Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (41-qism)

0

Shahzoda qo'shinga buyruq bermadi. Shunchaki otining qorniga etigining uchi bilan niqtadi. Tulpor xuddi shuni kutib turganday yurib ketdi. Ulkan qo'shin unga ergashdi.

“Xiyonat, — xayolidan o'tkazdi mirzo, — xiyonat! O'ng qo'l vazir! Mehrdodning barcha siru asroridan voqif bo'lgan vazir. Shahzodaning ishongan kishisi! U tufayli obro'-e'tibor qozongan, kunlarini ayshu ishratda o'tkazgan nokas!”

— Hazrati oliylari, — dedi Mirzayoqub otini yo'rttirib mirzoga yetib olarkan, — bu tuzoq! Rejamiz bo'yicha ish tutaylik!..

— Hech narsa muqim emas. Jumladan, bizning rejamiz ham! Agar tuzoq bo'lganida… Ehtimol, tuzoqdir… Nima bo'lgan taqdirdayam, biz tuzgan tadbirimizdan chetga chiqqanimiz yo'q. Maqsadimiz shaharga yaqinlashish edi… Qo'shin jangga hozirlansin!

Mirzayoqub tulporini ortga burib, farmonni e'lon qildi.

Shaharga bir chaqirim qolganda qo'shin to'xtadi. Shahzoda yoshligiga borib, avval yolg'iz o'zi dushman maskaniga bormoqchi bo'ldi. Hatto qarorini unga yordamchilik vazifasini o'tayotgan Mirzayoqubga aytdi. Mingboshi shu zahoti unga qarshilik bildirdi.

— Hazrati oliylari, siz, aslida, jangga kirmasligingiz kerak. Chunki yurtning keyingi taqdiri sizga bog'liq. Yolg'iz shaharga borishingizga mutlaqo yo'l qo'yolmayman! — dedi u.

Ularning suhbatini yuzboshilardan uch-to'rttasi eshitib turardi. Garchi joiz bo'lmasa-da, ular ham shahzoda bilan mingboshining yoniga kelib, Mirzayoqubning so'zlarini takrorlashdi.

— Unda, kutaylik. Tun yarmigacha topshiriqni bajarishga ketganlardan xabar bo'lmasa, ochiqchasiga…

U gapini oxirigacha yetkazolmadi. Ust-boshi shalabbo Xalil mergan besh navkari bilan yetib keldi.

— Hazratim, hamma darvozalar ochiq, dushman jangsiz taslim bo'ldi. Har ehtimolga qarshi darvoza ichkarisiyu tashqarisida sarkardalarimizni qoldirib keldim. Erg'ozi ham o'z navkarlari bilan birga o'sha joyda turibdi. Faqat poytaxtga tezroq kirishimiz zarur.

* * *

Safarmurod nigohini uzmagan ko'yi o'rnidan turdi. O'zi bilmagan holda ikki qadam tashladi. Biroq bu payt ayol noxushlikni his etib, chachvonini tushirdi-da, ortiga burilib ketib qoldi. Temirchining yuragi potirlab qoldi. Zotan, u ilk bora sevgi dardiga mubtalo bo'lgandi. Shu bois o'zini qo'yarga joy topolmasdi. Bir hayajonlansa, bir xursand bo'lardi. Hammasidan chorasizligi alam qilib, mushtini devorga urdi. Barmoqlarining terisi shilindi. Jarohat joyidan qon sizib chiqqanini-da bechora oshiq sezmadi. Havo yetmayotganday ko'kragini kengroq ochdi-da, yerga chordana qurib o'tirib oldi. Quyilib kelgan ko'z yoshini artdi. Dunyoga sig'may, baqirib yig'lagisi keldi. Omadsizligidan nolidi. Boshqa nimayam qilsin? U oshiq bo'lgan ayol boshqa birovning — yuvoshgina, bechorahol Mahmudning xasmi haloli. Agar xotinini tortib olsa, u sho'rlik yo aqlu hushidan ayriladi, yoki yuragi yorilib o'ladi. Qolaversa, u bilan do'stlashib qolgan. Do'stga xiyonat!.. Xiyonat qilmagan odam bormi dunyoda? Jondek do'sti bir qop bug'doyini o'g'irlab ketgan-ku. Safarmurod u bilan tanishganda, Jo'raqulning oyog'ida yirtiq chorig'idan boshqa hech vaqosi yo'q edi. Aslida-ku, temirchining ahvoli ham maqtagulik emas. Ammo ustaxonasi bor edi, shuning orqasidan rizq-ro'zini topib yuruvdi. Ancha yillardan beri ko'rmay ketgan tanishi Jo'raqul paydo bo'ldi. Nochorligini aytib, yig'lab-yolvordi. Yordam so'radi. Uning holiga achingan temirchi ustaxonasidan boshpana berdi. Jo'raqul jon fidolik qilayotganini ko'rib, ich-ichidan suyundi. Shunday kunlarning birida Xudo uni siyladi: saxiy boyga ro'para qildi. Arzimagan ikkita ketmon yasab berganiga boy bir qop bug'doy ulashdi. Biroq bug'doyni ustaxonasida bir kun ham saqlay olmadi. Kechasiyoq Jo'raqul qopni orqalab juftakni rostlab qoldi. O'shanda Safarmurod o'n chandon ezilgan, o'z yog'iga o'zi qovurilgandi. Boshqa birov o'g'irlab ketganida ham bunchalik alam qilmasdi, xafa bo'lmasdi. Qo'l siltab qo'ya qolardi. Ammo yaqin qadrdonim, maslakdoshim, deb yurgani nomard chiqqani suyak-suyagidan o'tib ketdi.

Mana endi, uning o'zi o'g'irlik bo'lmasa-da, undan battari — xiyonatga moyil bo'layotir. Ko'nglida: “Qaniydi, Mahmud bedavo dardga duchor bo'lsa-yu, bir haftaga qolmay o'lsa”, deb xayol qilayotir.

“Niyatingga o't tushsin! — deya o'zini-o'zi qarg'adi temirchi. — Do'stingga o'lim tilayapsanmi? Xotiniga yetish uchun-a!.. Agar unga bir nima bo'lsa-yu, men niyat qilmagan bo'lsam-chi. Men bilmay qolgan bo'lsam-chi… Unisining yo'rig'i bo'lak”, deya o'zini-o'zi yupatib turganida, o'sha tanish paranjili ayol yaqinlashib kela boshladi. Temirchining peshona tomirlari bo'rtib chiqdi.

— Kechirasiz, — dedi yurak yutib ustaxonasining yonidan o'tib ketayotgan ayolga, — men haligi…

Ayol piq etib kulib yubordi va tezda uning yonidan uzoqlashdi. Safarmurodning ko'zi o't bo'lib yondi. Ortidan yugurib borib, paranjisini ko'tarib, husnu jamoliga to'ygisi keldi. Lekin, koshki, buning iloji bo'lsa.

U alamini temir-tersakdan olish uchun ustaxonaga bosh suqdi. Shu payt yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, ustaxonada Mahmud paydo bo'ldi. Safarmurodning rangi oqarib ketdi, qo'llari qaltiradi. “Juvon hammasini eriga aytgan. Yomon qaradi, niyati buzuq, degan. Ichimizdagi dushmanni yo'q qilaylik, degan”, xayolidan o'tkazdi u.

— Nima bo'ldi? — so'radi Mahmud. — Aytuvdim-ku, birodar, kamroq ishlang, deb. Odam degan ora-sira dam olib ishlaydi-da.

Safarmurodning yelkasidan tog' ag'darilganday bo'ldi.

— Kun qizib ketdi, shekilli, boshim aylanyapti, — dedi u bahona topilganidan o'zida yo'q xursand bo'lib.

— Hozir ayni peshin mahali, bunday paytda salqinlang biroz. Bo'ztog'dan sarkardalikka o'n odam keldi. O'zlari bilan birga qimiz opkelishibdi. Qani, ishingizni yig'ishtirib, chinor ostiga boring, qimizxo'rlik qilamiz. Dam olasiz. Ish qochmas, — deb Mahmud birodarining yelkasiga qoqib, ustaxonadan chiqdi.

Safarmurodning ko'zidan ikki tomchi yosh dumaladi. Beixtiyor o'zidan jirkandi, kecha yasagan shamshirini ko'ksiga sanchgisi keldi. Biroq o'zini bosdi. “Bo'ldi, juvonni esimdan chiqaraman, qimiz miyani qizdiradi. Har xil narsalarni xayoldan chiqaradi”, o'yladi u.

Biroq chuchvarani xom sanagan ekan. Ikki kosa qimiz yutganidan so'ng, Zeboning jamoli ko'z o'ngidan ketmay qoldi. Ayni chog'da Mahmudning yonida ham o'tirolmadi.

— Ijozat bersangiz, — dedi dasturxon atrofidagilarga, — ozgina tobim bo'lmay turibdi. Ustaxonamga kirib ozroq dam olay.

— Bemalol, lokigin, yumushga unnamang, — dedi Mahmud.

Safarmurod xuftongacha ko'zini yumib, xayol ummonida suzib yotdi, kun adog'iga yetganini sezmay qoldi. Xuftonda Mahmud bir kosa achchiq mastava ko'tarib kirdi.

— Ko'pning bir joyga jamlangani yaxshi-da, — dedi u Safarmurodni uyg'otib, — guruch ham topildi, suzmayam. Ko'tarib iching, birodar, taningiz yayraydi. Kunning issig'ida ishladingiz-da, o'ziyam.

“Ey odam, kunning issig'i nima bo'pti? Jahannam o'tidayam ishlashim mumkin. Ammo hozirgiday qiynalmasam kerak. Opkelganing, qani edi, yurakning taftini bossa”, deya xayolidan o'tkazdi Safarmurod va indamasdan kosani qo'liga olib, taomni xo'rillatib icha boshladi.

Birodarining peshonasidan ter oqib, ovqat ichayotganiga qarab turgan Mahmud kosa bo'shagach, idishni olib, ustaxonadan chiqib ketdi. Lom-mim demadi. Avvalgiday “Charchamang, birodar”, deb aytmadi. Chuqur nafas oldi-da, o'rnidan turdi. Shunisi Safarmurodga og'ir botdi. Nazarida, Mahmud hamma sirdan voqif bo'lgandek. Lekin sir saqlayotgandek.

U terini artish uchun bo'yniga tashlab yuradigan ro'molni bukib, boshini bog'ladi. So'ng ustaxonadan chiqib, boshini ko'tarmay, cho'l tarafga ketdi.

Zebo hujrasidan chiqib temirchining ketib borayotganini ko'rdi. Avvaliga hayron bo'ldi. Keyin u bilan to'qnash kelganini esladi. Ustaxonada nigohlari to'qnashganini ko'z oldiga keltirganda, eti jimirlab ketdi. Zebo temirchining ko'zida yashiringan ma'noni uqqan edi. “Ehtimol, bu odam Nursulton shohning saroyida xizmat qilgandir. Mening bu yerda paydo bo'lib qolganimga hayron bo'lgandir”, deb o'yladi ayol. Biroq temirchining qiyofasi o'zgarganini ko'rgach, maqsad-muddaosini anglab yetdi. U bir gal paranjisini unutib, chehrasini ustaga ko'rsatib qo'ydi. O'shandayoq temirchi boshqacha qaraganini sezgandi. Biroq o'zini sezmaganga olib, “Menga shunday tuyilgandir”, deb o'yladi. Chunki keyingi paytda uni hamma ona, deb chaqira boshlagandi. Keyin ustaxona yaqinida u yana bir ehtiyotsizlik qildi. Sal o'tib, qaroqchiboshining bevasi Bedor bibi uning paranjisini yopinib chiqdi. Ikkalasi bir hujrada o'tirishgandi. Paranjilari bir joyga ilingandi. Bedor bibi e'tiborsizlik qildimi yoki uning paranjisini yopinib ko'rmoqchi bo'ldimi, tashqariga — o'choq boshiga chiqib ketdi. Qaytib kelib, kulib temirchining dovdiraganini aytib berdi. U Safarmurodning “kechirasiz”dan boshqa so'zni aytolmay qolganini aytib kuldi. Qay zamondan beri Mamatg'ulining dag'dag'asidan boshqa gapni eshitmagan Bedor bibi erkak zotining bari qo'pol, qo'rs bo'ladi, degan fikrda yurardi. Mamatg'ulining changaliga tushguncha sevib, sevilib, shirin so'zlar eshitgandi. Shu boisdan ham temirchining dovdiragani uning kulgisini qistadi.

Zebo Bedor bibining gaplarini eshitib, jilmayib qo'ydi.

Mana, endi Safarmurodning cho'l tarafga ketayotganini ko'rib hayron.

U sekin erining yoniga bordi.

— Anavi birodaringiz cho'lga ketayapti. Oyoqlari chalkashib ketayotir, ortidan ko'rdim, — dedi.

— Boya unga ovqat oborib bergandim. Rangi siniqib qopti. Kasal desam, kasalga o'xshamaydi, sog' desam, sog'ga. Tushning qizig'ida ko'p ishlagan, chamasi. Hay, mayli, orqasidan boray-chi, — deb Mahmud Zeboning yonidan uzoqlashdi.

Safarmurod ilgarilab ketmagan ekan. Negadir to'xtab-to'xtab yurardi. Mahmud uning ovoz chiqarib allanimalar deganini ham eshitdi. Shundan keyin betobligiga ishonch hosil qildi. Lekin kasal bo'la turib, cho'l oralab ketayotganini tushunmadi.

— Birodar, — dedi uning ortidan yetib olib.

Safarmurod taqqa to'xtadi. Orqasiga burildi. Mahmudni ko'rib, joni chiqib ketguday hayajonlandi. U birinchi marta o'z do'stiga shunday qarayotgan edi. Holbuki, o'zi xayolan unga xiyonat qilib, yana uni yomon ko'rayotgandi. Balki Mahmud yolg'iz qolishiga xalaqit berayotgani uchun yomon ko'rgandir. U bosh olib ketmoqchi edi. Qaytib kelmoqchi emasdi. Ko'rmayin ham, kuymayin ham, degan fikrga kelgandi.

“Ma'quli uni bo'g'ib o'ldirish. O'zi qiltiriqqina, kuchi yo'q. Kelib-kelib, bu juldurvoqi shunday go'zalning eri bo'ladimi? Hozir bo'g'aman, o'ladi. Keyin mengayam yo'q, bungayam”.

Biroq u shaytoniy xayoldan nariga o'tolmadi. Bilaklarini ishga sololmadi, aksincha, qumga tizzalab o'tirib, yum-yum yig'ladi. Mahmud esa hayron. Ko'nglini ko'taray desa, yig'isining sababini bilmaydi, qarab turaverishga ko'ngli chidamaydi.

— Birodar, — dedi oxiri u Safarmurodning yoniga o'tirib, — nima bo'ldi? He yo'q, be yo'q yig'lashingizning boisi nima? Yoki jangu jadalga ketganlardan noxush xabar eshitdingizmi?

Temirchi apil-tapil ko'z yoshini artib, Mahmudga qaradi va:

— Inshoolloh, ular zafar qozongay, yurt Muhammad mirzoning qo'liga o'tib, tinchigay… Lokigin men ortiq bu qo'nalg'ada turolmayman. Navkarlar uchun qurol yasashim zarur, buni bilaman. Ammo qurol yasashimdan bu yerdan ketmog'im ming chandon afzalroq, — dedi.

— Gaplaringiz ma'nisini anglolmayapman. Tushuntiribroq so'zlang, nima bo'ldi? Bu yerda qolishingizga nima xalal berayapti, birodar? Xudo xohlasa, qo'shin zafar bilan qaytadi. Nasib etsa, temirchi-ustalarga bosh bo'lib, qilich, nayza emas, omoch yasaysiz, birodar!

— Buni bilaman, ammo ketmoqdan o'zga choram yo'q.

— Xay, keting, keta qoling. Shunday tahlikali damda qochib qoling. Mana shu-da sizning sadoqatingiz. Birodarlar jon berib, yurtning osoyishtaligi uchun jang qilayotgan mahalda, siz juftakni rostlang. Pana-pastqam, soya-salqin joydan makon topib, tinchgina umrguzaronlik qiling!

— Bas qiling! Agar men xuddi siz aytgandek yashaganimda edi, ko'p yordamim tegardi xaloyiqning tinchligiga! Endi, bas, meni xoli qoldiring!

— Bilganingiz, — deb Mahmud ortiga burilib ketdi. Safarmurod esa o'tirgan joyida qolaverdi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (33-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (34-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (35-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (36-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (37-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (38-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (39-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (40-qism)

 

 

 

loading...