Mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” musobaqalarining yakuniy bosqichiga start berildi

0

Vatan ravnaqi avvalo uning farzandlariga, ularning ma'naviy va jismoniy kamolotiga bevosita bog'liq. Shuning uchun ham Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoyev har bir chiqishlarida, viloyatlarga safarlarida yoshlarning vatanparvarlik tarbiyasiga alohida e'tibor qaratmoqdalar. Chunki yoshlarning bilimli va fidoyi, sadoqatli va jasur, biror kasbni mukammal egallagan vatanparvar bo'lib voyaga yetishi har jabhada zarur va shartdir.

Yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish, harbiy va psixologik tayyorgarlikka ega, buyuk ajdodlarimiz kabi mard, jasur, halol, jismonan baquvvat, bilimli, vatanparvar, qiyin va ekstremal vaziyatlarda to'g'ri harakatlanish ko'nikmalarini egallagan barkamol avlod etib tarbiyalash maqsadida joriy yildan mamlakatimizda O'zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari o'tkazilishi yo'lga qo'yildi. Mazkur musobaqalarda umumta'lim maktablarining 10-11 sinflarida tahsil olayotgan o'quvchi-yoshlar ishtirok etmoqdalar. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining dastlabki tuman, so'ngra Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o'tkazilgan keyingi bosqichlarida g'oliblikka erishgan eng kuchli jamoalar yakuniy bellashuvlarda ishtirok etish uchun poytaxtimizga yetib keldi. Toshkent temiryo'l shohbekatida ular tantanali kutib olindi. So'nggi bosqich bellashuvlari Qurolli Kuchlar akademiyasining Chirchiq shahrida joylashgan o'quv jarayonini ta'minlash bazasida tashkil etiladi.

Mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab, uch bosqichda o'tkazilayotgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari intellektual bilim, yuksak jismoniy tayyorgarlik, boy tajriba va ko'nikmalarga ega bo'lgan harbiy xizmatchilarning yangi avlodini tarbiyalashga qaratilgan bo'lib, unda o'quvchi-yoshlar musobaqa nizomiga muvofiq “Safda qo'shiq aytish”, “Temur tuzuklari”, “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko'rsatish” shartlari bo'yicha o'zaro bellashadilar.

Bugun musobaqalarning tantanali ochilish marsimi bo'lib o'tdi. Unda mudofaa vazirining o'rinbosari polkovnik Alisher Norboyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. So'zga chiqqanlar ishtirokchilarga omad va zafarlar yor bo'lishini hamda ular haqiqiy vatanparvar, o'z nomiga munosib, yurtga tayanch va suyanch bo'lishlarini tiladilar.

Harbiy-sport musobaqalar dasturidan uning ishtirokchilari bilan turli madaniy-ma'rifiy va ko'ngilochar tadbirlar, ekskursiyalar hamda gulxan atrofida “Vazir va yoshlar”, “Qo'mondon va yoshlar” kabi ochiq va jonli uchrashuvlar o'tkazilishi ham ko'zda tutilgan.

loading...