Bola huquqlari bo'yicha vakil: Navoiydagi Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalaridagi holat talab darajasida emas

0

Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari ta'lim-tarbiya berish, korreksiyalash va davolash-sog'lomlashtirish muassasalari hisoblanadi hamda jismoniy yoki psixik rivojlanishida turli nuqsonlari bo'lgan bolalarning umumiy o'rta ta'lim olishda va ularni bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalashda, jamiyatga moslashuvi va integratsiyalashuvida ko'maklashish, shuningdek ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga farzandlarini tarbiyalash va ularga ta'lim berishda yordam ko'rsatish maqsadida tashkil etiladi.

 

 

Bola huquqlari bo'yicha vakil Aliya Yunusova Navoiy viloyatiga tashrifi davomida ushbu hududda joylashgan jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar)ga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

 

 

Navoiy viloyatida 3 ta jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasalari mavjud. Bular Qiziltepa tumani 36-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati; Karmana tumani 25-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati (kar va zaif eshituvchi bolalarga ta'lim tarbiya berish uchun) va Navoiy viloyati ko'rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasalaridir.

 

 

 

Monitoring o'tkazilgan kunda olingan ma'lumotlarga ko'ra, ushbu muassasalarda jami 618 nafar (qizlar 251 nafar) imkoniyati cheklangan bolalar ta'lim-tarbiya olmoqda.

Bundan tashqari jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo'lgan 691 nafar (qizlar 289 nafar) bolalar uyda yakka tartibda ta'limga jalb etilgan, ularga 2236 nafar o'qituvchilar ta'lim bermoqda.
Qiziltepa tumani 36-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati.

 

 

Maktab inernati jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo'lgan aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasasi hisoblanadi. Muassasa binosa 1961 yilda xom g'ishtdan qurilgan. 2014 yilda 180 o'rinli o'quv binosi va 50 o'rinli yotoqxona qurib berilgan. 2019 yilda 150 o'rinli yotoqxona qurib ishga tushirilgan. Quvvati 250 o'rinli bo'lib, unda 248 nafar tarbiyalanuvchi mavjud.

Aniqlangan kamchiliklar: Maktab hovlisidagi yo'laklar ta'mir talab, hovli obodonlashtirilmagan bolalarni darsdan keyingi bo'sh vaqtlarini o'tkazish uchun hovlida sharoitlar yaratilmagan. Jumladan sport maydonchalari yo'q. O'quv ustaxonalarining moddiy-texnik holati yaxshi emas. Tikuv mashinalari, duradgorlik dastgohlari va asbob-uskunalar yetishmaydi.
O'quvchilarning salomatligi nazorat qilinib borilmoqda. Lekin muassasada doimiy ishlovchi pediatr va psixonevrolog kerak.
Oshxona 120 o'rinli bo'lib, monitoring kunida sanitariya holati qoniqarli emas. Oshxona jihozlaridan markerovkasida ko'rsatilgan maqsadlarda foydalanilmayabdi.

 

Manba: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati

loading...