Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (47-qism)

0

O'sha kuni Muhammad mirzo ilk bora taxtga o'tirdi. Shunchaki yurib borib o'tirdi. Taxtda qanday sehr borligini bilmoqchi bo'ldi. Uzoq o'tirdi, lekin favqulodda bir holatni anglamadi, his etmadi. Payqagani shu bo'ldiki, taxtda o'tirgan odamga poygakdagilar maydaroq ko'rinarkan. Shunda uning kulgisi qistadi. Ixtiyorini jilovlamadi, qah-qah otib kuldi, chapak chaldi va o'tirgan joyidan sakrab turib, onasining yoniga bordi.

— Bugunoq nikoh marosimini o'tkazamiz, — dedi u shoshib. — Ertaga yetim-esirlarga, kambag'al-bechoralarga yeguliklar ulashamiz. Biroq bazm uyushtirishning mavridi emas, qashshoqlar ko'p, avvalo, ularning qornini to'yg'azishimiz zarur.

— Saroy a'yonlari norozi bo'lishi mumkin, — dedi o'g'lining shaxtidan cho'chib Zebo.

— Saroy a'yonlari… Ularni qo'ya turing, kechagi kungacha ular hamma qatori edi.

Zebodan bu gapni eshitgan Xalil mergan o'ylanib qoldi. Har safar shodligu tashvishlar sadoqatli odamlar bilan baham ko'rilardi. Shundagina yangidan amal olgan beklar, mingboshilar, vazirlar o'zlarini podshoga yaqin hisoblashardi. Bunday kutilmagan qarorlar ularni esankiratib qo'yishi tayin. Shunday ekan, yurtni ham bunday ahvolda uzoq boshqarib bo'lmaydi. Fuqaroning ko'nglini olish bilan birga, amaldorlarni ham xafa qilib qo'ymaslik lozim. Ayni chog'da Muhammad mirzo hatto fitnachilarga ham rahm-shafqat qildi. Hozircha amaldorlar uning tadbirlarini ma'qullab turishibdi. Hali oyoqqa mustahkam turib olganlaridan so'ng bosh ko'tarib qolishadi. Ko'zlariga orttirgan mol-davlatlari oz ko'rinadi. Shahzodadan yanayam ko'proq boylik talab qila boshlashadi. Demakki, boshqaruvda odillik bilan birga, albatta, qattiqqo'llik ham zarur. Buni mirzoga bahamjihat tushuntirish lozim.

Shu maqsadni ko'ngliga tukkan Xalil mergan Erg'ozini mashvaratga chaqirdi. Ikkisi, avvalo, mirzoning uylanishi bilan bog'liq tadbirlarni maslahatlashishdi. So'ngra mergan unga ko'nglidagi gaplarini aytdi.

— Men ham sizning maslagingiz tarafdoriman. Biz bek maqomini bergan savdogarning qadam olishi xiyla o'zgarib qoldi. Eshitishimga qaraganda, u xufiyona lashkarlarining sonini oshirayotgan ekan. Agar bunga e'tiborsiz bo'lsak, bir kuni boshimizga balo ortishi tayin, — dedi merganning gaplarini eshitib Erg'ozi.

— Unda siz, albatta, uning navkarlari orasiga o'z odamingizni qo'ying. Har nedan xabardor bo'lib tursin, — deya Erg'oziga tayinladi Mergan.

Uning niyati, nima qilib bo'lsa ham, mirzoning davlatga qiziqishini orttirish edi. Zero, Ahmad shayxning tarbiyasini olgan odam hukmdorlikni istamasligini u yaxshi bilardi. Lekin boshqa tomondan, shahzodaning urug'i hukmdorlarga borib taqaladi. Demakki, kun kelib, u yurtni boshqara boshlaydi. Yaxshi tarbiya va nasl-nasabning uyg'unligiga ega mirzoday zot, albatta, yurtda odillik o'rnatadi.

Mergan ko'p o'yladi va mulohazalarni Zebo bilan Farvizga ham uqtirishni diliga tugib qo'ydi.

Kamtarona o'tgan nikoh marosimidan keyin Farvizning yonida shahzoda o'zini yengil his qildi.

— Saroy bo'lmasa, atrofimizda odamlar ham kamroq bo'lsa-yu, ikkimiz emin-erkin turmush kechirsak, — dedi u ma'shuqasining sochini silarkan.

— Haramga har kim ham kiravermaydi. Erkingiz qo'lingizda, hazrati oliylari…

Shahzoda tuyqus o'rnidan turib ketdi, chuqur-chuqur nafas oldi. Ko'zini chirt yumib, o'zini bosishga harakat qildi.

— Sizga nima bo'ldi, xojam? — so'radi undan Farviz.

— O'tinaman, — dedi u tomonga o'girilgan shahzoda, — minba'd meni “hazrati oliylari” deb atamang.

— Nega endi? Yurt sizning ixtiyoringizda-ku…

— Shoshilmaylik, malikam, — dedi qaytib uning yoniga o'tirgan shahzoda va bir muddat Farvizga tikilib qoldi. So'ng yumshoqlik bilan:

— Menga ayting-chi, sizga nechta cho'ri tayinlandi? — deya so'radi.

— Beshta, — deya boshini egdi Farviz va bir muddat sukut saqlab turgach dedi, — yana ikkita kanizak ham bor.

— Kanizak?! — deya peshonasini tirishtirdi mirzo.

— Shunday, xojam.

— Ularga ne hojat?

— Har bir yurtda shunday urf-odat, sultonlarning xotinlari bilan birga kanizaklari ham bo'ladi.

— Bunisini bilaman. Lekin menga kanizaklarning aslo keragi yo'q, — dedi mirzo. Uning xayoliga ustozining o'giti kelgandi. “Har bir davlat, jamiyatni buzguvchi, aslida, sultonlarning ayollar bilan ayshu ishratidir. Tug'ilajak farzandlarining otasi bir bo'lgani bilan, onalari boshqa-boshqa bo'ladi. Shunday ekan, vaqt-soati kelib, har bir ona o'z farzandi taxt vorisi bo'lishini istaydi. Demakki, sulton olamdan o'tishi bilan mamlakatda xunrezliklar boshlanib ketadi. Oqibatda, minglab begunohlarning qoni daryo-daryo bo'lib oqadi”, degan edi Ahmad shayx. Qolaversa, bunday voqeaga mirzoning o'zi guvoh. Davronqul sultonni o'z o'g'illaridan biri qatl etdi. O'rniga taxtga chiqdi. Ammo ko'p o'tirolmadi. Boshqa bir shahzoda qo'shin tortib keldi… Bunga chek qo'yish darkor. Bitta mamlakatda bir shoh, bir malika bo'ladi.

— Lekin volidangizning xohishi shunday bo'lgan, — dedi boshini ko'tarolmay Farviz.

— Ertagayoq kanizaklarni boshqa yumushga buyuramiz.

Shu bilan u rafiqasi — malikaning ko'nglini tog'day ko'tarib qo'ydi. Shu bilan o'z ko'nglini tubsiz jarlikka uloqtirganday bo'ldi. Chunki u endi saroy tashqarisidagi hayotdan mutlaqo bexabar “qafasdagi qushlar”ni qo'yib yuborishni niyat qilgandi. Endi bu niyat emas, Farvizga ham aytdi, demak, va'da berib qo'ydi. Umrida dala-dashtdan yegulik termagan, mudom tayyoriga odatlangan “qushlar”ni qo'yib yuborayapti… Darvoqe, kanizaklar saroy tashqarisini ko'rgan-ku, nega qayg'uradi? Bemalol yashab ketadi. Mehrdodning haramidan chiqmagan. Boshqa yurt malikasi emas. Demak, avvaldan bek yoki amaldor, juda bo'lmaganda, savdogarning qizi. Ular malikalarga nisbatan uquvli bo'lishadi…

Orzulari ushalib, baxt sharobidan to'yib-to'yib ichgan Farviz shirin uxlab yotganida mirzo uning sochlarini siladi. “Mendan hukmdor chiqmaydi. Men tufayli yurt xonavayron bo'ladi. Ertaroq etak qoqishim kerak”, deb o'yladi ichida.

O'g'lining farmonini eshitib, Zebo bir qalqib tushdi. Tezda u bilan gaplashmoqqa chog'landi. Ammo imkoni yo'q edi. Shahzoda mashvarat o'tkazar, u mashvaratning bir ishtirokchisiga aylangandi. Xalil mergan, Erg'ozi, Matyoqubning gaplarini eshitayotib, taxtdan quyiroqda o'tirardi. Ko'ziga endi boshqalar mayda ko'rinmayotgan edi. Har-har zamon garangsib bir chekkada jimgina o'tirgan Omonyorga qarab qo'yardi. U shunchaki madad so'rab, Muhammad mirzoning yoniga borgan edi. Shahzodalarning taxt talashishidan begunoh odamlar qoni to'kilayotganini aytib borgan edi. O'ziga amal tilamagandi. Ammo ishning ko'zini biladigan, sadoqatli odamlar kamchiligi bois, u ham vazirning yordamchisi bo'lib qoldi. Endi o'tiribdi hech baloga aqli yetmay. Temirchilar, duradgorlar, kulollar yonida bo'lganida u o'zini farosatliroq tutardi… Mirzo avval o'ziga, keyin unga achindi. “Taqdirning o'yinini qarang, ikkovimiz ham bir yumalab taxtga chiqdik. Chiqishga chiqdik, ammo endi nima qilishni bilmayapmiz. Bilganimizda nima? Nimani bilishimiz kerak, aslida? Yurtni boshqarishda qattiqqo'llik kerak. Koshki, qattiqqo'llik birovga qattiq-qurum gapirish, oshib borsa, bir-ikki shapaloq tushirishdan iborat bo'lsa. Afsuski, unday emas-da. Farmoningni bajarmadimi, yumushni ko'nglingdagiday eplamadimi, shamshiringni chiqarib, bo'yni-elkasi aralash solishing kerak. Buni ko'rgan boshqalar yuraklarini sug'urib, qo'lingga tutqazishadi, biz eplolmadik bu yurakni, o'zingiz bir nima qiling, deydi… Bechora Omonyor, ich-ichingdan menga xabar yetkazganingga afsus chekib o'tirgan bo'lsang kerak. Mayli, xavotir olma, yaqinda hammasidan qutulamiz”.

O'y-xayolga berilib ketgan mirzo nigohini merganga qaratdi. Mergan soliq haqida gapirardi. Odamlarning daromadidan bir qismini xazinaga topshirishi, ayni chog'da, fuqarolar hovlisidagi mevali-mevasiz daraxtga ham, oz bo'lsa-da, soliq solishni taklif qilayotgandi.

— O'zingizga ayon, — dedi mirzo uning gapini bo'lib, — shahar qum barxanlari, biyday cho'lda turibdi. Na dov-daraxti bor va na ko'm-ko'k o'tloqzor. Daraxtni birov o'tqazmaydi. Birov ko'kni ko'rsa, yulib oladi. Sababi, hovlisida ko'kargan niholmi, o't-o'lan bo'lsa, soliq to'laydi. Ikki navkarni boshlab kelgan soliqchi bor-yo'g'ini shilib ketadi.

Mashvarat ahli jimib qoldi. Bir-birlariga o'g'rincha qarashdi.

— Fuqaroning hovlisida o'sadigan dov-daraxtga teginilmasin. Fuqarolarning boyigani — yurtning boyigani… Qolgan maslahatlarni keyin qilamiz. Hammangiz yumushingiz bilan shug'ullaning.

Onasi kirib kelganda mirzo asabiy holda edi. U merganga judayam ishongandi. Hatto yurtni unga topshirib ketmoqchi edi. Ammo uning soliq to'g'risidagi gaplarini eshitgach, hafsalasi pir bo'ldi.

— Shahzodam, — dedi uning yoniga kelgan Zebo, — nega buncha xomushsiz?

— Aslo, — dedi jilmayishga uringan mirzo, — ehtimol, sizga shunday tuyulgandir.

— Kuni kecha nikohdan o'tgansiz. Biror hafta yumushlardan chetda bo'lganingiz ma'qul.

— Yumushlarim bisyor.

— Inshoolloh, yumushlaringiz kushoyish bo'ladi… Shahzodam, ko'rib turibman, tashvishingiz ziyoda, nachora, qotgan boshingizga men-da ortiqcha yuk bo'lishga majburman, — dedi Zebo o'g'liga yanada yaqinlashib.

— Siz nafaqat boshimni qotirishga, balki qiynashga-da haqlisiz, ona.

— Yo'q, shahzodam, unday demang… Kelishimning boisi kanizaklar…

Mirzo onasi bilan diydorlashib, yuragidagi g'uborlarni haydamoqchi edi. Bo'lmadi. Birdan jiddiy tortib qoldi.

— Shaxsan o'zingiz bir yoqli qilishingiz lozim bo'lgan yumush bois yoningizga keldim.

— Farviz xonimga hammasini aytdim, ona. Menga kanizaklarning aslo zarurati yo'q. Yodingizda bo'lsa, bir paytlar o'zingiz davlatni ko'p xotinlilik ado qiladi, degandingiz. Kanizak, garchi nikohdan o'tmasa-da, malikadan farq qilmaydi…

— Shahzodam, gaplaringiz jo'yali. Ammo siz… butun mehr-muhabbatingizni bitta ayolgagina berolmaysiz…

— Judayam to'g'ri. Men bitta emas, balki ikkita ayolga mehr qo'yganman. Birinchisi — siz, keyingisi — keliningiz Farvizxonim. Ortiq ayol mendan muhabbat kutmasin… Darvoqe, saroy amaldorlari orasida so'qqaboshlar bo'lmasligi kerak. Boyagina mashvaratda Omonyorga ko'zim tushdi. Haliyam u xotinsiz ekan. Sizdan so'rovim, kanizaklardan birini unga nikohlab bersangiz.

Mirzo savolga o'rin qoldirmadi. Shu bois Zebo tezda ortiga qaytdi, o'g'liga lom-mim deyolmadi. “Ehtimol, — o'yladi u, — Muhammad mirzo haqdir. Haqiqatan ko'p xotinlilik… aslidayam ko'pxotinlilik hech vaqt saltanatga yaxshilik keltirmagan. Mudom janjal, xunrezlikka sabab bo'lgan. Baski, mirzo haq”.

Shu o'y-xayollarda Zebo haramga kirdi. Avval o'g'liga deb o'zi tanlagan kanizaklarga duch keldi. Birining qo'lida billur idish, suyuqlikka to'la. Ayni chog'da har ikki kanizakning ham ko'zlari bejo. Faqat bunga Zebo e'tibor bermadi. Kanizaklarning iltifot bilan bergan salomlariga alik oldi. Shu mahal negadir uning ko'ngli ayniy boshladi. Beixtiyor tomog'ini siladi. Yutoqib nafas oldi. Biroq ko'ngil aynishi o'tib ketmadi. U kanizaklar bilan bir-ikki og'iz gaplashmoqchi edi, ammo imkoni bo'lmadi. So'zlashganida, balki umrida birinchi marta bunday fitnaga qo'l urayotgan haram vakilalarining idishidagi suyuqlikka zahar aralashganini sezar va uni ichishi lozim bo'lgan Farvizni xavfdan asrab qolgan bo'lardi.

 

(Asarning davomini yaqin soatlarda o'qiysiz)

Avvalgi voqealarni o'qish uchun quyidagi havolani bosing:

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (1-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (2-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (3-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (4-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (5-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (6-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (7-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (8-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (9-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (10-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (11-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (12-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (13-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (14-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (15-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (16-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (17-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (18-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (19-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (20-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (21-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (22-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (23-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (24-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (25-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (26-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (27-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (28-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (29-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (30-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (31-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (32-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (33-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (34-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (35-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (36-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (37-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (38-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (39-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (40-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (41-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (42-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (43-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (44-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (45-qism)

Nuriddin Ismoilov asari: “Shahzoda” (46-qism)

 

 

 

loading...