Twitter Clubhouse ijtimoiy tarmog'ini sotib olishni rejalashtirmoqda

0

Twitter o'tgan oylar davomida Clubhose ijtimoiy tarmog'ini sotib olish bo'yicha muzokaralar olib borgan, deb xabar berdi Bloomberg.

Agentlikning yozishicha, tomonlar kompaniyaning taxminan 4 milliard dollarga sotilishini muhokama qilgan. Lekin hozir muzokaralar olib borilmayapti, ehtimoliy kelishuv nima uchun to'xtab qolgani aniq emas.

Twitter vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi, Clubhouse esa nashrning savoliga javob bermadi.

6 aprel kuni Bloomberg agentligi Clubhouse’ning investitsiyalar jalb qilish bo'yicha muzokaralar olib borayotgani haqida ma'lum qildi. Lekin pulning qanchaligi va investorning kimligi haqida xabar berilmadi.

Clubhouse 2020 yilda ishga tushirilgan ijtimoiy tarmoq bo'lib, undagi muloqotlar audiochatlar yordamida olib boriladi. Dasturga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining taklifi yoki ro'yxatdan o'tish navbatini kutish orqali kirish mumkin.

Fevral oyida WhatsApp va Facebook’dan keyin Clubhouse uchinchi eng ko'p yuklab olingan dastur bo'ldi. Mart oyining o'rtalarida Clubhouse dasturining yuklab olinishlari soni 12,7 millionga yetdi.

Aprel oyining boshida ijtimoiy tarmoq bir foydalanuvchining boshqa foydalanuvchiga to'lovlarni to'g'ridan-to'g'ri amalga oshirish imkoniyatini yo'lga qo'yganini e'lon qildi. Shu bilan birga, Clubhouse o'zining hamkori Stripe to'lov tizimi jo'natuvchidan oz miqdorda komissiya to'lovi undirishi haqida ogohlantirdi, lekin ijtimoiy tarmoqning o'zi tranzaksiyalardan foiz olmoqchi emas.

loading...