odamlar juda kam keladi bu dunyoga.

— Siz damingizni oling. Ungacha biz nabiralaringiz bilan gaplashib turamiz, — dedi unga Xalil mergan.

Alpqomat yigitlardan ikkitasi toshvoylik san'atidan xabardor ekan. Shunda ham bobolari kabi mukammal egallamagan ekan bu usulni.

— Shunisiga ham shukr. Muhimi, sizlar jismonan baquvvatsiz. Shu holingizdayam uch-to'rt dushmanni bemalol yenga olasiz. Albatta, bu kam, — dedi yigitlarning gaplarini tinglab bo'lganidan keyin shahzoda.

Uning gapini eshitgan yigitlar bir-birlariga qarab qo'yishdi. Nigohlarda: “Bahomizni ancha tushirib yubordimi?” degan ma'no sezilardi. Biroq ular xafa bo'lishmadi, kuchlarini jangda ko'rsatishni ko'ngillariga tugib qo'yishdi.

Shundan so'ng Xalil mergan temirchilar bor-yo'qligini surishtirdi. Olti kishi o'rtaga chiqdi. Lekin ularning birontasida ham dastgohi yo'q edi. Boshi qotib, yigitlar bilan gurunglashib turgan mirzoning yoniga qaytayotganida, cho'l tomondan uch otliq yelib kelib qoldi.

Avval ularga mirzo ro'baro' bo'ldi. Kelganlardan biri shahzodani tanir ekan, ulovidan tushiboq, mirzoning qo'lini o'pdi. Shayxning o'limidan xabar topgani, nihoyatda afsusdaligi va uning uchun ham shogirdining qo'lini ko'ziga surganini aytdi.

— Biz savdogarmiz, karvonimiz ikki chaqirim narida. O'zingizga ayon, zamon notinch, yo'lda qaroqchilarga duch kelish xavfli esa-da, shayxning vafot etganini, Hindistondan ulkan savdo karvoni kelayotgani xabarini eshitib, yo'lga otlandik. Inshoolloh, shu yergacha omon-eson yetdik. Yo'lning narigi qismi xavfsizroq, — dedi po'rim kiyingan kishi.

— Xush kelibsizlar. Lekin bu safar avvalgidek sizga xizmat ko'rsatolmaymiz, taqsir, — dedi Muhammad mirzo.

— Siz sirayam bezovta bo'lmang. Toliqqan odamlarimiz salqinlasa, shuning o'zi kifoya.

— Sarbon karvon bilan birgami?

— Albatta. Keyin, — deya mirzoni chetroqqa tortdi savdogar, — sizga aytadigan muhim gapim bor.

— Bemalol. Biroq ortiqcha yumushga vaqtim yetmas, deb afsusdaman.

— Aslo ortiqcha yumush emas. Xabaringiz bor, biz shayx hazratlarining makonida juda ko'p mehmon bo'lganmiz. Hazratning purhikmat gaplarini eshitish baxtiyam nasib etgan. Shu bois hazratning qaroqchilar qo'lida jon taslim etganini eshitib, yuraklarimizga qasos alami tinchlik bermaydi. Tokay yo'lto'sarlardan pusib, qo'rqib yashaymiz?

— Gaplaringizga qo'shilaman. Agar karvonning boshlig'i shohga…

— Taqsir, saroy alg'ov-dalg'ov bo'lib yotibdi. Shahzodalar taxt uchun bir-birini g'ajish bilan band. O'tgan haftaning muqaddas juma kuni besh yoshga to'lgan shahzoda qatl etildi. Onasi kanizak ekan, aqldan ozdi, sho'rlik… Xullas, gap ko'p. Biroq hozir sizga mulla Akbar janoblarining taklifini yetkazmoqchiman. Agar rozi bo'lsangiz, hozirdanoq tayyorgarlik ko'rmoq lozim bo'ladi.

— Qulog'im sizda. Garchi gaplaringiz ma'qul kelmasa-da, hech bir so'zingiz e'tiborimdan chetda qolmaydi.

— Mulla Akbar janoblari saralangan o'ttiz sipoh va to'rt tuyada qurol-yarog' bilan kelayotir. Maqsadimiz o'sha qurollaru sipohlar yordamida kundan-kunga quturib ketayotgan qaroqchilar to'dasini bir yoqli qilish va shu bahonada karvon yo'lining xavfsizligini ta'minlab, shayx hazratlarining ham xunini olish.

— O'ch olish bizga buyurilmagan. Ammo hozir qaroqchilarga qarshi jangga tayyorgarlik ko'rayapmiz. Ularning kichik bir galasiga kutilmaganda hujum qilib, mahv etishga erishdik. Lekin asosiy kuchiga bas kelolmaymiz. Qaroqchilar soni bisyor. Shoh qo'shini bilan ham bemalol jang qiloladi… Taklifingiz ayni vaqtida bo'ldi. Sipohlaru qurollarni jon deb qabul qilamiz.

— Unda men Akbar janoblariga gaplaringizni tezda yetkazaman, — deb savdogar mirzoning qo'lini siqib qo'ydi.

Xalil mergan shahzoda bilan savdogarning gurungi tugashini kutib turgan edi. Savdogar otiga qamchi urib, tulporini choptirib ketganidan keyin mirzoga savol nazari bilan qaradi.

— Bizning qurollarimiz bor endi. O'ttiz nafar sipohga ham ega bo'ldik.

— Tabriklayman, — deb ustoz shogirdining yelkasiga qoqib qo'ydi.

— Endi jangga yaraydigan odamlarimizni imkon qadar qilichbozlikka o'rgatish lozim. Tag'in puxta bir reja ham tuzmog'imiz kerak.

— Sipohlarning yetib kelishini kutaylik. Ulardan ham foydalanamiz.

— Ma'qul, unda tezda omborni hozirlaylik.

Ko'p o'tmay karvon yetib keldi. Sarbon elliklardan oshgan zarbof to'nli, qora soqolli, to'ladan kelgan kishi ekan. U mirzo va Xalil mergan bilan iliq ko'rishib, ta'ziya bildirgan bo'ldi. So'ng to'rdagi chorpoyaga chiqib o'tirdi. Choydan bir-ikki ho'plab, sipohlar va qurollar to'g'risida og'iz ochdi.

— Boshimiz osmonga yetdi, — dedi mirzo uning so'zlarini tinglab turib, — jang qilmoq shunday bir valiy insonning shogirdiga gunoh, degan o'yda o'zimni qiynayman. Ammo busiz osoyishtalik ko'rinmayapti.

— Siz aslo ko'nglingizni buzmang. Hammamizning boshimizdagi tashvishni birgalikda hal qilmasak, qurbonlar soni ortib ketaveradi.

— Ammo biz ozchilikmiz. Buning ustiga, qo'shinimiz dehqonu kosiblardan iborat. Katta qaroqchi to'dasiga bas kelishimiz qiyin, deb o'ylayman.

— Ha, og'ir. Garchi mening yonimda yaxshi tayyorgarlik ko'rgan sipohlar bo'lsa-da, ular ham ojiz. Nazarimda, harbiy hiyla kerakday, — dedi mulla Akbar qop-qora soqolini silarkan, o'tkir nigohini shahzodaga tikib.

— Qulog'im sizda. Taklifingiz bo'lsa, bajonidil.

— Hamlani bugundan qoldirmang. Shu tunning o'zidayoq dushman qarorgohiga bostirib bormoq lozim. Qo'qqisdan qilingan hujum har qanday qo'shinni sarosimaga soladi. Siz tomondan talofat kam bo'ladi va inshoolloh, qo'lingiz baland keladi. Yurt kezib, odamlar bilan gurunglashib, kitoblar o'qib, o'zimcha ulardan ba'zi xulosa chiqaraman.

Mirzo Xalil merganga qaradi. Mergan peshonasini tirishtirib, bir muddat o'yga tolarkan, dedi:

— Buning ham o'ziga yarasha muammosi bor. Oddiy odamlarning qo'lidan kelarmikan qo'qqisdan hujum qilish?

— Ular bizga faqat yordamchi vazifasini o'tab berishadi, — dedi mirzo. — Agar hisoblab chiqsak, jangga har tomonlama tayyor bo'lganlar soni qirqdan oshadi. Menimcha, mulla Akbar janoblarining aytganlarida jon bor.

— Men, — dedi ustoz-shogirdga bir-bir qarab olgan sarbon, — karvonning yo'lga chiqishini kechiktiraman. Qo'riqchilar ham sizga yordam beradi.

— Muruvvatingizdan boshimiz osmonga yetdi… Karvon bilan kelganlar dam olsinlar. Quyosh botishidan avval yo'lga chiqamiz.

Bu paytda Mamatg'ulining juldur kiyimli ayg'oqchilari qo'nalg'aga yetib kelib, bu yerdagilarga aralashishga ulgurishgandi. Ular karvonsaroyning allaqachon kuli ko'kka sovurilgan bo'lsa kerak, degan xayolda edilar. Biroq Jondor Ali tugul, hatto uning birorta sarbozini ham ko'rishmadi. Ammo otlari sayisxonada bog'liq turardi. Shu hol ayg'oqchilarni ajablantirdi. O'zlarini go'llikka solib, otlarga suv berayotgan odamdan qaroqchilarni surishtirishdi. Otboqar og'zi qulog'igacha yoyilib qaroqchilarni qanday qilib yer bilan yakson etishganini, so'ng o'ra qazib ko'mib tashlaganlarigacha oqizmay-tomizmay gapirib berdi. Keyin jo'shib ketib, qaroqchilar to'dasini butkul qirib tashlashga tayyorgarlik ko'rayotganliklarini ham gullab qo'ydi. Ko'rinishidan dehqonga o'xshash bu ikki notanish kishi shahzoda bilan uchrashishni va yo'lto'sarlarni daf qilishda ular ham ishtirok etishini taklif qildi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (32-qism)

 

loading...