Toshkentda badiiy gimnastika bo'yicha Jahon kubogi boshlandi(foto)

0

Kecha, 16 aprel kuni Toshkentdagi Gimnastika bo'yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o'smirlar sport maktabida badiiy gimnastika bo'yicha Jahon kubogi boshlandi. Bu haqda Turizm va sport vazirligining Axborot xizmati ma'lum qildi.

Reglamentga muvofiq, bugun saralash bahslari o'tkazildi.

Xalqaro gimnastika federatsiyasi taqvim rejasidan o'rin olgan hamda Olimpiya o'yinlariga yo'llanmalar taqdim etadigan 4 bosqichdan iborat Jahon kubogining ikkinchi bosqichi aynan Toshkentda bo'lib o'tmoqda. Unda sayyoramizning 30ta davlatidan kelgan eng sara gimnastika ustalari g'oliblik uchun bahs olib borishmoqda.

Jahon kubogining birinchi bosqichi 24-29 mart kunlari Bolgariyaning Sofiya shahrida bo'lib o'tdi. Ikkinchi bosqich 13-19 aprel kunlari Toshkentda o'tkazilsa, 5-10 may kunlari dunyoning yetakchi badiiy gimnastikachilari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o'zaro musobaqalashadi. Nihoyat Jahon kubogi bahslariga 26-31 may kunlari Italiyaning Pesaro shahrida yakun yasaladi.

Toshkent gilamlari va umuman Jahon kubogi seriyasida shaxsiy ko'pkurash bo'yicha kvotalar 2019 yilgi jahon chempionatiga chiqa olmagan va uch turda maksimal ball to'plagan eng yaxshi uch nafar gimnastikachiga taqdim etiladi. Bunda har bir mamlakat uchun maksimal bitta yo'llanma beriladi. Jahon kubogida Tokioda o'tadigan Olimpiya o'yinlariga allaqachon yo'llanmani qo'lga kiritganlar ham o'z omadini sinab ko'rishlari mumkin. Ular uchun bu musobaqa o'z imkoniyatini sinab ko'rish vazifasini o'taydi.

Dunyo gimnastikasi yulduzlari Dina va Arina Averina (Rossiya), Boryana Kalain (Bolgariya), Lina Ashram va Nikol Zelikman (Isroil), Anastasiya Salos va Alina Garnasko (Belorus), Kaxo Minagava (Yaponiya) kabi 30ta davlatning eng kuchli gimnastikachilari shaxsiy birinchilikda o'zaro musobaqalashsa, 12ta guruh jamoaviy mashqlarda ishtirok etadi. Ushbu yo'nalishda O'zbekiston terma jamoasi qizlari ham o'z omadini sinab ko'rishadi. Afsuski, bu yo'nalishda Olimpiya o'yinlari yo'llanmalari o'ynalmaydi.

Bugun kechki dasturda Jahon kubogi bahslarining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo'mitasi hamda O'zbekiston gimnastika federatsiyasining mutasaddilari ishtirok etdi. Musobaqani MOQ raisi R.Shoabdurahmonov ochib berdi.

Musobaqa 18 aprel kuni yakunlanadi va shu kuni Tokio-2020 Olimpiya o'yinlariga yo'llanma olgan sportchilar ham aniqlanadi.

loading...