Huawei’ning simsiz FreeBuds 4i naushniklari taqdim etildi(foto)

0

Huawei kompaniyasi yuqori avtonomlikka ega, tezda quvvatlanuvchi, sifatli ovoz va atrofdagi shovqinlarni so'ndirishga qodir texnologiya bilan jihozlangan FreeBuds 4i simsiz naushniklarini taqdim etdi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Huawei FreeBuds 4i ichiga o'rnatilgan mikrofonlar yordamida atrofdan tarqalayotgan shovqinlarni bloklaydi. Naushniklar ishining algoritmi turli tovushlarni — odamlar ovozi, transport tovushi va shu kabi boshqa shovqinlarni so'ndirishga moslashgan. Ovoz o'tkazuvchanlik rejimi esa aksincha, naushnik taqilganida ham atrofdagi ovozlarni eshitishga imkon beradi.

Shovqinni faol so'ndirish tizimi yoqilgani holatda musiqa tinglansa, Huawei FreeBuds 4i naushniklari uzluksiz 10 soatgacha, suhbatlashuv rejimida esa 6,5 soatgacha ishlay oladi.

Huawei FreeBuds 4i sifatli ovozdan tashqari, boshqarish qulayligi bilan ham ajralib turadi. Qo'l harakatlari yordamida foydalanuvchi musiqani o'chirib-yoqishi, ovozli xabarlarga javob qaytarishi va shovqinni so'ndirish tizimini ishga tushirishi mumkin.

 

Mazkur naushniklar uch xil rangda taqdim etilgan: keramik oq, qora ko'mir va qizil. 20 apreldan boshlab Huawei FreeBuds 4i’ni oldindan buyurtma qilish mumkin bo'ladi — taklif etilayotgan narxi 102 dollar.

loading...