Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (34-qism)

0

Xufiyalarning yuzida tabassum paydo bo'ldi: “Shunday sharafli ishdan chetda qolmaganimiz uchun Ollohga beadad shukronalar aytamiz”, deyishdi ular. Biroq hayal o'tmay, juftakni rostlab qolishdi. Bu payt hamma o'z ishi bilan ovora edi. Xalil mergan, Erg'ozi, Mulla Akbar va shahzoda dushmanga tunda hujum qilish rejasini tuzib chiqishdi. Muhammad mirzoning ko'rgan-bilganlari asosida xarita chizildi.

Kun shahzodani nihoyatda toliqtirgan edi. Shu bois maslahat oxirlagach, dam olib, volidasi bilan gurunglashmoq niyatida hujraga kirdi. Uni ko'rib Zebo bilan birga Farvizning ham chehrasi yorishib ketdi.

— Eshitishimga qaraganda, — dedi Zebo o'g'lining peshonasidan o'pib qo'yarkan, — bugunning o'zidayoq yo'lga tusharmishsiz.

— Ha, ona, boshqa ilojimiz yo'q. Chunki ochiq maydonda qaroqchilarga qarshi turolmaymiz. Tun — biz uchun eng afzal fursat. Ularni g'aflatda bosgan afzal. Birinchi hamladayoq yakson qilmog'imiz lozim.

Farviz yigitning gaplarini eshitarkan, bir qalqib tushdi. Ko'z o'ngidan onasi, boshqa ayollar, otasi o'tdi.

— Hamma qilichdan o'tkaziladimi? — so'radi u hayajonlanganidan ko'ksi ko'tarilib tusharkan.

— Asir tushganlarga teginilmaydi.

Farvizning boshi egildi, kipriklari pirpiradi. Ikki o't orasida qolgan qiz hatto yig'lashgayam o'zida kuch topolmasdi.

— Garchi, — dedi uning ahvolini payqagan shahzoda, — dadangiz bizga ashaddiy dushman bo'lsa-da, shamshirini tashlasa, ziyon yetkazmaymiz.

— Qaysar otam shu kungacha birovga bosh egmagan. Bir paytlar qo'rqmay shohning qo'shinlari safidan chiqib ketgan ekan. U jon taslim etgandagina shamshirni tashlar, ehtimol.

— Hammasi Ollohdan. Bizning zafar qozonishimiz ham, mag'lub bo'lishimiz ham gumon. Shu bois hech qaysimizning aza tutishga haqimiz yo'q.

— Ammo, — deya so'z boshlagan Farvizning ovozi titrab ketdi, — har ikki holdayam men azadorga aylanaman. Ishqilib, Xudoning qahriga duchor bo'lmasaydim, deb qo'rqaman.

— Qizim, — deb Farvizni quchdi Zebo, — biz ayollarning hamisha boshimiz egik. Neki ro'y bermasin, ko'nikishga majburmiz. Mening bu yerlarda yurishimga sabab — o'jarligim. Ishoning, otam hayotmi, yo'qmi, hali-hanuz bilmayman.

Farviz entikib, ayolning ko'ksiga boshini qo'ydi.

Mirzoning ko'ngli buzildi, Farvizning qoshida o'zini aybdor his eta boshladi. Ayni damda o'zini oqlashga bir og'iz so'z topolmadi. Qanday qilib oqlasin? Agar Farvizning padari o'ta ketgan qonxo'r, yo'lto'sar bo'lmaganida, unga qarshi borarmidi? Hech qachon! Mirzo ustozining xunini olmoqchi emas. Zero, uning ongiga Ahmad shayx o'ch olish gunohligini singdirgan. Biroq osoyishtalik, erkin nafas olish uchun qaroqchilarga qarshi jangga kirishi shart. Ko'nglidan kechgan o'ylarni mirzo ichiga yutdi. Hozir hujradan chiqib ketish unga ma'qul ko'rindi. U bo'sag'ani hatlab chiqishi bilan o'zini “otangman” deb tanishtirgan Mahmudga duch keldi.

— O'g'lim, ko'zlaring kirtayib qolibdi. Ayollar o'tirgan joyda ham halovat topmagandaysan. Yaxshisi, ombor yonidagi hujraga kir. Ham salqin, ham birov xalal bermaydi, — dedi Mahmud mehr bilan shahzodaga tikilib.

— Rahmat, ota, — deb jilmaydi mirzo xiyol boshini egib, — hozir dam olishim o'rinsiz.

— Lekin boshqalarning taqdiri sening qo'lingda, shu bois dam olishing kerak, bolam.

— Xo'p, aytganingizni qilaman.

Mirzo qattiq toliqqan ekan, yotiboq uxlab qoldi. Tushida yoniga shayx Ahmad kelibdi. “Olloh senga quvvat berib turgan paytda uxlashing nojoiz. Tezda o'rningdan tur-da, yo'lga tush. Yo'qsa, dushmanning o'rniga seni g'aflat bosadi”, deb shayx g'oyib bo'libdi.

Shahzoda cho'chib uyg'ondi. Atrofiga alanglab, nimalarnidir qidirdi. So'ngra o'rnidan turib, tashqariga yo'naldi. Quyoshning botishiga bir terak bo'yi qolgan edi. Ustozini qidirib topib, hozir yo'lga chiqish lozimligini aytdi.

— Hali biroz bor-ku, — hayron bo'ldi Xalil mergan.

— Shoshmasak bo'lmaydi. Odamlarining qaytmaganidan xavotirga tushgan Mamatg'uli jangga shaylanib kelsa ajabmas.

— Ha, manzilga barvaqt yetishning ziyoni yo'q, chamamda. Men darhol hammani oyoqlantiraman.

Bir qarashda ko'pday, ammo bor-yo'g'i ikki yuz chog'li jangchilar yo'lga tushishdi. Zebo o'g'lining oldda ketayotganini ko'rib, ko'zi namlandi. Endigina topdim degandi, hali hidiga ham to'ymagandi o'g'lining. Darrov ajralib qoladimi? Buncha sho'rpeshona bo'lmasa. Yonginasida turgan Farvizning ahvoli esa, unikidan-da og'ir.

* * *

Ayg'oqchilarning xabarini eshitgan Mamatg'uli o'rnidan sapchib turib ketdi. Ko'zlari olayib, qo'llari musht bo'lib tugildi.

— Jondor Ali yutqazibdimi?! — qayta so'radi ayg'oqchilardan.

— Ming afsus, shunday, olampanoh, — javob qildi ayg'oqchilardan biri.

— Bunchalik fitna yosh bolaning boshiga qaydan keldi?! — o'kirib yubordi Mamatg'uli.

— Hazratim, Xalil ismli bir zot bor ekan karvonsaroyda. O'sha Jondor Alining mag'lubiyatiga sababchi emish.

— Xalil mergan?! — baqirdi peshonasi tirishib ketgan Mamatg'uli.

— Shundoq.

— Nahotki u haliyam tirik bo'lsa?! Ikki bor duch kelganman u nobakorga. Nursulton shohning bahodirlaridan edi u. Ammo o'shanda ularni mag'lub etgandik-ku! Men uning oyog'ini yaralagandim. Boshqa sarbozlar ixtiyoriga tashlab ketgandim. O'ldirisholmabdimi?!

Mamatg'uli yolg'on so'zladi. U, haqiqatan ham, Xalil mergan bilan qilichbozlik qilgan, ammo kuchi yetmay, qochib ketgandi. Qochayotib merganning oyog'iga kamon o'qi sanchilganini ko'rgandi. Lekin qaytib borishining imkoni bo'lmagan.

— Endigi safar mening changalimdan qutulolmaydi. Ikkimiz ham qaridik, — deya so'zladi Mamatg'uli o'ziga-o'zi gapirganday, so'ng ayg'oqchilarga yuzlandi. — Dahaboshiyu yuzboshi, saroyning barcha a'yonlariga yetkazing: jangga hozirlik ko'rishsin. Bugunoq Ahmad shayx makonining kulini ko'kka sovuramiz.

Ayg'oqchilar chiqib ketishdi. Mamatg'uli yoniga Tog'ay lumbozni chorladi.

— Afsuski, Jondor Alidek pahlavon fitna qurboni bo'libdi, — dedi Mamatg'uli qo'llarini qovushtirib. — Shu boisdan so'l qanot qo'shinini sen boshqarasan. Aslida, Alining boshini tanasidan o'zim judo etgan bo'lardim! — deya kutilmaganda baqirib yubordi u. — Yaramas, shuncha jangu jadal ko'rib ham, fitnaga duch keladimi?!

Mamatg'ulining beixtiyor shamshirini qinidan sug'urganini ko'rgan Tog'ay lumbozning yuragi shuv etib ketdi va haykalday qotib qoldi.

— Xo'sh, — dedi Mamatg'uli Tog'ay lumbozga qararkan, — eplaysanmi?!

— Hazratim, amringiz vojib.

— Xushomadni boplaysan-da, eshak. Evaziga nima hadya etasan menga?

— Avvalo, jonim ixtiyoringizda, olampanoh. So'ngra o'sha jinoyatchining boshini oyoqlaringiz ostiga keltirib tashlayman.

— Yaxshi. Hozir miyamga bir fikr keldi. Butun boshli qo'shinimizning bor-yo'g'i ikki yuz chog'li olomon bilan jangga kirishishi, bu — biz uchun sharmandali hol. Shu bois o'zingga atalgan qo'shin bilan Ahmad shayxning qarorgohini vayron etib kelasan. Birorta ham sog' odam qolmasin.

— Amringiz bosh ustiga!

Tog'ay lumboz orqasi bilan yurib, Mamatg'ulidan uzoqlashdi.

Oftobning tig'i qaytdi. Yo'lga tushish vaqti yetdi. Tog'ay lumboz o'ziga topshirilgan qo'shinni to'plab, yo'lga tushganida, Muhammad mirzo jangchilari bilan cho'lning bir qismini bosib o'tgan edi.

* * *

Biyobonning toqqa tutash qismidan ikki chaqirim berida qurib qolgan daryo o'zani bor edi. Bu yerdan faqat qish va bahor oylarida suv oqardi. Mirzo boshlab ketayotgan jangchilar shu yerga yetganda Xalil mergan to'xtashni buyurdi.

— To'g'ridan bormaylik, — dedi u shahzodaga. — O'zan bo'ylab toqqa yetish kerak. Undan naryog'iga tog' yonbag'irlab yuramiz. Shunda uzoqdan ko'zga ko'rinmaymiz.

Mirzo uning gapini eshitib, o'zanning narigi tarafiga o'tiladigan manzilga qaradi. Oyning xira yorug'ida tog' elas-elas ko'zga tashlanardi.

Xalil merganning gapi ma'qul tushdi. Garchi chor-atrof zimiston esa-da, yalanglikda otlarning dupuri uzoqlargacha eshitilardi. Boz ustiga, Mamatg'uli qo'riqchi qo'ygan bo'lishi ham mumkin.

— Siz haqsiz, ustoz, — dedi shahzoda Xalil merganning yoniga kelib, — tog' yonbag'ri ancha qulayga o'xshayapti.

Tog'ay lumboz qo'shini ham bu paytda aynan o'sha joyga ot tortib kelayotgandi. Kunduz kuni raqiblar, albatta, bir-birlarini ko'rgan va shu joydayoq qirg'inbarot boshlanib ketgan bo'lardi. Xalil merganning mudom tadbir qo'llab, reja tuzib kelayotgani, har qadamni mo'ljallayotgani xavfli to'qnashuvning oldini oldi.

Ular toqqa yetganlarida oy xiyla ko'tarilgan, sovuq epkin esmoqda edi. Oldingi qatordagilarning diqqati oshgan, ular orasida manzilga qancha qolganini biladiganlarning ko'ngildagi hayajoni ortib borardi. Shu boisdan ham, soylikdan o'tgach, entikib nafas olishdi. Shu tariqa sakkizta soylik ortda qoldi. To'qqizinchi soylikning narigi tomoniga o'tganlaridan so'ng, qalin daraxtzorlar orasida shu'la ko'rindi. Muhammad mirzo otning jilovini tortib, yorug'lik chiqqan tarafga sinchkovlik bilan nazar soldi. Uning yoniga Xalil mergan keldi.

— Rejamiz bo'yicha, — dedi mirzo bezovtalanayotgan otining jilovidan tortib, — qo'qqisdan hujum qilamiz. Nazarimda, qo'riqchilardan boshqa hamma uyquda. Avval saroy eshigidagilarni gum qilish kerak. Keyin bir qismimiz ichkariga, boshqalar sarbozlar yotgan uylarga bostirib kiradi. Lekin sezdirmay hujum qilishimiz lozim. Men saroyga yopiriladiganlarni boshlab boraman. Qolganlar siz tan.

— Ma'qul, — dedi Xalil mergan. — Unda savdogar yigitlarning yarmini siz oling. Har qalay, saroydagilar saralangan bo'ladi. Toshvoy ham sizning ixtiyoringizda bo'lgani ma'qul. Bosh qaroqchi yo'q qilinsa, ilonning boshi yanchilgani. Faqat tezkorlik zarur, toki ular o'zlarini o'nglab olishga ulgurmasin. Qani, omin, Xudoning o'zi madadkor bo'lsin!

Yuzlariga fotiha tortilgach, mirzo o'ziga tegishli sarbozlarni ajratib olib, ular bilan pastlikka ena boshladi. Biroz yurib, daraxtzorga duch kelishdi. Shu yerda otlaridan tushishdi. Mirzo to'xtab, ortiga o'girilib, jangchilarini birma-bir ko'zdan kechirdi-da, qo'li bilan “olg'a” ishorasini qildi. Ular saroygacha pisib kelishdi. Keyin bir muddat emaklab, daraxtzor bilan darvoza oralig'idagi masofaga yigirma qadamcha qolganida, shahzodaning ishorasi bilan hamma to'xtadi.

— Kamonchilar, boshlang! — dedi u shivirlab. — O'qlaring xato ketmasin, yo'qsa, shovqin ko'tariladi.

Darvoza va devor tiklanganidan beri hali bu yerlarga yov dorimagan, devor tepasida qo'riqchi ham yo'q edi. Faqat darvoza tagida olov yoqib, ikki posbon bir-biriga suyanib uxlashar, yana ikkitasi u yoqdan bu yoqqa borib kelardi. Ular gulxan yoniga kelib, ortga o'girilgan paytda daraxtzor ichidan otilgan paykonlar har ikkisining bo'yniga sanchildi. Baqirishga ham ulgurmagan qo'riqchilar ag'darilgan qopdek gupillab qulashdi. Shu zahoti daraxtzor orasidan chiqqan jangchilar hash-pash deguncha olov taftidan lazzatlanib, xurrak otayotgan qo'riqchilarni gumdon qilishdi. Mirzo darvozaga qapishib, ichkariga quloq tutdi, so'ng sekin darvozani itardi. Oshiq-moshig'i zanglab qolgan darvoza tabaqasi g'iyqillab ketdi. Tez-tez qo'riqchilar kirib chiqqanlari bois, ichkaridagilar uchun bu odatiy hol edi. Shu bois ichkaridagi soqchilar e'tiborsiz bo'lishdi. Bostirib kirganlarni ko'rishganida esa, kech bo'lgan edi. Ketma-ket beshta soqchi kamon o'qining qurboniga aylandi.

Mirzo yigitlarining asosiy qismini saroyning maxsus qo'shinlari yotadigan uyga jo'natdi. O'zi qolganlar bilan saroy eshigiga yaqinlashdi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (33-qism)

 

 

 

loading...