Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (39-qism)

0

Mirzo unga yaqinlashib dedi:

— Hech vaqt yolg'on so'zlamaganman. Ko'rganimni aytdim sizga, xonim. Biroq qochayotib…

Farviz yalt etib mirzoning yuziga termildi. Yana nima derkin, deb gapirishini kutdi. Biroq uning nigohi shahzodani gapirishdan to'xtatib qo'ydi.

Oraga bir lahzalik jimlik cho'kdi. Tiliga boshqa so'z kelmagach, shahzoda chiqib ketishni ma'qul topdi. Farviz ko'zida yosh bilan uni kuzatib qo'yib, so'ng Zeboga o'girildi:

— O'g'lingiz meni yomon ko'radi. Xuddi otamni yomon ko'rganday, — dedi tap tortmay.

— Qizim, bu nima deganingiz? — deya Farvizga termildi Zebo.

— Nega yashiradi otamni o'ldirganini? Tirik qolgan qaroqchilarning hammasi asirga tushdi. Qo'shinga qo'shib olindi. Lekin otam yo'q. U qaroqchilarning boshlig'i edi. Uni o'ldiribgina qaroqchilarni yengish mumkin edi. Demak, uni o'ldirishgan.

Farviz o'tirib, boshini kaftlari orasiga oldi.

— Men oqpadarman, — deya so'zida davom etdi u, — otamning o'limiga men sababchiman. Shuning uchun har kuni tushimga kiradi, meni qo'rqitadi. Bu ahvolda bir kuni yuragim yorilib o'laman.

— Qizim, bunaqa gaplarni gapirmang. Sizda zig'ircha gunoh yo'q. Xudoning xohishi bu ishlar. Axir, tokaygacha begunohlarning qoni oqadi? Tokaygacha savdo karvoni talanadi?.. Siz o'g'limning nikohiga kirasiz, — deya Zebo Farvizning yoniga o'tirdi.

Qiz boshini ko'tarib, hayratlanib Zeboga qaradi. Bir so'z deyishga tili bormadi.

— Sizning yoshingizda men turmushga chiqqanman. Yosh ona bo'lganman. Siz menga nabira ato etasiz.

Bu gap Farvizning o'y-xayollarini to'zg'itib yubordi. U otasini unutdi. Ko'z o'ngida yerto'lada yotgan yosh xushbichim yigit namoyon bo'ldi. Farviz uni yerto'laga tashlanguncha ko'rgandi. Agar yaqindan ko'rmaganida, otasi asir yigitni qanday qatl etishini tomosha qilgan bo'lardi. Farviz yigitni o'shandayoq sevib qoldi… Lekin yigit uni yoqtirarmikan?

— O'g'lingiz meni bir kuni badarg'a qilmasa edi, deb qo'rqaman, — dedi yerga qarab Farviz.

— Sezib yuribman, uning ham ko'ngli sizda. Shuning uchun bu ishni paysalga solmaganimiz ma'qul. Yo'qsa, kimlardir uning boshi ochiqligidan foydalanib qolishi mumkin. U holda, adolat qaror topmaydi.

— Yoshligimdan erkaklar orasida ulg'aydim. Otamning xohishi shunday bo'lgandi. Hatto tuqqan onam ham menga begonaday qarayapti. O'g'lingizning esa ko'ngli judayam nozik. Oz qo'shini bilan bir necha hissa ko'p qaroqchilar to'dasini yer bilan yakson qildi. Uning shoh bo'lishi aniq. Shunday ekan, men uning ko'ngliga yo'l topolmasam, albatta, boshqa xotin oladi.

Farviz o'ziga-o'zi gapirayotganday yon-veriga qaramasdi.

Zebo uning paranjisini sekin boshidan oldi. Mayda o'rilgan uzun sochini silab, xo'rsinib qo'ydi.

— Aslida, taomil shunaqa, yurt podshosining bir necha xotini, kanizaklari bo'ladi. Men ham eng kichik xotin bo'lganman. Lekin ana shu balo hamma baxtsizliklarga sabab. Farzandlari Davronqul sultonning boshiga yetdi. Toju taxt uchun kurash shahzodalar orasida emas, balki malikalar o'rtasida kechmoqda… Xo'sh, shahzoda Muhammad mirzoga turmushga chiqishga rozimisiz?

Farviz javob bermadi. Sochining uchini o'ynab sukut saqladi. Zeboning zavqi keldi. O'zining kelin bo'lib tushgani yodiga keldi. O'shanda u hozirgiday xayol surib qolmagan edi. Qo'rqib ketuvdi. Xabarni yetkazgan onasiga qarab, qotib qoluvdi. Keyin zo'rg'a tili kalimaga kelib:

— Nasaf hokimining erkatoyi qari bir cholga xotin bo'ladimi?! — degandi kipriklarini pirpiratib.

— Biz har doim ojizmiz, qizim. Otangizning degani-degan. O'zingiz ham ehtiyotsizlik qilibsiz. Nursultonning xufiyalari ko'rib qolishibdi. Mabodo rozilik bermasangiz, sulton shahrimizni vayron etadi, — degandi sho'rlik ona ko'zidan duv-duv yosh oqizib.

Zeboning rozilik berishdan o'zga iloji qolmagandi. Cholning quchog'ida yotishning o'zi bo'lmadi. Biroq Zebo tishini-tishiga bosib chidadi. Keyinchalik o'rganib ham qoldi. Ammo kutilmaganda Davronqul bostirib keldi. Shohni qatl etib, saroyni vayron qildi…

Mahmudga esa, u o'z ixtiyori bilan turmushga chiqdi. Ko'ngil berib emas, balki yolg'izgina o'g'lini o'ylab. Keyinchalik unga ko'ngli ilidi. Chunki shoh choldan ko'ra, kambag'al esa-da, Mahmud ko'p bora ustun edi. Ko'ngli toza, ishqda ham jonbozlik ko'rsatardi. Ular qayta topishganlariga ko'p bo'lmadi-yu, biroq shu orada Mahmud o'zini tiklab oldi. Kuni kecha jangchilar qatoriga qo'shilaman, deb qoldi. Biroq mirzo unamadi. “Siz bilan onamdan bo'lak mening hech kimim yo'q. Sizlar duo qilinglar. Shuning o'zi dushmanga qarata otilgan o'q”, dedi u.

— Qizim, men sizni yolg'iz qoldiraman. Hali Bedor bibi bilan ham gaplashishim zarur. Zero, uning roziligisiz to'y qilolmaymiz, — dedi Zebo o'ydan forig' bo'lgach.

— Oyi, — deb yubordi kutilmaganda Farviz. U ilgari ham shunday degandi, biroq hozir bu so'zni mehr bilan aytdi. O'zi ham aytgan gapidan xijolat bo'lib qizardi va gapini davom ettirolmay qoldi. Zebo kuldi. Bo'lajak kelinining yuzidan o'pib qo'ydi.

— Siz zerikmasdan o'tiring, men yumushlarimni bajarib kelay, — dedi Zebo va paranji yopinishni unutib, tashqariga yo'naldi. Ayvonda Mahmudga duch keldi. Uning yonida sersoqol bir kishi bor edi. Ayol paranjisini esladi va birdan joyida to'xtab, ro'molining bir uchi bilan yuzini pana qildi. Bungacha Mahmudning yonidagi kishi uning yuzini ko'rishga ulgurgandi. Bu erkak temirchi edi. Oila qurish tugul, uyi ham yo'q, topgani qornidan ortmasdi. Buning ustiga, ota-onasi, qarindosh-urug'lari turli kasalliklarga chalinib, allaqachon olamdan o'tib ketishgan. Oila qur, farzand orttir, deydigan jonkuyari yo'q edi. Shu bois, yoshi ellikka yaqinlashib qolgan esa-da, hali-hanuz bo'ydoq edi.

Zeboni ko'rib uning yuragi birdan shig' etib ketdi. Yurishdan to'xtab bir zum ayoldan ko'zini uzolmay qoldi. Yaxshiyamki, ayolning jufti haloli Mahmud bir qadam oldinda va u ham xotiniga qarab turardi. Shu bois ortidan kelayotgan odamning nigohini payqamadi. Biroq Zebo begona erkakning nigohi qarshisida o'ng'aysizlandi. Uyalganidan o'zini qo'yarga joy topolmay qoldi.

— Yopinishni unutibsizmi? — dedi ko'nglida rashk olovi alangalay boshlagan Mahmud.

— Uzr, begim, unutibman. Hoziroq xatomni to'g'rilayman, — deb izn tekkanidan xursand bo'lgan Zebo ortiga qaytib ketdi.

O'sha uchrashuvni Zebo ham, Mahmud ham tezda unutishdi. Uni eslashga vaqt ham bo'lmadi. Chunki qo'shin safarga otlanayotgan edi. Ammo temirchi Safarmurodning halovati yo'qolgan va har onda malika yodiga tushardi. Har safar Zebo istiqomat qilayotgan hujra yonidan o'tayotganida umid bilan eshikka qarab qo'yardi.

Nihoyat, qo'shin jangga otlandi.

Jangchilarni kuzatganlar xuddi urushga ketayotganlar tezda qaytadigandek, talay muddat ularning ortidan qarab turishdi.

Shu kuni kechgacha qarorgohda qolganlar xomush yurishdi. Temirchi esa jangga ketganlarni o'ylamas, aksincha, o'y-xayoli Zeboda, qo'li ishga bormasdi. Vaholanki, yumush bisyor. Otlarga taqa yasashi kerak, qilichlar damini o'tkirlashi zarur… U bo'lsa, yangi qurilgan ustaxonaning bir chetida o'tirib, xayol surish bilan ovora. “Uning eri bor, yomon ko'z bilan qarashim gunoh. Nima o'yda yurganimni birov payqasa ado bo'laman”, derdi o'ziga-o'zi Zeboni unutishga urinib. Biroq go'yo sehrlanganday, ko'z o'ngida mudom o'sha ayol namoyon bo'laverardi. Hatto “Nima bo'lsa bo'ldi, hujrasiga kirib, yana bir ko'rib kelaman”, degan xayolga ham boradi-yu, tezda bu niyatidan qaytadi. Shunday iztiroblar iskanjasida o'tirganida, kutilmaganda o'choq boshidan o'sha — ishqida yongan ayol o'tib qoldi. Ayol paranji yopinib olgan, biroq chachvoni ochiq edi. Shu bois, temirchi ko'nglining malikasini aniq-tiniq ko'rdi va o'rnidan sapchib turdi. Shu mahal Zebo ham u tomonga ko'z tashlagandi, nigohlari to'qnashdi.

* * *

Shahzoda boshlab ketayotgan qo'shin cho'lning o'rtasiga yetganda, sochilib yotgan suyaklarga duch keldi. Mirzo otining jilovini tortib to'xtatdi. Tulporidan sakrab tushdi-da, suyaklarga sinchkovlik bilan nazar tashladi. So'ng o'girilib, otdan tushgan Xalil merganga:

— Bir bechoraning sho'rini shu yerda quritishgan ekan. Yo ochidan o'lgan, yoki bemahal yo'lga chiqib, yirtqichlarga yem bo'lgan. Yig'ib ko'maylik, garchi kech bo'lsa-da, janozasini o'qiylik, — dedi.

Mergan e'tiroz bildirmadi.

Darhol to'rt-besh sipoh suyaklarni bir joyga yig'ib, surpga solib, o'rashdi. Janoza o'qildi. Shundan so'ng suyaklar tuproqqa ko'mildi.

Tunni cho'lda o'tkazgan qo'shin ertasiga quyosh bir terak bo'yi ko'tarilganda lo'lilar qishlog'iga kirib bordi. Ularni folbin kampir boshliq bir to'da lo'lilar qarshiladi.

— Bashoratimdan aylanay, — dedi lo'li kampir otini to'xtatgan shahzodaga qarab, — kecha necha bor fol ochgan bo'lsam, hammasida bizga osoyishtalik olib keladigan qo'shinni ko'rganman. Lo'lilarni jamlab, sizlarga peshvoz chiqdik. Xush kelibsiz. Aziz mehmonimiz bo'ling, bir piyola choyimizni ichib keting!

Shu payt mirzoning yoniga Xalil mergan keldi va past ovozda:

— To'xtamaganimiz ma'qul. Kampir jodugarga o'xshaydi, — dedi.

Shahzoda unga bir qarab qo'ydi-da, otdan sakrab tushib kampirning yoniga keldi.

— Choyxo'rlikka vaqtimiz yo'q. Ammo sizning ko'nglingizni og'ritmaslik uchun tuzingizdan totinaman, — dedi kampirga.

Kampirning orqasida turgan lo'li ayol non uzatdi. Shahzoda nonni ushatib, bir burdasini og'ziga solib, chaynadi.

— Tolei baland yigitga o'xshaysan, — dedi unga kampir, — Xudo xohlasa, yurtga bosh bo'lasan. Hamma yoqda tinchlik-osoyishtalik hukmron bo'ladi-yu, turmushimiz izga tushib ketadi.

— Inshoolloh, endi bizga ruxsat, — deya mirzo ortiga qaytayotganida, kampir uni to'xtatdi.

— Bizning rizqimiz ko'pga sochilgan, terib-terib yeymiz. Shunda halol bo'ladi. Lokigin, bir ish qilib qo'yganmiz. Ko'p zeb-ziynatlar, oltin-kumushlarimiz bor. Bunaqa davlatni biz ko'tarolmaymiz. Shuning uchun boyliklarni senga topshirsam-u, taxtni egallaganingdan keyin shaharga kirishimizga ruxsat bersang, — dedi hassasiga suyanib.

— Harom yo'l bilan orttirilgan davlatning menga keragi yo'q, — dedi mirzo achchiqlanib.

— Xato o'ylading. Bu davlat harom yo'l bilan kelgani yo'q. Ko'p yillardan beri odamlarning sho'rini quritgan qaroqchiboshi o'z oyog'i bilan kelib qoldi. Aytganimizga ko'nmadi. Meni chopib tashlamoqchi bo'ldi. Lekin bir o'zining kuchi shuncha lo'liga yetarmidi? Toshbo'ron qilib, otdan ag'dardik. So'ng cho'lga oborib tashladik. Men uning kelishini avvaldan bilardim, folimda chiqqandi. Odamlardan ayrilib qolganimizdan keyin to'g'ri kelgan narsaga fol ochaveraman. Har kuni ochaman. Shuning uchun qaroqchining kelishini oldindan bilgandim. Sening kelishingniyam…

Mirzoning xayoliga lop etib, avval Mamatg'uli, undan so'ng yo'lda uchragan odam suyagi keldi. Ichidan zil ketdi. Garchi har qancha qotil, bosqinchi esa-da, Mamatg'ulining tirik qolishini judayam istardi. Azbaroyi uning qizi uchun. Tikandan gul paydo bo'lmaydi. Agar tikan bilan gul chatishsa-chi?..

— Biz bir joyda muqim yashashga o'rganmaganmiz. Lekin Davronqul podshoga qaram bo'lganimizdan beri shu joydan boshqa yerga qimirlolmayapmiz. Oltin-kumushlarni senga bekorga berayotganimiz yo'q. Evaziga bizga erkimizni hadya etasan. Xohlagan yerga borishimizga ruxsat berasan.

— Yaxshi, lekin mening ham bir shartim bor. Bajarsangiz, oltin-kumushlarniyam olaman, shartingizgayam ko'naman. Rozimisiz? — so'radi shahzoda unga tikilib.

— Ayt shartingni, — dedi noiloj qolgan kampir.

— Kuf-sufni, irim-sirimni yig'ishtirasiz.

— Avlod-ajdodimdan qolgan udumdan qanday voz kechaman, bacham?

— U yog'i o'zingizga havola.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (33-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (34-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (35-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (36-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (37-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (38-qism)

 

 

 

loading...