O'zbekistonda bolalar orasida koronavirusga chalinish holatlari ko'paymoqda

0

O'zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bolalar soni keskin ko'paymoqda, hatto ular orasida o'lim holati ham qayd etilgan. Bu haqda «Rost24» nashri tomonidan tayyorlangan lavhada ma'lum qilindi.

Ma'lumotlarga ko'ra, 4 ming o'ringa mo'ljallangan Toshkent viloyatidagi Zangiota maxsus shifoxonasida shu vaqtgacha 37 mingga yaqin bemorlar davolanib sog'aygan. Ayni kunlarda shifoxona 35 foiz quvvatda faoliyat ko'rsatmoqda. 2020 yilning dekabr oyida bu yerda 50 o'rinli bolalar bo'limi ham tashkil etilgan bo'lib, hozirda u 100 o'ringa kengaytirilgan.

Ta'kidlanishicha, oxirgi vaqtda bolalar orasida koronavirusga chalinganlar ko'payishi kuzatilmoqda. Mazkur ixtisoslashgan shifoxonada 2020 yilning dekabr oyida — 38 nafar, 2021 yilning yanvar oyida — 82 nafar, fevral oyida — 94 nafar va mart oyida esa 165 nafar, jami 465 nafar bola davolangan.

«Bolalar orasida COVID kasalligi ko'paydi deyish mumkin. Bundan tashqari, bolalarda pnevmoniya holatlari ham kuzatilmoqda. Ayni kunda bo'limimizda 27 nafar bolaning 13 nafar pnevmoniyadan davolanmoqda», — deydi shifoxonaning bolalar bo'limi boshlig'i o'rinbosari Hilola Alimova.

Shifokorlarning aytishicha, mazkur bo'lim ochilganida koronavirusga chalingan bolalarda klinik simptomlaridan quruq yo'tal va tana haroratining ko'tarilishi kuzatilgan. Oxirgi bir oy ichida esa bolalar ich ketishi bilan kelmoqda, ya'ni bolalarda holsizlik va tana haroratining ko'tarilish kuzatilyapti.

Ayni kunlarda davolanuvchilarning asosiy qismi 5 yoshgacha bo'lgan bolalar tashkil etmoqda. Shuningdek, maktab o'quvchilari ham bor.  «Bolalar oldingi uslubda ya'ni ancha yengil muolajada davolanishmoqda, bakteriya bo'lsa, antibiotiklar qo'shiladi», — deydi Hilola Alimova.

Bolalar bo'limining jonlantirish bo'limida bemorlar yo'q. Kasallikka chalinganlar sog'aymoqda. Shu vaqtgacha Zangiota maxsus shifoxonasida bir nafar o'lim holati bo'lgan.

Ma'lumot uchun, Zangiota 1-shifoxonasida 860 nafar, 2-shifoxonada 632 bemor davolanmoqda, ammo shifokorlarning aytishicha, pnevmoniyani o'tkazib yuborgan holda kelayotganlar ko'p uchramoqda.

 

loading...