Qirg'iz-tojik chegarasida nizolar, shu jumladan, qurolli to'qnashuvlar tez-tez qayd etiladi. Bunday hodisalar 2020 yilda ham epidemiya va karantin holatiga qaramay yuz bergan Qirg'iziston-Tojikiston chegarasida otishma, yaralanganlar bor. Tomonlar nizoda yana bir-birlarini ayblashmoqda. Xabarlarga ko'ra, mintaqada vaziyat hamon keskinligicha qolayotir, odamlar tarqalishga shoshilishayotgani yo'q. Qirg'iziston Chegara xizmati mahalliy vaqt bilan bugun ertalab soat 4:40da Botkenning Ko'cha-Bo'yi hududida vaziyat keskinlashganini ma'lum qilgan. Bunga Tojikiston fuqarolarining «provokatsion harakatlari» sabab bo'lganligi aytilgan. Qirg'iziston tomonining da'vo qilishicha, ular qirg'iz fuqarolariga tegishli uylarga tosh otishgan. Keyin yo'ldan o'tayotgan Qirg'iziston avtoulovlariga ov miltiqlaridan o'q uzishgan.
Qirg'iz-tojik chegarasida vaziyat keskinligicha qolmoqda, deydi mahalliy aholi.
Mojaroda har ikki tomondan jarohatlanganlar bor. Tojikistondagi yetakchi Asia-Plus internet nashrining yozishicha, otishmada uch isfaralik yaralangan. Shahar ma'muriyatidagi manba nashrga otishmani bugun ertalab qirg'iz tarafi boshlaganini aytgan. «Ertalab aholi o'rtasida mojaro kelib chiqdi, tomonlar bir-biriga tosh otishdi. Biroq Qirg'iziston tomonidan fuqarolik kiyimida bo'lgan kuch ishlatar tizimi xodimlari tojikistonliklarga qarata o'q uzishni boshladi. O'nlab odam jabr ko'rdi, bir nechtasi o'qdan yaralandi», – deya iddao qilgan bu manba. Tojikistonning Isfara tumani Markaziy kasalxonasidagilar Asia-Plus ga o'zlariga o'qdan yaralangan uch kishining keltirilganini tasdiqlashgan. «Ma'lum bo'lishicha, ular hozir jonlantirish bo'limida. Ammo ahvollari mo''tadil. Shifokorlar tomonidan lozim tibbiy yordam ko'rsatilmoqda». Shahar ma'muriyatidagi manbaning so'zlariga ko'ra, hozirda mahalliy hokimiyat va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari hodisa joyida, mahalliy aholi bilan uchrashuvlar o'tkazishmoqda.
O'zaro ayblovlar
Qirg'iziston Chegara xizmati Tojikistonni ma'lumotni soxtalashtirish va odamlarni qo'zg'ashda ayblamoqda. Tojikiston tarafdan otilgan o'qdan Botkenning bir yashovchisi jarohatlanib, kasalxonaga yotqizilgan, deya xabar qilmoqda mahalliy OAVlari. Toshlardan jarohat olganlar ham bor. Qirg'iziston Sog'liqni saqlash vazirligining ma'lumotlariga ko'ra, qirg'iz-tojik chegarasida yuz bergan voqeada jabrlangan to'rt kishi tibbiy yordam so'rab, o'zlariga murojaat qilishgan. 28 aprel kuni Tojikiston fuqarolari Oq-Soy daryosi orqali shag'al yuklab ketishga harakat qilgan. Qirg'iziston Chegara xizmati mahalliy hukumatlarning ikki tomonlama kelishuvisiz bu yerga kirish mumkinmasligi haqida ogohlantirgan. Ammo tojik fuqarolari chegarachilarning ogohlantirishlariga beparvo bo'lgan. Qurol qo'llanilishi to'g'risidagi ogohlantiruvdan so'nggina ishni to'xtatishgan. Undan keyin tojik tomoni «Golovnoy» (suv taqsimlash) chizig'idagi elektr ustunlariga videokameralar o'rnatishni boshlagan.
O'rtada tortishuv yuzaga kelib, fuqarolar o'zaro tosh otishi ortidan, janjal kelib chiqqan, deyilmoqda. 24.kg axborot agentligining xabar berishicha, uchta qishloq hududi (Oq-Soy, Oq-Tatir va Samarqandek)da favqulodda rejim joriy qilingan.
Botken viloyati doimiy vakili Omurbek Suvanaliyev otishma haqidagi ba'zi xabarlarning soxta ekanini ham aytgan. Agar, Asia-Plus xabariga tayanilsa, Suvanaliyev hozir Sug'd viloyati rahbari Rajabboy Ahmadzoda bilan muzokaralar olib bormoqda. Oq-Soy qishlog'ida suv oladigan joy yaqinida vaziyat barqaror, ammo keskinliga qolmoqda, har ikki mamlakat fuqarolari ham tarqalishga shoshilishayotgani yo'q, deb yozgan nashr.
Birinchi mojaro emas
O'tgan haftada ham Botkenning shu Oq-Soy qishlog'idagi suv taqsimlash punktida mojaro yuz bergan edi. Qirg'izistonda o'zaro nizo qayd etilgan hudud to'g'risida bungacha muhokamalar bo'lgan. Parlamentda Bosh vazir Ulug'bek Maripovning nomzodi ko'rib chiqilayotganida, u chegara hududlaridagi muammolar haqida gapirayotib, kanal boshini qo'shni davlatga «oldirib qo'yganini» aytgan. «Afsuski, biz Botkendagi To'rtko'l suv omboriga kelib qo'yiladigan kanalning boshini ham oldirib qo'yibmiz. Men bunga oydinlik kiritdim. Bu yerda strategik masalalar mavjud», degan Bosh vazir 3 fevral kuni. Uning bayonotidan keyin Botkenning mahalliy aholisi Maripovning aytganlari bo'yicha tushuntirish talab qilishgan. Bosh vazirning qayta bayonot berishiga qaramay, ayrim fuqarolar Bishkekda norozilik mitingiga ham chiqishgan.
Maripov «Bosh vazirlikka nomzod sifatida ham, Qirg'izistonning vatanparvar fuqarosi sifatida ham» yana bir masalani aytish niyatida ekanligini bildirib, keyinchalik videomurojaat bilan chiqqan. «Buni o'sha yerda yashagan Botken viloyatining Botken tumani Oq-Soy qishlog'i aholisi juda yaxshi tushunishadi deb o'ylayman. Bu yerda gap o'sha Oq-Soy qishlog'idagi, qishloqqa qo'shni bo'lgan, suv to'smasidan 500-600 metr yuqori masofada joylashgan, qo'shni davlatga tegishli Qayirma kanali to'g'risida, undan tashqari Oq-Suv daryosi haqida bo'lgan. Mening niyatim shu bo'lgan. Ammo, afsuski, buni ba'zi kuchlar noto'g'ri talqin qilishi mumkin. Men buni to'liq tushunaman. Biz bu masalani kelajakda mamlakatimiz manfaati uchun, qonun doirasida hal qilishimiz kerak degan fikrdaman», degan Maripov 7 fevral kuni hukumatning rasmiy veb-saytida chop etilgan videomurojaatda.
Nizolar tarixchasi
Qirg'iz-tojik chegarasida nizolar, shu jumladan, qurolli to'qnashuvlar tez-tez qayd etiladi. Bunday hodisalar 2020 yilda ham epidemiya va karantin holatiga qaramay yuz bergan. Yil boshidan beri ham bir nechta kelishmovchiliklar kuzatilgan.
Bishkek bilan Dushanbe chegaralarni belgilash masalasida bir fikrga kelisholmaydi.
Chegaradagi janjallarning aksariyati Vorux anklavi atrofida yuz beradi.
Sovet Ittifoqi qulab, chegarani belgilash masalasi paydo bo'lganida, ikki tomon turli xil hujjatlarni asos qatori qo'llanishni taklif qilgani ma'lum.
Chegarani belgilash bilan bir qatorda suvdan foydalanish masalasi ham dolzarb.
Tahlilchilarning fikricha, transchegaraviy suvlarni taqsimlash va ulardan foydalanish qoidalari Sovet Ittifoqi davridagi kabi saqlanib qolgani sababli, bu masala tobora keskinlashib boraveradi.
«Botken viloyatidagi to'rt-beshta daryo qo'shni davlatlar bilan birgalikda foydalaniladigan transchegaraviy suvlar hisoblanadi. Mojaroning sabablaridan biri shundaki, suvdan foydalanish qoidalari Sovet Ittifoqi davrida tuzilib, o'sha bo'yicha qolayotganligi», degan edi Botkenning sobiq hokimi, mahalliy tahlilchi Hait Ayqinov Bi-bi-si bilan suhbatda.
«Biz Sovet Ittifoqining suv taqsimlash qoidalari bilan yashayapmiz. Uni o'zgartirish haqidagi takliflarimizga qo'shnilar javob bermayapti. O'sha paytda tuzilgan qoida umumiy ittifoq manfaatlariga mos kelgan. Hozir endi mustaqil mamlakat bo'lganligimiz uchun, bu bizning manfaatlarimizga to'g'ri kelmaydi, uni qayta ko'rib chiqish kerak deb taklif qilayapmiz», deydi Salamat Alamanov.
Uning aytishicha, «Aslida, O'zbekistonda va Farg'ona vodiysidagi Tojikiston yerlari paxta yetishtirish uchun moslashgan. O'sha paytda paxta strategik xom ashyo hisoblangan. Shuning uchun Sovet Ittifoqida suvni u yerga yetkazib berish qarori bo'lgan».
«Bugungi kunda ularning xom-ashyo strategiyasi biz uchun hech qanday ahamiyatga ega emas-da. Shuning uchun o'zimizning yerlarni o'zlashtirib, hududimizda mavjud suvlarni kerakli hajmda foydalanishimiz kerak, degan sabablarni aytamiz. Ammo shartnoma bekor qilinmaguncha, sxema ishlayveradi. Ular shunga tayanib, ishni kechiktirmoqda», deya so'zlarida davom etgan u. Yaqinda Qirg'iziston Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi raisi Qamchibek Tashiyev qirg'iz tomoni chegarani aniqlashda tojik rasmiylariga Vorux anklavini boshqa joyga almashtirishni taklif qilganini ma'lum qilgan.
Ammo Dushanbe taklifga javob berishidan avval, ba'zi tojik siyosatchilarining bayonotlari ijtimoiy tarmoqlarda qizg'in munozaralarga sabab bo'lgan. Xususan, Tojikistonning sobiq Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy 30 mart kuni Facebookda Vorux bo'yicha qirg'iz tarafning taklifini tanqid qilgan uzun post qoldirgan. Oradan ko'p o'tmay, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Voruxga amaliy tashrif bilan kelgan. Mahalliy aholi bilan uchrashuvda Rahmon chegarani aniqlashda Voruxni almashtirish haqida gap bo'lmasligi kerakligini aytgan.
«Qirg'iziston bilan chegaradosh Isfara shahri xalqlarimiz o'rtasidagi do'stona va yaxshi qo'shnichilik aloqalarini mustahkamlashda muhim rol o'ynaydi», degan Rahmon.