Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (36-qism)

0

U o'rnidan turdi. Ikki qadam yurgach, yon-verini kuzatib, yana ikki qadam yurib, alanglab mo'ljallagan joyiga qarab ketaverdi. Sira yo'li ko'paymadi. Bu ahvolda tong otib, quyosh chiqquncha ham oltinlarini bekitgan joyga yetolmaydi. Shoshilish kerak! Shoshilish… Mamatg'uli yugurdi, biroq yuz qadamcha bosmayoq charchab qoldi. O'hho', yoshligida oyog'idan o't chaqnar, ovqat yeb to'ymas, jang qilib charchamasdi. Endi to'rt qadam yugursa, o'pkasi chiqib ketay deyapti. Lekin nima bo'lgandayam tezroq yetib borishi shart.

U xufiya yo'lakka kirgach, boyliklarini olishni keyinga qoldirdi. Farvizning onasini o'ldirmasa, ko'ngli tinchimasligini anglab yetdi. Shu bois yo'lakning oxiriga yetib, yotog'iga kirdi. Baxtiga, uchta xotini yotog'ida ekan. Musichaday bir-biriga yopishib, qunishibgina turishardi. Ularning orasida qizil shoyi ko'ylak kiygan Bedor bibi ham bor edi. Mamatg'uli yoniga kirganida ko'zi quvnasin deb kiyadigan kimxob ko'ylakda. “O'zini kimga ko'rsatmoqchi? Hali men o'lmay turib, taloq olmay turib, yasan-tusan qilvolibdimi?! Nima, mening sho'rishimni bayram qilmoqchimi?” o'yladi u va sekin pardani ochdi. Xuddi shu mahal Bedor bibi ham u tomonga qaragan edi. Mamatg'uli tishlari g'ichirlab, belidagi xanjarini qo'liga oldi.

* * *

Tog'ay lumbozning qaroqchilar to'dasi qurib qolgan soy o'zaniga tushib to'xtadi. Lumboz ortiga burilib, to'dani bir qur ko'zdan kechirdi. Hammasi joyida, sheriklari jam. U otining biqiniga niqtadi. Shu payt tog' tomondan qulog'iga noxush shovqin eshitilib, Lumboz sergaklandi. Shovqin elas-elas eshitilardi. “Bo'rilarga o'xshaydi, — xayol qildi u, — shu mahalda bizdan boshqa kim ham izg'irdi?” Xayolidan o'zini bo'riga mengzab kulgisi qistadi. Bo'ri — zo'r hayvon-da. Yirtqich. Quyon yoki tulki boshqa, bo'ri mard. Kunduz damini chiqarmay yotadi-da, ishini oqshom bitiradi.

Ular yana talay muddat yurishdi. Qaroqchilarning ba'zi birlari uyqusi kelib, ot ustida munkib ketardi. Nihoyat, miltillagan shu'la ko'rindi. Lumboz otining jilovini tortib to'xtatdi-da, sarbozlariga: “Manzilga yetib qoldik. Jang har doimgidan og'ir bo'ladi. Biz karvon talagani borayotganimiz yo'q. Aynan jonimizga qasd qiluvchilarni yo'q qilishga otlanganmiz. Shunday ekan, bir jonu bir tan bo'lib, dushmanni qirib tashlamog'imiz darkor. Amirimiz uqtirganlaridek, ilonning boshini ajdarga aylanmasdan burun yanchmog'imiz darkor!” dedi va shunday gaplar xayoliga kelganidan xursand bo'lib ketdi. Mamatg'uli bu gaplarini eshitganida edi, shubhasiz, kanizaklaridan birini in'om etib yuborardi. O'ziga qolganda u kanizaklarni emas, balki Bedor bibini tanlagan bo'lardi. Yoshi qirqni qoralagan bo'lsa-da, haliyam o'n olti yashar qizchaday. Lumboz har ko'rganda malika unga o'tli nigohini qadaydi. Lumbozning yuragi o'ynab ketadi. Bibining ko'nglida o'ziga tegishli nimadir borligini ich-ichidan his etadi, entikib qo'yadi. Hali u, hali bu bahona bilan haramga kirib-chiqib turadi. Ko'zi Mamatg'ulida-yu, o'y-xayoli Bedor bibida bo'ladi. O'tib qolarmikan, kelib qolarmikan, diydorini ko'rarmikanman, degan xayollar og'ushida shirin entikib qo'yadi. Agar hozir anavi jinqarcha bilan Farvizni tutib topshirsa, Mamatg'uli birortasini in'om etar. Axir haftada ikki-uch marta jonon bo'luvchilarning ko'nglini ovlash joniga tegib ketdi. Shunday o'y-xayollar girdobida Lumboz otining qorniga niqtadi.

Ko'p o'tmay osmon yorishdi. Qaroqchilar to'dasi yurishdan to'xtadi, hammaning ko'zi osmonda. Tun yarimlagan pallada osmonning birdan yorishib ketganidan qaroqchilarning yuraklariga qo'rquv tushdi. Lumboz mingan otning oyoqlari titray boshladi.

— Bek, — dedi tulporini uning yoniga choptirib kelgan sarbozlardan biri, — esingizdami, shayx kaltaklanganida qiyomat-qoyim qo'pishiga oz qoluvdi. Qarang-a, osmon bemahal yorishib ketdi, bu ne balo-qazoning alomati ekan? Hammamizni yer yutmasa mayliydi. Balki, ortga qaytarmiz…

— Yo'q! — deb baqirdi Lumboz. — Amirimizning yoniga yorug' yuz bilan qaytishimiz darkor! Biz…

Uning gapi og'zida qoldi. Ostida dag'-dag' qaltirayotgan ot cho'kkalay boshladi. Lumbozning jon-poni chiqib ketdi. Ot dumalab ketguncha o'zini yerga otdi. Shu mahal qaerdadir qasirlagan tovush chiqdi. Qaroqchilar beixtiyor ortga tisarilishdi.

— Bu harom o'lgurga nima bo'ldi?! — dedi Lumboz jahl bilan va tovush chiqqan tomonga o'g'rincha qarab qo'ydi.

— Bek! — dedi yonidagi sarboz. — Amirimizga ko'rgan-bilganlarimizni aytamiz. Zora, gunohimizdan kechsa. Ammo oldiga borish judayam xavfli! Bir baloga giriftor bo'lamiz!..

Lumboz vaqt-bevaqt aql o'rgataverib joniga tekkan bu sarbozning boshini uzib tashlashga shaylangan edi, qaerdandir gumburlagan ovoz eshitildi. Hali tovush tinmay turib, yer ilkis silkindi. Lumbozning ko'zi olaydi, qo'li bilan shamshirni ushlagan ko'yi tosh qotdi. So'ng yotsirab sarbozlariga qaradi: “Ishqilib, hozir ular meni tashlab ketishmasaydi”.

Tag'in osmon gumburlab, yer silkindi. Qibla yorishib ketdi. Demakki, bu yerda bir gap bor. Mabodo endi Ahmad shayxning uyini vayron qilsa — tamom! Jahannam olovi uning uchun naqdga aylanadi. Ko'p odamning yostig'ini quritdi. Talay bandalarga zulm o'tkazdi. Bu qilmishlari uchun tavba qilishni ko'ngliga tukkan. Agar shayxning muborak izlari qolgan dargohni kunpayakun qilsa… ikki dunyodan ham umidini uzavergani ma'qul. Chaqmoq urib yondirib yubormasa, yer yorilib, komiga tortib ketmasa…

— Gapingda jon borga o'xshaydi. Amir, baribir, bir yo'la hammamizni qirib tashlamas. Ortga qaytamiz, — dedi u sarboziga.

Qaroqchilar yengil nafas olishdi. Shu mahal oti ham oyoqqa turib boshini ortga burdi. Lumboz bunda ham o'zi anglamagan bir hikmatni payqaganday bo'ldi.

Yorishgan osmon tag'in qorayib, qaroqchilar to'dasi yo'lni orqaga solib to'xtamay yurdi. Sarbozlarning tinka-madori quridi. Ayrimlar otning yag'riniga o'tirib, egar ustiga mayda xurjunni o'ngarib, so'ngra boshini qo'yib pinakka ketdi. Lumboz ham bir necha bor esnadi. Lekin mizg'ishga haqi yo'q, shu bois, ot ustida goh o'ngga, goh so'lga shox tashlab ketaverdi.

G'aflat bosgan qaroqchilar qarama-qarshi tomondan kelayotgan yovni ilg'amadi. Ro'paradan qo'qqisdan chiqib kelgan bir to'da otliqni ko'rganlarida esa, oradagi masofa juda qisqa edi. Ustiga-ustak, Lumboz Mamatg'uli qo'shimcha kuch jo'natgan, shekilli, deb o'yladi. Biroq ko'zini yirib qaragach, otliqlar butunlay boshqa odamlar ekanini ko'rdi. Ular qilichini yalang'ochlagan, ko'zlarida g'azab o'ti yonardi.

— Dushmanlar! — qichqirib yubordi Lumboz. — Jangga!

Oldingi qatordagilar sergak tortishdi, ammo ortda kelayotganlar hali uyqudan bosh ko'tarmagandilar. Uyg'onganlari karaxt holda atrofga alanglardi.

Shahzoda boshliq to'da jangga kirishib ketdi. Mirzo avval Lumbozga zarba bergan edi. Biroq raqib chap berishga ulgurdi. Shundan so'ng Muhammad mirzo boshqalarni birin-ketin otdan qulata boshladi. U janggohni bir aylanib chiqqunicha, har ikkala tomondan ham talaygina jangchilar qonga belandi. Lumboz bilan mirzo yana ro'baro' kelishdi. Bu safar Lumboz shamshirini shahzodaning boshi uzra ko'tardi. Mirzo epchillik bilan chap berdi, uning qilichi havonigina kesib o'tdi, xolos. Qayta hamlaga shaylanganida Lumbozning yelkasini shamshirning o'tkir tig'i kesib o'tdi, u qilichini yerga tushirib yubordi. Mirzo garchi imkoni tug'ilgan esa-da, uning boshini kesmadi. Shunchaki yonidan o'tayotib, biqiniga tepdi. Lumboz yerga quladi. Shu payt kimdir baqirib Mamatg'ulining o'lganini e'lon qildi. Qaroqchilarning yuragiga vahima tushdi. Buning ustiga, Lumboz ham yaralandi. Qaroqchilar boshqaruvchisiz dovdirab qolishdi. Agar mirzo qo'lini yuqoriga ko'tarib jangni to'xtatmaganida, qaroqchilar bir boshdan qilichdan o'tkazilardi.

Mirzo o'ynoqlayotgan otning jilovidan mahkam tortarkan, baland ovozda:

— Shamshiringizni tashlang! Yo'qsa, juvonmarg bo'lasiz! — deb amr etdi.

Ilojsiz qolgan qaroqchilar shamshirlarini yerga tashlashdi.

— Otlardan tushing! Bir joyga jam bo'lib, tiz cho'kib o'tiring! — deya buyruq berdi mirzo.

Qaroqchilar bir-birlariga qarab olishib, so'ng birin-ketin o'zlarini otdan tashlashdi.

— Tuprog'ini ko'zga surib, tavof qiladigan joyni vayron etishga qanday haddingiz sig'di? — deya bor ovozda baqirdi shahzoda ham tulporidan tushib.

Hech kimdan sado chiqmadi. Buyruqqa Mirzoning sarbozlari ham bosh egishdi.

— Oliy jazoga loyiq bu qilmishingiz, hukmni ijro etish bizga tan. Bu sizlarga saboq bo'lsin, toki qazolaringiz yetguncha qiynalib yuringlar. To'rt tomoningiz qibla, ketavering. Ammo shuni unutmangki, siz ulug'imizning ruhini chirqiratdingiz, — dedi qaroqchilarga bir-bir ko'z yugurtirib shahzoda.

Uning amridan qaroqchilar tugul, o'zining jangchilari ham hayratga tushishdi, to'dada g'ala-g'ovur ko'tarildi. “Muqaddas tuproqni toptaganlari, begunohlarning qonini to'kkani uchun hammasining boshini tanasidan judo qilish kerak!” deya hayqira boshladi sarbozlar. Mirzo qo'lini yuqoriga ko'tarib, jangchilariga qarata:

— Bundan ortiq jaholat bo'lmas! — dedi.

— Biz sizning kimligingizni bilmaymiz! Bir bor qo'lga tushirib, keyin qochirib qo'yganimizdayoq, Xudo yorlaqagan odam ekanligingizni anglaganmiz. To'g'ri, ko'p karvonni taladik, ammo shayx hazratlarining makonlarini vayron qilmadik, — dedi kutilmaganda Lumbozni yo'ldan qaytargan qaroqchi.

Hamma burilib unga qaradi.

— Bu ahvolda qoldirib ketmang bizni. Qulingiz bo'laylik, xohlagan jazongizni bering, toki bo'ynimizdagi gunoh ozgina esa-da soqit bo'lsin!

Mahmadona qaroqchining gaplarini eshitib yarador Lumboz tishlarini g'ichirlatdi: “Tilini tiyib turmaydimi, ozod bo'lishardi. Keyin ularni bir joyga yig'ib bu mushtday yigitchaning ta'zirini berardi. Bu ahmoq esa qul bo'lishga tayyor. Beaql eshak, boshqalar nomidan gapirishni kim qo'yibdi senga?” U etigining qo'njiga qo'lini tiqib xanjarni oldi-da, qo'yniga joyladi.

Shahzoda aytarini aytib, ortga — tulporining yoniga qaytayotganida tuyqusdan ko'zi bezovtalanayotgan Lumbozga tushdi. Ikki kunlik mingboshi yarador qo'lini osiltirib o'rnidan turdi va mahmadona qaroqchiga yaqinlashdi. U qo'liga xanjarni olganda mirzoning eti jimirlab ketdi. Lumboz shamshirini havoga ko'targan mahal mirzoning qilichi uning ko'ksiga sanchildi. Lumboz bir lahzagina ixranib turdi-da, so'ng orqasiga quladi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (33-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (34-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (35-qism)

 

 

 

loading...