O'zR DXX Chegara qo'shinlari “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyiga o'qishga taklif etamiz!

0

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 avgustdagi
473-sonli “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi faoliyatini tashkil etish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo'shinlari tasarrufida Surxondaryo viloyatida Termiz shahrida “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi 2021 yil 1 sentyabrdan o'z faoliyatini boshlaydi.

“Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida o'qish davomiyligi ikki yil bo'lib, joriy yilda umumta'lim maktablarini 9-sinfini tamomlayotgan erkak jinsli O'zbekiston Respublikasining fuqarolari o'qishga qabul qilinadi. O'quvchilar yotoqxona, harbiy kiyim bosh va oziq-ovqat bilan ta'minlanadi.

Ta'lim yo'nalishi: 50 foiz o'quvchilar aniq fanlar, 50 foiz ijtimoiy-gumanitar fanlardan iborat.

Mazkur litsey bitiruvchilariga quyidagi imtiyozlar beriladi:

“Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyini imtiyozli diplom bilan tugatganlarga ta'lim yo'nalishiga qarab, O'zbekiston Respublikasi DXX Akademiyasi yoki Qurolli Kuchlar Akademiyasi Chegara fakultetiga test sinovlarisiz kirish huquqi beriladi.

O'zbekiston Respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalariga o'qishga kirishda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o'tkaziladigan test sinovlarida o'zlari to'plagan ballarning 30 foizi miqdorida, respublikaning boshqa davlat oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirishda esa o'zlari to'plagan ballarning 15 foizi miqdorida qo'shimcha ballar ko'rinishida imtiyoz beriladi.

Bundan tashqari, bitiruvchilar “V”, “S” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo'lishadi.

“Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida o'qishga kirish istagini bildirgan shaxslar ariza bilan o'zlarining yashash joylaridagi Mudofaa ishlari bo'limlariga (masalan, Andijon viloyati, Paxtaobod tumanida yashovchi shaxs Paxtaobod tuman Mudofaa ishlari bo'limiga) joriy yilning 1 may kuniga qadar murojaat qilishlari mumkin. Arizada o'zingiz tanlagan aniq yoki ijtimoiy-gumanitar fanlar ta'lim yo'nalishini ko'rsatishingiz shart.

Nomzodlar dastlabki va harbiy-kasbiy tanlovlardan muvaffaqiyatli o'tganlaridan so'ng test sinovlariga qo'yiladi.

Test sinovlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o'rnatilgan tartibda o'tkaziladi.

Test topshiriqlari umumiy o'rta ta'lim fanlarining (5-9 sinflari kesimida) Davlat ta'lim standartlariga muvofiq tuziladi.

Nomzodlar test sinovlarini o'z ixtiyorlariga ko'ra uch tilning birida – o'zbek, qoraqalpoq va rus tillarida topshirishlari mumkin, shuningdek, o'zlari tanlagan aniq yoki ijtimoiy-gumanitar fanlar ta'lim yo'nalishiga topshiradilar.

Dastlabki va harbiy-kasbiy tanlashdan muvaffaqiyatli o'tgan quyidagi nomzodlar “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyiga test sinovlarisiz o'qishga kabul qilinadi:

xalqaro va respublika fan olimpiadalarining g'oliblari – belgilangan qabul kvotasi doirasida;

o'z xizmat vazifalarini bajarish chog'ida halok bo'lgan yoki jarohatlanish (shikastlanish) natijasida nogiron bo'lib qolgan harbiy xizmatchilarning farzandlari – kvotadan tashqari;

etim, ota-ona qarovisiz qolgan, davlat va jamiyat ko'magiga muhtoj bo'lgan, joriy yilda umumta'lim maktablarining 9-sinfini tamomlagan voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash bo'yicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasi hamda DXX rahbariyatining qarorlari asosida – kvotadan tashqari belgilangan kvotaning 5 foizidan ko'p bo'lmagan miqdorda.

Ushbu toifadagi nomzodlar litseyning qabul komissiyasining tavsiyasiga asosan ruxsati bilan kvotadan tashqari o'qishga qabul qilinishi mumkin.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbarligida o'tkazilayotgan respublika va xalqaro sport musobaqalarining g'oliblariga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan litseyga kirish uchun o'tkazilayotgan test sinovlarida ular to'plagan ballarning 20 foizi miqdoridagi qo'shimcha ballar ko'rinishida imtiyoz beriladi.

Mazkur litseyda yuqori bilim darajali, intellektual salohiyat va professional mahoratga ega o'qituvchilar tomonidan darslar o'tiladi.

O'quvchilar o'zlarining qobiliyatlarini namoyon qilish va rivojlantirish, o'z salohiyatini o'stirish maqsadida chuqurlashtirilgan bilim olishlari uchun zarur imkoniyatlar yaratilib, barcha fanlar bo'yicha mashg'ulotlarni o'tkazish vaqtida o'quvchilar kichik guruhlarga bo'lib o'qitiladi.

E'tiborli jihati shundaki, “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi barcha sharoitlarga ega bo'lib, o'quvchilar uchun o'q otish mashg'ulotlari, psixologik treninglar, bilimdonlik o'yinlari, ekskursiyalar, turli ko'ngilochar tadbirlar va sport musobaqalari o'tkazilib kelinadi.

Shoshiling, Sizda hali imkoniyat bor!

loading...