Bentley kompaniyasi yangi Audi A7 narxidagi eksklyuziv soatlarni taqdim etdi

0

Bentley hamda Shveysariyaning Breitling soat ishlab chiqaruvchi kompaniyasi navbatdagi kollaboratsiyani taqdim etdi: Premier B21 Chronograph Tourbillion 42 Bentley Limited Edition nomli eksklyuziv xronograf. Mazkur soatlar cheklangan 25 nusxada taqdim etilib, ularning har birini narxi 49 ming yevroni tashkil etadi. Bu pulga yangi Audi A7 Sportback xarid qilish mumkin, deb xabar beradi Motor.

Bentley’ning ta'rif berishicha, soat 1940 yillarda ishlab chiqarilgan Breitling Premier klassik xronografining zamonaviy interpretatsiyasi hisoblanadi. Uning dizaynini brend asoschisining nabirasi, Bentley markasidagi avtomobillarga bo'lgan qiziqishi bilan tanilgan Villi Braytling yaratgan.

Qalinligi 22 millimetr keladigan soat korpusi 18 qirotli pushti oltindan ishlangan; korpusning o'ng yon tomonidan mexanizmni boshqaruvchi to'rtburchak tugmachalar mavjud. Kamari alligatorning jigarrang terisidan tikilgan, yoqutdan ishlangan orqa qopqog'ining ostida esa 22 qirotli oltindan yasalgan mayatnikni ko'rish mumkin.

Premier B21 Chronograph Tourbillion 42 Bentley Limited Edition’ni hozirda 49 ming yevro evaziga buyurtma qilish mumkin.

loading...