1,3 million Clubhouse foydalanuvchilarining ma'lumotlari internetga tarqalib ketdi

0

Clubhouse ijtimoiy tarmog'ining 1,3 million foydalanuvchisiga tegishli ma'lumotlar oshkor bo'ldi. Bu haqda CyberNews portali xabar berdi.

 

Portal xabariga ko'ra, Clubhouse foydalanuvchilarining ma'lumotlari mashhur xakerlik forumida bepul ko'rinishda paydo bo'lgan. Xususan, ma'lumotlar bazasida hisob yozuvlarida ko'rsatilgan ismlar mavjud. Bundan tashqari, unda foydalanuvchilarning suratlariga havolalar, ularning Twitter va Instagram akkauntlari, shuningdek, foydalanuvchining Clubhouse’dan ro'yxatdan o'tganida tarmoqqa kim tomonidan taklif qilingani haqida ma'lumotlar bor.

 

CyberNews’ning ta'kidlashicha, tarqalgan ma'lumotlar hech qanday maxfiylikni o'z ichiga olmaydi, (masalan, kredit kartalari kabi) lekin ular xakerlik hujumlarini amalga oshirish uchun yetarli bo'lishi mumkin. «Boshqalarning nomidan batafsil profillar yaratish uchun, xakerlar ushbu ma'lumotlarni boshqalari bilan birlashtirishi mumkin. Bunday ma'lumotlarga egalik qilib, ular ancha jiddiy hujumlar uyushtira oladi», — deb yozgan portal.

 

Aprel oyining boshida Business Insider nashri 530 million Facebook foydalanuvchilariga tegishli telefon raqamlar, ism-familiyalar, tug'ilgan sanalar va elektron pochta manzillarining tarmoqqa chiqib ketgani haqida xabar bergan edi. Bundan dunyoning 106 mamlakati, xususan, AQShning 32 million, Buyuk Britaniyaning 11 million, Hindistonning 6 million aholisi zarar ko'rdi. The Sun nashrining yozishicha, ijtimoiy tarmoq asoschisi Mark Sukerbergning foydalanuvchi identifikatori, telefon raqami, manzili, nikohi haqidagi ma'lumotlari ham tarmoqqa chiqib ketgan. Facebook’ning xabar qilishicha, xakerlar ushbu ma'lumotlarni 2019 yil kontaktlarning importi tufayli foydalanuvchi akkauntlaridan chiqarib olgan.

 

Bir hafta o'tgach, CyberNews 500 million LinkedIn foydalanuvchilarining ma'lumotlari tarmoqda tarqalgani haqida xabar berdi. Xakerlar tomonidan sotuvga qo'yilgan arxivda foydalanuvchilarning identifikatorlari, ismlari, pochta manzillari, telefon raqamlari va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga havolalar mavjud bo'lgan. Ma'lumot kimoshdi savdosida «to'rt xonali narxga» sotilgan, ehtimol, bitkoinga bo'lishi mumkin. LinkedIn ma'lumotlarning tarqalganini rad etdi va oshkor qilingan ma'lumotlar omma uchun ochiq bo'lganini aytdi.

loading...