Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (43-qism)

0

Ammo mirzo ichkariga kirmadi. Tevarakka soqchilar qo'ydirdi. Chodir bitgach, a'yonlari bilan mashvaratni boshlab yubordi.

— Mana, — dedi u yuzida tabassum zohir bo'lib, — Xudo yarlaqab, jangsiz g'olib bo'ldik!

— Tabriklaymiz, hazrati oliylari, — dedi Xalil mergan qo'lini ko'ksiga qo'yib.

— Ustoz, — dedi birdan jiddiy tortib mirzo, — sizning shu iltifotli kalomingizdan xijolatdaman. Menga harb san'atidan saboq berganingizdayam “hazrati oliylari” dermidingiz? “Mulla yigit” deb, ismimni aytib gapirardingiz. Nechuk endi…

— Mirzom, u kezlarda siz oddiy shogirdim edingiz.

— Hozir ham shogirdingizman, ustoz.

— Ammo endi siz yurtimiz egasi, elimizga boshsiz. Kalomu ehtirom martabangizga mos bo'lmog'i shartki, ahli fuqaro boshqacha o'yga bormag'ay. Shu bois garchi erish tuyilsa-da, minba'd ko'nmog'ingiz lozim.

— Shundoq, shundoq, — deya uning gapini ma'qulladi Erg'ozi ham.

— Mayli, bu xususda hali tag'in gaplashib olarmiz, — deya Xalil merganga yuzlandi mirzo, — biroq endi ishni nimadan boshlaymiz? Hali yurtni boshqarishda asqotgulik tajribamiz bo'lmasa…

— Taqsir, bu ham tez orada yo'lga tushadigan yumush emas. Hozir qo'shinni boshqaruvchilarni, atrofingizda jam bo'luvchi amaldorlarni aniqlab olishimiz lozim.

— O'zingiz nima deysiz? — so'radi mirzo Xalil mergandan.

— Biz itoatkormiz. Chamangiz bo'lsa kerak?

— Hozircha, — dedi vaqtni cho'zishni istamay mirzo, — Erg'ozi qo'shinga bosh bo'lsin. Siz esa mening maslahatchim vazifasini o'taysiz.

— Bosh ustiga, — dedi ikki sarkarda ham baravariga.

— Boshqa amaldorlarni o'ylab ko'ramiz. Taslim bo'lgan navkarlarni nima qilamiz?

— Ixtiyor etishsa, o'zimizga qo'shib olganimiz ma'qul. Ammo fitna qo'zg'ashlari ehtimolini e'tiborda tutmoq lozim.

— Darvoqe, shahzodaning o'ng qo'l vaziridan boshqalar qaerda? Qo'shinboshi-chi, — deb Erg'oziga qaradi mirzo. — Ularni zudlik bilan topib, bir joyga to'plang. Toki, bir-birlari bilan so'zlashmasin. Birinchi tun og'ir kechadi. Shu bois hamma sergak bo'lsin. Ayni damda, qo'shin nafasini rostlasin. Zero, ertangi kunning yumushlari ham yengil emas.

Mirzo o'sha oqshom uxlamadi, yelkasidan zalvorli yuk bosib turganday oromi yo'qoldi. Asr namozidan so'ng otiga minib, asirlarni yo'qlab bordi. Ular gunohkordek, hatto qatl etilishga mahkumdek g'am-g'ussaga botgandilar.

— Birodarlar! — dedi mirzo ularga yaqin kelib otdan tusharkan. — Har biringiz musulmonsiz. Demakki, iymoningiz butun. Shuni o'ylab, hammangizni ozod qilishga amr etdim. Bizning qo'shinimizga qo'shilmoq niyatida bo'lganlar ham bordir orangizda, ularning ko'ksidan itarilmaydi.

Nima bo'layotganiga aqli yetib-etmay turgan lashkar bu hodisaga hayron bo'lmadi. Hech kim boshini ko'tarmadi. Axir shahzodaning gapi ular uchun yangilik emasdi. Qurollarini topshirishayotgandayoq shunday xayolga ham borgandi ular. Biroq boshqa narsa ajablanarli edi. Ya'ni mirzo tap tortmay, yoniga soqchilarni olmay, dushman sarbozlarining yoniga bordi. Hozir g'alayon boshlanib, hammasi unga hamla qilsa, qochishgayam ulgurmasligi tayin. Lekin navkarlarning bunday niyati yo'q edi. Ularga kimning xizmatida bo'lish go'yo baribirday, muhimi, choychaqa olishsa, jangdan omon-eson chiqishsa, bas.

— Biz sizning ixtiyoringizga o'tamiz. Bekordan-bekorga jang qilish, begunohlarni o'ldirishdan ne naf? — dedi lashkarning oldiga chiqqan mingboshilardan biri.

Uning gapidan so'ng asirlar orasida g'ala-g'ovur ko'tarildi. Mirzo lashkarga yuzlangan ko'yi bir so'z demay turaverdi.

— Yaxshisi, uy-ovulimizga ketganimiz ma'qul. Bola-chaqa boqib, ro'zg'or tebratamiz! — dedi kimdir ovozini ko'tarib. Mirzo ovoz kelgan tomonga qaradi, lekin baqirgan kimligini bilolmadi.

— Bundan buyon qon to'kish, o'zga mulklarni zo'rlik bilan egallash uchun jang qilmaysiz. Faqat yurt osoyishtaligini qo'riqlaysiz. Shunday niyati borlar so'l tomonga o'tsin. Istamaganlar joyidan jilmasin! — buyurdi Mirzo.

Bir lahzalik ikkilanishdan keyin tashabbus ko'rsatib gapirgan boyagi mingboshi, uning ortidan boshqalar to'dadan ajralib chiqa boshladi.

Mirzo xotirjam kuzatib turardi. Bu o'ng qo'l vazirning xufiyasi, Mehrdodning yuragiga xanjar urgan yuzboshi Jonmirza uchun ayni qulay fursat edi. Lashkarda qoladiganlar shahzodaning yonidan o'tishayotgandi. U kamari ostida yashirgan xanjarining dastasini o'ng qo'li bilan siqib ushladi va atrofni zimdan kuzatdi. Hech kim e'tibor bermayotganiga ishonch hosil qildi. Demak, harakatni boshlasa bo'ladi.

U lashkarda qolmoqchi bo'lganlar safiga qo'shilish uchun oldinga yurdi. Shu payt o'ng qo'l vazirning topshirig'ini yodga oldi. “Mabodo, dushmanning fe'li aynisa, birinchi imkoniyat tug'ilgandayoq o'ldir!” — deb uqtirgan u. Mana shu imkoniyat. U ko'zining osti bilan shahzodani nishonga olib, qadamini tezlatdi.

Muhammad mirzo esa, ayni chog'da ters tomonga qarab turgandi. O'zining tarafiga o'tayotganlarni ko'rib, ich-ichidan sevinardi.

Jonmirza unga baqamti keldi va kutilmaganda xanjarni shahzodaning biqiniga sanchdi.

Mirzo so'nggi soniyadagina xanjarli dushmanni ko'rib qoldi. Biroq kech edi. Shunga qaramay u savqitabiiylik bilan o'zini biroz chetga olishga ulgurdi va Jonmirzaning xanjari terisini tilib kirayotgandagina bir marta “Imm!” degan tovush chiqardi. Biroq g'ala-g'ovurda bu ingroqni birov eshitmadi. Faqat Jonmirzaning jag'iga musht tushirib, uni o'zidan uzoqlashtirgandagina o'n odimcha narida turgan Erg'ozi ko'ngilsizlik sodir bo'lganini payqab, navkarlarni surib-itarib mirzoning yoniga yetdi va shahzodaning biqiniga yopishgan qo'llari orasidan sizib chiqayotgan qonga ko'zi tushdi.

— Ushlanglar! Hazrati oliylariga suiqasd! — deya baqirdi u.

G'ala-g'ovur tindi. Hamma ortga chekina boshladi. Lashkarlar duch kelgan asirni urib, yerga qulata boshladilar. Qo'rquvdan rangidan qoni qochgan Jonmirza qochishga urinib, boshqalarning e'tiborini o'ziga tortdi. Uni darhol ushlab, qo'llarini orqaga qayirib, yerga bosishdi. Ko'z ochib yumguncha yetib kelgan navkarlarning ayovsiz tepkilaridan hushini yo'qotgach, Jonmirzani sudrab olib ketishdi.

Shahzodaning manglayini ter bosdi. Uni saroyga olib kirishgach, Xalil mergan Erg'oziga yerning tagidan bo'lsayam tabib topib kelishni buyurdi. Hartugul, saroy tabibi shu yaqin-atrofda ekan. Tabib og'ir-og'ir nafas olayotgan, ko'zlarini ochishga madori qolmagan mirzoning jarohatini ko'rdi-yu, qo'rqib, javdirabgina Xalil merganga qaradi.

— Asrab qolish qiyin, bandasining qo'lidan bir ish kelmaydi, deb qo'rqaman, — dedi.

— A, yo'q! Mirzoning hali qiladigan ishlari juda ko'p. Yashashi kerak! — dedi Xalil mergan vajohat bilan. — Siz, birodar, qo'lingizdan keladigan amallarni qo'llaybering, Olloh hammasini ko'rib-bilib turibdi, shoyad, mehr-shafqatini darig' tutmas.

Shunday deb u Muhammad mirzoni tabib bilan qoldirib, o'zi chodirdan chiqdi. Ko'zlariga yosh quyulib keldi. Erg'ozi bilan Mirzayoqub Merganning ko'zidagi yoshni ko'rib, boshlarini quyi egishdi, so'z qotishga qurblari yetmadi.

— Yo Olloh! Yo Olloh! — dedi Mergan bir qancha vaqt jim turgach. — O'zing madad bergaysan!

— Hazrati oliylari… — dedi-yu, Erg'ozi boshqa gapirolmadi. Boshini egdi. Qo'li musht bo'lib tugildi: “O'ldiraman!” U sekin ortiga burilib, shamshirini qinidan chiqardi.

— Shoshmang! — deb baqirdi Mergan.

Erg'ozi to'xtadi. Uning butun vujudi titray boshladi.

— O'lim — uning uchun qutulishning oson yo'li. Muhammad mirzo hali tirik. Shovqin solib, qo'shinni sarosimaga qo'ymang! Hozir borib har bir asirlarni bitta-bitta ko'rikdan o'tkazing. Yuzboshiyu mingboshilar ham navkarlar safiga kiritilsin… Mirzoning volidai muhtaramasiga chopar yuboring. Zudlik bilan olib kelishsin. Zinhor o'g'lining yaralanganini aytishmasin!

Erg'ozi Merganga yuzlandi, uning ko'zlari o't bo'lib yonardi. Merganning so'zlari uning jazavasini bosolmasdi. Agar shu shaxtda asirlar yoniga borgudek bo'lsa, bir necha begunohni qilichdan o'tkazishi tayin edi. Buni Mergan vaqtida ilg'adi.

— Yo'q, yaxshisi, hazrati oliylarining yonida bo'ling. Faqat siz uni qattiq qo'riqlay olasiz.

Saroy tashqarisi og'ir sukunatda, asirlar ham, hatto mirzoning navkarlari ham ovoz chiqarishga botinolmasdi. Hamma saroy tomonga tez-tez qarab qo'yardi. Garchi yarador bo'lsa-da, yangi hukmdorni ko'rishni istashardi. Shu istak bilan birga, ayni damda, ko'ngillar yomon xabarni ham his etib turgan, shu bois Xalil merganning saroydan chiqib kelishi g'ulg'ulani battar kuchaytirib yubordi. Hamma baravariga u tomonga qaradi, kim asir-u, kim g'olib, ajratib bo'lmasdi. Ular Merganning ustiga bostirib kela boshladilar. Go'yo u og'ir gunohga qo'l urgan-u, butun boshli olomon hozir uni tilkalab tashlashga chog'langandek. Olomonning ko'ziga yolg'iz Xalil ashaddiy dushman bo'lib ko'rinar, hozir u saroydan chiqib kelib, lashkarning xavotirini tasdiqlagandek: «Odilu fozillikda tengsiz hukmdor bandalikni bajo keltirdi!» — deya ovoza qiladiganday hamma unga yovsirab qarab turardi.

Zindonda yotgan o'ng qo'l vazirning qulog'iga ham bu xabar yetib borsa, u o'rnidan sapchib turib: “Menga qasd qilganlarning ahvoli shunday past bo'ladi. El boshida turgan zot avliyoga tengdir, unga nohaq qo'l solgan kishi pes-moxovga duchor bo'ladi. Qazosi yetmay jon taslim qiladi. Mana isboti…” — deya shodlanadi. Ayni damda joniqib, zindon eshigining ochilishini betoqat kutadi. Va bu eshik ochqich kim bo'lishidan qat'i nazar, o'ng qo'l vazir taxtga o'tirishi bilan siylovlarga ko'milib qoladi. Chunki ne-ne podsholarni ko'rgan amaldor bunday odamlarni jangu jadalsiz butun boshli shaharni qo'lga kiritgan bu orsiz yigitcha kabi xor-zor qilib, zindonga tashlamaydi…

Ammo Xalil mergan o'ziga yaqinlashib kelayotgan olomonni qayg'u botqog'iga botirmadi, aksincha, ko'kragini g'oz kerib, shamshirini mahkam tutib:

— Yosh hukmdorimiz Muhammad mirzo sog'u salomatlar! — dedi dadil ovozda.

Olomon qiyqirib olqishladi bu xushxabarni. Har tomondan “U tirik!”, “Yosh sulton dunyo turguncha tursin!” degan hayqiriqlar yangradi. Qilichlar bir-biriga urilib, shovqin-suron avjiga mindi. Bu holat ayni damda Merganning ko'ngliga o'tirishmayotgandi. Chunki ayni damda shahar darvozasi ochiq, qarovsiz edi. Kutilmaganda bostirib keladigan bo'lsa, dushman qarshiliksiz ichkariga kira olardi.

— Shahar to'rt tarafdan qurshalsin, kirib-chiquvchilar qattiq nazoratga olinsin! — deya buyruq berdi u va darvozaga navkarlarni o'zi tayinladi. Uning buyrug'i og'izdan-og'izga ko'chib, navkarlarga yetib borgach, g'ala-g'ovur ikki hissa oshdi. Chang-to'zon biroz bosilib, yigirma-o'ttiz chog'li navkar qolganda, Mergan ularni to'xtatdi. Bular, asosan, o'zlari to'plagan, qurollantirgan sarbozlar edi. Ularga bosh qilib Omonyorni tayinladi. So'ng har bitta askarni o'tkir ko'zlari bilan nazoratdan o'tkazib, ko'ngli xotirjam tortdi. Saralanganlar orasida birorta bejo nigohni uchratmadi.

— Hoziroq shayx Ahmad hazratlarining makonlariga otlanasizlar, — dedi Omonyorga qarab, — yosh sultonimizning volidai muhtaramalari bilan birga boshqa ayollar va, albatta, Mahmudbekni ham olib kelasiz. Lekin hech biriga shahzodaning yaralanganidan og'iz ochmang.

— Amringiz bosh ustiga, — dedi Omonyor qo'lini ko'ksiga qo'yib.

— Oq yo'l!

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (33-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (34-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (35-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (36-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (37-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (38-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (39-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (40-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (41-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (42-qism)

 

 

 

loading...