Urganchda “marixuana” savdosi bilan shug'ullanib kelgan shaxs fosh bo'ldi

0

Bojxonachilar tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasining oldini olish hamda ushbu moddalarni sotish va tarqatish bilan shug'ullanib kelayotgan shaxslarni fosh etishga qaratilgan tezkor tadbirlar muntazam o'tkazib borilmoqda.

Xususan, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo'limi xodimlari viloyat Davlat xavfsizlik xizmati va IIB xodimlari bilan hamkorlikda Urganch tumanida navbatdagi tezkor tadbirni o'tkazishdi.

Tadbir davomida, fuqaro S.A. shartli xaridorga 4 dona qog'oz parchasiga alohida qilib o'ralgan, og'irligi 6,26 gr “marixuana” giyohvandlik vositasini sotmoqchi bo'lganida ashyoviy dalillar bilan qo'lga olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning yashash xonadoni ham xolislar ishtirokida ko'zdan kechirilganida, xonadonda 2 dona qog'oz parchasiga o'ralgan og'irligi 9,1 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi hamda selofan paketda 38 dona “kannabis” giyohvandlik o'simligi urug'lari noqonuniy tarzda saqlanayotganligi aniqlandi.

Tadbir natijasida, jami vazni o'rami bilan 15,36 gramm bo'lgan “marixuana” giyohvandlik vositalari va 38 dona “Kannabis” giyohvandlik o'simligi urug'lari ashyoviy dalil sifatida olib qo'yildi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

loading...