​MAKTAB YoShIDAGI BOLANING OVQATLANISh VAQTINI QANDAY TAShKIL ETISh KERAK?

0

Sog'lom farzand oila quvonchi, ota-onaning baxti, hayot davomchisidir. Shu bois har bir oilada bola parvarishiga, uning sog'lom taomlanishiga alohida e'tibor qaratiladi. Bu galgi suhbatimizda maktab o'quvchilari, ular qanday taomlanishi haqida fikr yuritamiz.

SSV Matbuot xizmatining shu mavzudagi savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Guli ShAYXOVA javob beradi.

— Me'da-ichak kasalliklarining yuzaga kelish xavfi bolaning 6-7 yoshida bir muncha yuqori sanaladi. Odatiy kun tartibining o'zgarishi, aqliy mehnat yuklamasining ortishi, o'z vaqtida va to'g'ri ovqatlanmaslik — oshqozon faoliyati buzilishini keltirib chiqaradi? — deydi G.Shayxova. — Mahsulotlar tarkibidagi kimyoviy moddalar va ko'p foizli uglevod vaqtincha to'qlik hissini yuzaga keltiradi, ammo organizm o'ziga kerakli ozuqani olmaydi. Uglevodli taom va yeguliklarni muntazam iste'mol qilish esa semirishga moyillikni yuzaga keltiradi.

— Bolalarning ovqatlanish vaqti oralig'i qancha bo'lishi kerak?

— Hayotining dastlabki uch yilida bola o'zining kundalik ovqatini kun davomida teng miqdorda iste'mol qilib boradi. So'ng asta-sekinlik bilan 6-7 marta ovqatlanishdan 5 martaga, keyin esa 4 martalik tartibga o'tiladi.

Maktab yoshida kundalik taomlanish shunday taqsimlanadiki, bunda tushlik hajmi jihatdan ko'proq va quvvat qiymati yuqoriroq bo'ladi. Ammo mazkur tartibga o'tish sekin-asta bajarilgani ma'qul. Aks holda, bola oshqozoniga og'irlik tushishi mumkin.

Nonushta: bola organizmi uchun kerak bo'lgan bir kunlik energetik qiymatning 25 foizini tashkil etadi. Nonushta sabzavotli salatlar va issiq ovqatdan iborat bo'lmog'i lozim. Bunda — bo'tqa, kartoshka va sabzavotli aralashmalar, qaynatilgan tuxum, tvorog, sut, sutli qahva, sutli kakao bo'lishi mumkin.

Tushlik: rivojlanayotgan bola organizmi uchun kerakli bo'lgan bir kunlik energetik qiymatning 30-35 foizini tashkil etadi. Tushlikda sho'rva, go'shtli yoki baliqli ovqat (garniri bilan) va biror xil shirinlik (kremli bo'lmasligi kerak) iste'mol qilgan ma'qul.

Tushdan keyin: bu mahal bolaning suyuqlikka bo'lgan ehtiyoji to'liq qondirilishi lozim. Negaki tushlikdan so'ng bola ko'proq chanqaydi. Ikkinchi tushlikka bir kunlik energetik qiymatning 15–20 foizi to'g'ri keladi. U suyuqliklar, meva, shirinlik yoki pishiriqlar, kulcha kabi yeguliklardan iborat bo'lmog'i darkor.

Kechki taomlanish: to'g'ri tuzilgan taomnoma asosini tashkil etuvchi qism ham aynan shu. Kechki ovqatlanish bir kunlik energetik qiymatning 20 foizini tashkil qiladi. Bunda taomning yengil hazm bo'lishiga e'tibor qaratish lozim. Kechki taom uchun tvorogli, sabzavotli, yormali, bug'da yoki qaynatib pishirilgan issiq ovqat, sut, qatiq tavsiya etiladi.

Iste'mol mahsulotlari bolaning yoshidan kelib chiqib taqsimlansa, organizm kerakli ozuqa manbaiga ega bo'ladi.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi.

loading...