Sarobga aylangan orzu yoxud firibgarlarga chuv tushgan sodda yigitlar

0

Birovning haqi birovga buyurmaydi. Afuski, bu oddiy haqiqatni tan olmasdan, o'zganing mol-mulkiga ko'z olaytiradigan firibgar lar oramizda hali-hamon uchrab turibdi. Quyidagi hikoyamiz ham ana shunday «hojatbaror» firibgarlar haqida.

2018 yilning iyul oyi. Keyingi paytlarda fikr-yodi Koreya respublikasiga borib ishlab kelish bilan band bo'lib qolgan Nodirjonning bugun kayfiyati ko'tarinki, chunki bunga arzirli sabab bor. U hozirgina Erkinjon ismli qarindoshi bilan uchrashib qaytyapti. Nodirjon o'z-o'zidan kulimsirab qo'yarkan, qarindoshi bilan bo'lib o'tgan suhbat yana bir bor xayolida jonlandi…

— Aka, bu yerda itning orqangi oyog'i bo'lib yuraverish rosa jonga tegib ketdi-ku! Chet elga ishga jo'natadigan biror tanishishingiz bo'lsa, yordam qiling, bizlarda ham qolib ketmas, — dedi u Erkinjonning ko'zlariga tik qarab.

— Nodirjon, chindan ham chet elga ishga ketmoqchimisiz? — biroz o'smoqchilab so'radi Erkinjon qarindoshining niyatini ochiq-oydin bilib tursa-da.

— E-e, akajonim-ey, ketmoqchimisiz, deganingiz nimasi? Ketasizmi, deng, akamjonim, ketasizmi, deng?! O'ziyam o'tgan yildan beri ovorai sarson bo'lib, chetga ketolmay yuribman-ku, aka! — dedi Nodir ko'zlarini katta-katta qilganicha qarindoshiga yig'lab yuborgudek bir ahvolda qararkan.

— Endi Nodirjon, chet elga ketishning ham o'zi bo'lmaydi, sarf-xarajat degan narsalar bor, — suhbatdoshiga ilmoqli gap qildi Erkinjon.

Xudo Nodirjonni fahm-farosatdan qismagandi. U qarindoshining nimaga shama qilayotganini darrov tushundi.

— Bu yog'iga gap-so'z bo'lishi mumkin emas, akamjonim, bir kunimga yarab qolar, deb yig'ib qo'ygan uch-to'rt tangam bor, — deya qo'lini ko'ksiga qo'ydi Nodirjon.

— Hozir ishlar uch-to'rt so'm bilan bitmaydigan bo'lib ketgan-ku, uka, — dedi Erkinjon. — Ochiqroq aytavering, qancha pul atagansiz?

— Naqd olti ming dollar pulim bor, agar bu yetmasa, qarindosh-urug', tanish-bilish, degandek, yaqinlardan yana biror ming dollar toparman, — Nodirjon go'yoki shuncha pulni bersa muammosi hal bo'ladigandek biroz hayajonga berilib.

— Demak, yetti ming dollar topib berishga kuchingiz yetarkan-da, — tag'in o'smoqchilab so'radi Erkinjon.

— Shunday, aka, shunday, — deya qo'lini ko'ksiga qo'ygan holda javob qaytardi Nodirjon.

— Uka, ishqilib, men yaxshi insonlarga siz haqingizda aytib, keyin siz pul to'plashga qiynalib qolib yoki u-bu sabab bilan ahdingizdan qaytib qolmaysizmi? Chunki sizdan keyin ham ular bilan necha marta ko'zimiz ko'zimizga tushishi bor, yana bir-birimizdan uyalib yurmaylik, — deya Nodirjonning ko'zlariga sinchkovlik bilan tikildi Erkinjon.

— Akajon, bu yog'idan xavotir olmang, hali aytdim-ku, qo'limda naqd olti ming dollar pulim bor. Chet elga ketish niyatida biror joyga ishlatmay…

— Bo'lmasa, bunday qilamiz, ukajon, men bir tanishlarim bilan gaplashib ko'ray. Adashmasam, ular firma ochib, Koreyaga odam jo'natyapmiz, deyishgandi, — dedi Erkinjon suhbatdoshining so'zlarini bo'lib qo'yarkan.

Bu so'zlarni eshitgan Nodirjon turgan joyida sakrab yuborayozdi:

— Ichimsiz-da, akajon, ichimsiz, o'zim ham aynan Koreyaga ishga ketsam yaxshi bo'lardi, deb yurgandim!

— Niyat xolis-da, niyat xolis, — deya kulimsiradi Erkinjon. — Lekin siz hozirdan do'ppingizni osmonga otavermang, men avval bir surishtirib ko'ray-chi, keyin sizga javobini aytaman…

— Ma'qul, akajon, ma'qul, — deya tag'in qo'lini ko'ksiga qo'ydi Nodirjon.

Chindan ham Erkinjon so'zida turib chet elga ishga ketish ishtiyoqida yurgan qarindoshini Shokirjonov Nodirjon Olimjon o'g'lini (maqoladagi ism-familiyalar shartli ravishda o'zgartirilgan) Abdulla ismli tanishi bilan uchrashtirib qo'ydi. Bir ko'rgan odamida yulduzni benarvon uradigandek taassurot qoldiradigan Abdulla Murodov Nodirjon bilan suhbatda gapni cho'zib o'tirmadi.

— Erkinjon aytdi, siz Koreya davlatiga ishga ketish masalasida gap ochgan ekansiz, — dedi Abdulla va Nodirjon «Shunday», degan ma'noda boshi bilan tasdiq ishorasini qilganidan so'ng so'zida davom etdi. — Bizning firmamiz jiddiy firma, ba'zilarga o'xshab, pulingizni olib, keyin o'zingizni ovora qilmaymiz. Katta gapirmayin-ku-ya, lekin sizni uzog'i bilan uch-to'rt oy ichida Koreyaga jo'natib yuboramiz. Faqat yaxshigina xarajati bor.

— Aytavering, aka, qancha xarajat bo'lsa, biz tayyormiz, — darrov qo'lini ko'ksiga qo'ydi Nodirjon.

— O'zi biz begonalardan kamida yetti-sakkiz ming AQSh dollari olib, ishini hal qilib berayotgandik. Lekin sizning o'rtangizga Erkinjon aka tushgani uchun, men u kishini rosa qattiq hurmat qilaman, siz jami olti ming besh yuz AQSh dollari bersangiz bo'ldi. Qolgan barcha xizmatlar bizning bo'ynimizda, — dedi Abdulla Nodirjoning yuz-ko'zidagi o'zgarishni ilg'ash uchun unga sinchkovlik bilan tikilib turib.

— Roziman, aka, roziman! Pulni qachon berishim kerak?! — deya hovliqib qoldi uning bu so'zlarini eshitgan Nodirjon.

— Hozircha puldan gapirmay turing, avval biz siz haqingizda ish beruvchiga aytaylik, keyin oyiga qancha maosh sizni qoniqtiradi, shularni gaplashib olaylik, pulni esa ana undan so'ng ham berib ulgurasiz, — dedi Abdulla.

Nodirjon shoshma-shosharlik qilib, ortiqcha gapirib yuborgani uchun uzr so'radi:

— Kechirasiz, aka, endi pulni oldindan berib qo'ysam, ish ham shunga yarasha tezroq hal bo'ladimi, deb o'ylagandim-da…

— Uka, hali yoshsiz, shuning uchun sizga maslahat sifatida bir gapni aytib qo'yay: agar kimda-kim ishni bitirmasdan turib pul so'rasa yoki «Undoq qilib yuboraman, bundoq qilib tashlayman», deya katta gapirsa, bilingki, bunday odamlar firibgar bo'ladi. Shu gapimni hech qachon yodingizdan chiqarmang va undaylardan doimo uzoqroq yuring, — dedi Abdulla yigitga qarab.

Hamon qo'li ko'ksida turgan Nodirjon unga ich-ichidan «besh» ketdi: «Rosa mard odam ekan, pulni ish bitgandan so'ng berasan, deyapti!».

2018 yil avgust oyining o'rtalari. Nodirjon Qorasuv shahri markazida Abdulla Murodovning o'g'liga 2000 AQSh dollari berdi. 2019 yil aprel oyining boshlarida esa poytaxtga yetib kelgan yigit «Rayhon» kafesining yonida «hojatbaror» tanishi, ya'ni Abdulla bilan uchrashib, uning qo'liga 4500 AQSh dollarini tutqazdi.

— Nodirjon, sizning oldingizda jichcha xijolatli bo'lib qoldik-da, ukajon, — deya uzr so'ragandek bo'lib miyig'ida kulimsiradi Abdulla undan pullarni olar ekan. — Men sizga uzog'i bilan uch-to'rt oyda ishingizni hal qilamiz, degandim, ammo o'zimizga ham bog'liq bo'lmagan holda bu narsa biroz cho'zilib ketdi. Lekin Xudo xohlasa, ko'pi bilan 10-15 kun ichida Koreya davlatiga ketasiz. Qilgan mana bu xarajatlaringizni, — Murodov shunday deya qo'lidagi ko'kimtir pullarga qarab qo'ydi, — ikki oyda chiqarib olasiz, shuncha kutganingizga yarasha maoshi kamida uch ming dollarlik ishga ketyapsiz, ukam. Men hozir sizni firma rahbari bilan uchrashtirib qo'yaman, qolgan yo'l-yo'riqlarni uning o'zi o'rgatadi sizga.

Shundan so'ng ular A'zamjon Rahimovning yoniga borishdi. Abdulla Nodirjondan olgan pullarini A'zamjonga berdi.

— Sizning hamma ishingiz hal bo'ldi, faqat bizga chet elga chiqish uchun mo'ljallangan pasport yetishmay turibdi. Yashash joyingizdan chet elga chiqish uchun mo'ljallangan pasport olib, jo'natsangiz, bas, u yog'i Koreyaga qarab uchaverasiz, — dedi A'zamjon Rahimov.

Quvonchi ichiga sig'may ketayotgan Nodirjon tezlik bilan ortiga qaytib, chet elga chiqish pasportini Abdullaga taksi orqali jo'natib yubordi. Lekin uning Koreya davlatiga borib ishlash orzusi orzuligicha qolib ketdi. Oradan ko'p o'tmay Nodirjon A. Murodovga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqida eshitib qoldi-yu, o'zini go'yoki suvga tushgan mushukdek abgor his qildi. Yaxshiki, Abdullaning qarindoshlari unga 2000 AQSh dollari miqdoridagi pulini qaytarib berishdi. Albatta, 2000 dollar, 6500 dollar emas, lekin halol peshona teri evaziga topilgan har bir so'm qadrli-da, odamga.

Buni qarangki, Abdulla Murodovning jinoiy sherigi bo'lmish A'zamjon Rahimovning firibgarlik tuzog'iga ilingan bitta Nodirjon emas ekan. A'zamjon 2019 yilning avgust oyida Koreya Respublikasiga ishlash uchun borishni rejalashtirib yurgan yana bir fuqaro — Uzoqov Davlatboy Davronqul o'g'lini ham aldab, uning 5000 AQSh dollari miqdoridagi pullarini tanishi orqali olgani ma'lum bo'ldi. Ammo oradan bir necha oy o'tsa-da, va'da qilingan ishdan darak bo'lavermagach, Davlatboy pul bergan odamidan dollarlarini qaytirshni so'radi. Shunda unga 5000 AQSh dollaridan bor-yo'g'i 850 dollari qaytarildi, xolos.

Sudlanuvchi A'zamjon Abduhamidovich Rahimov sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, jabrlanuvchilarga ulardan olgan pulining ma'lum qismini qaytarganligini, qolgan pullarni esa qaytarib bera olmaganligini, hozirda qilmishidan chin ko'ngildan pushaymonligini va moddiy zararning qo'planmay qolgan qismini depozit hisob raqamiga qo'yganligini ko'rsatib, suddan unga yengillik berishni so'radi.

Sud, sudlanuvchi A'zamjon Rahimovga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda, sodir etilgan jinoyatlarning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishning sabablarini inobatga olib, sudlanuvchi jinoyatlarni g'araz niyatlarda sodir etganligi aybni og'irlashtiruvchi holat deb, ammo sudlanuvchi aybiga iqrorligi va qilmishidan chin ko'ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, qaramog'ida voyaga yetmagan farzandlari borligi, moddiy zararning o'rni to'liq qoplanganligi, yashash joyidan ijobiy tavsiflanishi aybni yengillashtiruvchi holatlar deb topdi va sudlanuvchi A. Rahimovga uzil-kesil o'tashlik uchun oylik ish haqidan 20% davlat foydasiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil 24 (yigirma to'rt) kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

Temur KASIMOV,

jinoyat ishlari bo'yicha

Yakkasaroy tuman sudi sudyasi

Sunnatullo ABDIMUROD o'g'li,

jurnalist

 

loading...