Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (40-qism)

0

Kampir miq etmay turgan lo'lilar tomonga o'girildi. Go'yo ularga: “Sizlar nima deysizlar?” demoqchi bo'ldi. Lo'lilardan sado chiqmadi. Kampir yana shahzoda tomonga o'girildi.

— Mayli, — dedi past ovozda, — sening aytganingcha bo'la qolsin.

— Hov, shum kampir! — deb baqirdi shu zahoti lo'lilar orasidan bittasi o'z tilida. — Nima qilayapsan?! Agar sening qo'lingdan bir kor kelmasa, biz seni o'ldiramiz!

Kampir ovoz kelgan tomonga qaradi. Yelkalari keng, egnida bitta shalvoridan boshqa kiyimi yo'q, ko'zlari olaygan, og'zining ikki chekkasida tupugi qotib qolgan lo'li yigit hamqishloqlari orasidan sirg'alib oldinga chiqdi.

— Agar o'ldirging kelsa, hoziroq o'ldir. Lekin bilib qo'y, o'zing ham ertaga quyoshni ko'rolmaysan! — baqirdi kampir unga.

G'o'daygan lo'li yigitning popugi pasayib, boshini egdi.

— Borib hamma boyliklarni opkel, — buyurdi kampir unga va yana mirzo tomonga o'girildi.

— U xohlamadimi? — so'radi mirzo kampirdan.

— Uning xohlamagani bilan birovning ishi yo'q, — javob qildi kampir va ortiga o'girilib keta boshladi.

Mirzo anchagacha uning siymosini unutolmadi. Afti burishgan, oyoqda zo'rg'a yurgani bilan kampirning gaplari o'qday, ko'zlari yonib turardi. Sehrgarlik gunoh, u esa sehrgar. Ehtimol, ishonchga kirish uchun o'zidagi bor boylikni unga berayotgandir. Balki, niyati boshqachadir. Bu yog'i shahzodaga qorong'i. U garchi suvoriyga aylangan esa-da, har soniyada ustozining o'gitini unutmaydi. Ahmad shayx “Hazrati Muso sallallohu alayhi vasallam va shaytonning suhbati” haqida gapirib berganida mirzo jon qulog'i bilan eshitgan va har bitta so'zni ko'nglida jo qilgandi. Emishki, kutilmaganda shayton payg'ambarning qarshisida paydo bo'lib, Muso sallallohu alayhi vasallamga nasihat qilmoqchi bo'libdi. Ollohdan izn tekkach, payg'ambar uning so'zlarini tinglabdi. Shunda shayton uchta haq gapni aytibdi. To'rtinchi gapni aytmoqchi bo'lganida, payg'ambar hazratlariga vahiy kelibdi: “Bo'ldi, uning gapini boshqa tinglama! U endi aldashga o'tadi”.

Shahzoda beixtiyor: “Ehtimol, bu kampir odam qiyofasidagi shaytondir”, degan o'yga ham bordi-yu, ammo shu zahoti xayolini quvib soldi. Chunki gumon iymondan ayirishini u yaxshi bilardi.

U otini ortga burdi. Oldinma-ketin ildamlayotgan lashkarlari qatorining oxirigacha bordi. Shu asno har bir sarkardani zimdan ko'zdan kechirib chiqdi. Ularda charchoq alomati ko'rinmadi, hammasi ildam odimlardi. Mirzoning ko'nglida g'alabaga ishonch yanayam ortdi. U otining boshini burib choptirib, qo'shinning old tomoniga — Xalil merganning yoniga bordi.

— Ustoz, — dedi merganga yuzlanib, — to'satdan bostirib borish hiyladay tadbir. Shunday qilsak, g'olib chiqishimiz osonlashadi. Ammo bunday chora qo'llaganda odamning vijdoni qiynaladi.

— Haqsiz, lekin butun boshli el-yurt taqdiri turganda bu usul nomardlik sanalmaydi. Biz qanchalik mard bo'lmaylik, raqib baribir, pastkashligini to'xtatmaydi. Shu ulkan qo'shin shaharga yaqinlashib borayaptimi, demak, dushman ayg'oqchilari allaqachon xabar topishgan. Maslahatim, tuyqus bostirib boraylik, — dedi unga javoban Xalil mergan.

— Men ham shuning tarafdoriman, — uning gapini ma'qulladi Erg'ozi ham.

Mirzo ularga bir-bir nazar tashlab qo'ydi, biroq so'z qotmadi. Ayni damda u ikki sarkardaning fikrini o'zining xulosasiga chog'ishtirib ko'rayotgan edi.

Oradan bir kun o'tib, shahzodaning qo'shini poytaxtga yaqinlashdi. O'shanda Xalil merganning gapi tasdig'ini topdi — oq bayroq ko'targan uch otliq ularga ro'para chiqdi.

— Shahzoda Mehrdod sizning kimligingizni bilishni istaydi va nima maqsadda qo'shin tortib kelayotganingizni ham aytishingiz zarur, — dedi ulardan biri.

— Maqsadimiz adolatni qaror toptirish va bu shahzodaga omonlik keltirmaydi, — dedi mirzo qo'shindan ilgarilab chiqib, — yurtning osoyishtaligi uchun shahzodalar o'rtasidagi nizoga barham berish niyatida kelayapmiz.

— Qaysi yurtning qo'shinlarisiz?

— Biz shu tuproqda ulg'aygan odamlarmiz. Borib shahzodaga yetkazing: agar u taxtdan o'z ixtiyori bilan voz kechib, qurolu qo'shinini topshirsa, qon to'kilmaydi. Yo'qsa, bizga shahzodaning akasi Suhrob ham qo'shilish niyatida. Gaplarimni to'la-to'kis shahzoda Mehrdodga yetkazing, — dedi mirzo.

Oq bayroqlilar otlarini ortga burishdi.

Mirzo esa darhol mashvarat uyushtirdi. Xalil merganning maslahati bilan oq bayroqlilar ortidan o'n besh chog'li navkar xufiya sifatida shaharga jo'natildi. Qolgan qo'shin eniga yoyildi va qurol-yarog'larini kutilmagan hujumga shaylab turishdi.

Kun peshindan oqqanda uzoqdan kichik bir karvon ko'rindi.

Mirzo merganga, mergan esa Mirzoga qaradi.

— Hiyla bo'lishi mumkin. Shu bois karvonni qo'shinga yaqinlashmasidan burun to'xtatishimiz zarur, — dedi mergan.

— Ha, shunday qilamiz. Erg'ozi, — deya so'l tarafga boshini burdi shahzoda, — siz shu yerda qo'shinga bosh bo'lib turasiz. Biz ellik chog'li navkar bilan karvonni kutib olgani boramiz.

— Amringiz bosh ustiga, — qilichini yuqoriga ko'tarib qo'ydi mingboshi.

Oltita tuyadan iborat karvonni bor-yo'g'i to'rt kishi qo'riqlab kelayotgan ekan. Tuyalar ustiga turli sandiqlar, matoga o'ralgan allanimalar ortilgan. Bittasining ustiga kajava o'rnatilgandi. Karvonboshi otini yo'rttirib kelayotgan navkarlarga peshvoz chiqib, otidan sakrab tushib, qo'lini ko'ksiga qo'ygancha ta'zim qildi.

— Hazrati oliylari, — dedi u yerdan ko'zini uzmagan ko'yi, — shahzodamiz siz bilan do'st tutinish, ittifoq tuzish maqsadida ko'p sovg'a-salomlar in'om qildi.

Mirzo avval tuyalarga, so'ng qarshisida turgan sarbozga qaradi.

— Xo'sh, — dedi kinoya bilan, — nima ekan in'omlari?

— Qimmatbaho gazlamalar, oltin-kumushlar va haramingizni boyitish uchun ikkita go'zal sanam.

— Shular bilan shahzodangiz meni sotib olmoqchi, shundaymi? — dedi birdan jiddiy tortib mirzo.

— Aslo bunday niyatlari yo'q. Hamkorlik bilan ish tutishni ma'qul topdilar. Agar siz sovg'a-salomlarni qabul qilsangiz, u holda darvozalar ochiladi va shod-xurramlik bilan kutib olinasiz.

— Sovg'a-salomlarni qaytaring. Hammasi shahzodangizning o'ziga siylov. Ayting, jangga tayyorlansin. Ertaga kun chiqqan mahal jang boshlanadi, — deb mirzo tulporini ortga burib, niqtadi.

Ertasiga kutilgan jang sodir bo'lmadi. Shahardan biror zog' chiqmadi. Lekin poytaxtni o'rab turgan devor ustida odamlar soni ko'paydi.

— Ochiq jangni istashmayapti, — dedi Xalil mergan shahzodaga, — boshqa biron chorasini ko'rishimiz kerak.

— Unda nima maslahat berasiz? — so'radi mirzo.

— Qo'shin boshliqlarini yig'ib, mashvarat o'tkazaylik. Ko'pda Xizr bor, deyishadi. Biri bo'lmasa, boshqasidan ma'qul fikr chiqib qolar.

Mashvaratda o'n ikki kishi qatnashdi. Shahzoda ularni diqqat bilan tingladi. Dastlab Xalil mergan so'z olib, yig'ilganlarning e'tiborini o'ziga tortdi. Mirzo yuzboshiyu mingboshilar chehrasida jangga ishtiyoqni ko'rdi. Ro'para kelganda yovga sherday tashlanishlari ayon bo'lib turardi.

Yig'ilganlarning fikrlaridan qoniqmagan shahzoda Omonyorni chaqirishni buyurdi.

— Shahar darvozasini kuch bilan ochishning iloji yo'q, — dedi mirzo Omonyorga yuzlanib. — Shu shaharda tug'ilib o'sgansiz. Demakki, kirib-chiqish yo'llarini yaxshi bilasiz.

— Shunday-ku-ya, — dedi Omonyor boshini egib, — lekin men temirchilikdan boshqa yumush bilan mashg'ul bo'lmaganim bois, lahimlarga hech e'tibor qilmagan ekanman.

Mashvarat vakillari gurra kulib yubordi. Shahzoda esa jilmaydi, xolos.

— Nahotki shaharga kirib chiqadigan darvoza bittagina bo'lsa? — dedi u nigohini Omonyorga qadab.

— Yo'q, darvozalar sakkizta. Hammasi bir xil. Yopilsa tamom, keyin ochib bo'lmaydi… Ha-ya, shahar markazidan daryo irmog'i oqib o'tadi-ku.

Hammaning yuzida umid uchqunlari paydo bo'ldi.

— Lekin suv to'lib oqadi, — deya shu ondayoq barchaning hafsalasini pir qildi Omonyor. — Ustidagi devor esa suv sirtiga tegib turadi. Devor xiyla enli, suv tagidan o'tish mushkul, nafas qaytib ketadi.

Shahzoda qo'lini manglayiga tiradi. Boshini xiyol egib, nigohini bir nuqtaga qadadi. Bir muddat o'y surgach, boshini ko'tarib, atrofdagilarga birma-bir nazar soldi-da, so'ng:

— Irmoqni imkon qadar bo'g'ish kerak, devor tagidan o'tgan suv sirtida nafas rostlashga joy qolsin, — deb u Xalil merganga yuzlandi. — Ustoz, ushbu yumush sizning zimmangizda. Navkarlardan ikki yuztasini oling. Quyosh botar palla navkarlar Erg'ozining sarbozlari bilan irmoqni to'sib, bir qismini chetga bursin. Yulduzlar chiqqan mahal siz navkarlaringiz bilan shahar ichkarisiga kirasiz. Shu payt asosiy qo'shin darvoza yaqiniga boradi.

— Ma'qul fikr, — uning gapini qo'lladi Xalil mergan.

— Endi qo'shin vaqt-soati yetguncha dam olsin, — buyurdi shahzoda.

Mashvarat ishtirokchilari chiqib ketishdi. Chog'roq o'tovda shahzodaning yolg'iz o'zi qoldi. Negadir yuragi siqildi. Qaroqchilar ustiga bostirib borayotganida ham shunday bo'lgandi. O'shanda Allohdan najot kutgandi. Bilagiga kuch, vujudiga quvvat, o'zi bilan bir safda kelganlarning sog'-omon ortga qaytishlarini Xudodan so'ragandi.

Shahzoda uzoq ibodat qildi. Bu vaqtda unga hech kim xalal bermadi, bunga hech kimning haddi sig'madi. Bir mahal Xalil mergan chodirga yaqinlashdi. U: “Biron kor-hol ro'y berib qazo qilsam, meni Ahmad shayxning oyoq uchiga qo'yishsin” demoqchi edi. Biroq aytolmadi, dardi ichida qoldi.

Kutilgan fursat keldi. Xalil mergan navkarlari bilan vazifani ado etishga otlandi. Ulardan burunroq Erg'ozi boshliq sarbozlar irmoqni to'sishga ketishgandi.

Mirzo qolgan qo'shinni bir joyga jamladi.

— Sizlarni bu yerga jangu jadalga boshlab keldim! — dedi u qo'shinga qarata. — Urush o'z nomi bilan urush — muhoraba qurbonsiz bo'lmaydi. Shunday esa-da, bekorga qon to'kilmasin. Ayniqsa, kosiblar, ustalar, savdogarlar va cho'rilarga mutlaqo qo'l tekkizmanglar. Ularning uylari, do'konu dastgohlari vayron etilmasin. Taslim bo'lganlarning boshiga qilich solinmasin! Biz toju taxt talashib emas, oddiy fuqaroni zulmdan qutqarish uchun kelganmiz!..

Mirzo ma'ruzasi so'ngida: “Omad yor bo'lsin!” degani og'iz juftladi-yu, aytishga ulgurmadi. Boshlari uzra mash'ala ko'targan to'rt otliq shitob bilan yetib kelib, otlaridan sakrab tushib, tiz cho'kishdi.

— Hazrati oliylari! — dedi ulardan biri do'rillagan ovozda. — Saroyda fitna uyushtirildi. Saroy a'yonlari shahzoda Mehrdodni qatl etishdi va siz olampanoh uchun shahar darvozalari ochildi. Qo'shin qurolsizlantirilib, jangsiz taslim bo'lishga tayyor turibdi! Toju taxt sizga muntazir!

— Kim uyushtirdi fitnani?! — dedi hayratda qolgan mirzo.

— O'ng qo'l vazir, olampanoh! — degan javob bo'ldi.

Mirzoning qoni qaynab, qo'llari musht bo'lib tugildi. Beixtiyor shamshirini qinidan sug'urdi. Lekin shu zahoti o'zini bosdi.

— Sizni bu yerga kim jo'natdi?! — so'radi xabar keltirganlardan.

— Vazir janoblari, olampanoh!

— Mingboshi! — qichqirdi shahzoda ortga burilmasdan.

— Labbay, hazrati oliylari! — deya soqoli ko'ksiga tushgan, bilaklari baquvvat, o'ttiz besh yoshlardagi Mirzayoqub ismli kishi tulporida yetib keldi.

— Bularning oyoq-qo'llarini kishanlang! — deya shahzoda elchilarni ko'rsatdi. — Qatlga tayyorlab qo'ying. Shaharni zabt etishimiz bilan boshlari tanalaridan judo qilinur!

— Hazrati oliylari, olampanoh! — deya emaklagancha xabarchilar Muhammad mirzoning oyog'i tagiga kela boshladilar.

Farmon e'lon qilinishi bilan mingboshi Mirzayoqub boshliq besh navkar otdan sakrab tushdi. Avval ko'kraklarini yerga berib yotgan xufiyalarning qurollarini yechib olishdi. So'ngra oyoq-qo'llarini chandib bog'lab tashlashdi…

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (33-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (34-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (35-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (36-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (37-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (38-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (39-qism)

 

 

 

loading...