Toshkentda 3 nafar ayol majburan IIBga olib kelindi. Sababi ma'lum

0

Internet tarmog'ida Toshkent shahar IIBB xodimlari ayollarni xizmat avtomobili tomon olib ketayotganligi aks etgan videotasvir tarqalmoqda. Mazkur holat bo'yicha Toshkent  shahar IIBB rasmiy bayonot berdi.

«14 aprel kuni taxminan soat 21.30 da Qoratosh va Bunyodkor ko'chalari kesishmasida Toshkent shahar IIBB patrul-post xizmati xodimlari avtomobillar qatnov qismida farzandlari bilan tilanchilik qilib haydovchilarga halaqit berayotgan uch nafar ayollarni ko'rishgan. Ayollar tilanchilik qilish ma'muriy huquqbuzarlik hisoblanishi haqida ogohlantirilib, ularning shaxslarini aniqlash maqsadida Shayxontohur tumani IIO FMB 2-son Ichki ishlar bo'limiga taklif qilindilar. Bunga javoban ayollar atrofdagilarning rahmini keltirish uchun baqirib, xodimlarga faol qarshilik qila boshlashdi. Ichki ishlar bo'limiga olib kelingan shaxslar Samarqand viloyatilik ikki farzandli 25 yoshli Mahliyo Yu., 30 yoshli Zuhra Sh. va 25 yoshli Sanobar U. ekanliklari, shuningdek ular muqaddam bir necha marotaba ogohlantirilganliklari aniqlandi.

Bundan avval xodimlar mazkur ayollarni yo'l qismida tilanchilik maqsadida bolalaridan foydalanayotganliklarini guvohi bo'lishgan. Bu ayollarning yo'l qatnov qismida tilanchilik qilishi nafaqat ularning o'zlari, balki norasida go'daklarining hayoti uchun ham xavfli bo'lib, kamiga boshqa yo'l harakati qatnashchilarining hayotini ham xavf ostida qoldirgan.

Ayollarga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko'rilishi uchun tergovga qadar tekshiruvi o'tkazilmoqda, natijasi haqida qo'shimcha xabar beriladi.

Qayd etish joizki, Toshkent shahar IIBB xodimlari tilanchilik uchun javobgarlik kuchaytirilgandan buyon, faol tilanchilik bilan shug'ullanuvchi shaxslar orasida tushuntirish profilaktik ishlarni olib borishmoqda. Profilaktik suhbatlar davomida tilanchilik bilan shug'ullanish sabablari o'rganilib, ularga yordam berish uchun ish taklif etilmoqda. Afsuski, ushbu fuqarolar har doim ham ishga joylashishga rozi bo'lmasdan, yengil daromad topish maqsadida tilanchilik bilan shug'ullanishda davom etmoqda».

loading...