Turkiyalik investorni jinoyatchiga chiqarganlarga eslatma: «Hukm” bilan “ajrim”ning farqi bor…

0

«Effect.uz» sayti “Ezgulik” jamiyatining Samarqand viloyat bo'limi raisi Mirzo Subxanovga tayanib, Samarqand viloyat iqtisodiy sudi sudyasi Oybek Asatovni go'yoki suddagi yolg'on ko'rsatmalarga tayanib, turkiyalik investorni jinoyatchiga chiqargani haqida bong urib chiqdi.

Sudyalar oliy kengashi mazkur maqolani huquqiy savodsizlikning bir ko'rinishi o'laroq, sudya sha'ni va daxlsizligiga, shuningdek sud mustaqilligiga qilingan navbatdagi tajovuz deb baholaydi.

Qonun talabiga ko'ra, sudya ishni ko'rish jarayonida muayyan jinoyat alomatlari yuzaga chiqqan taqdirda xususiy ajrim orqali bu haqda tegishli organga ma'lum qilishi belgilangan. Biroq xususiy ajrim – biror shaxsni uzil-kesil jinoyatchi, deya hukm-xulosa qiladigan sud hujjati emas. Konstitutsiyaga binoan, to hukm (xususiy ajrim emas!) qonuniy kuchga kirmaguncha biror shaxs jinoyatchi hisoblanmaydi. Shunday ekan, sudyaning xususiy ajrimini dastak qilib, uni falon shaxsni jinoyatchiga chiqardi, deya bong urish huquqiy savodsizlikdan boshqa narsa emas (sayt mutasaddilari “hukm” bilan “xususiy ajrim” farqiga bormaydi, chamasi). Xususiy ajrimda muayyan jinoyat emas, balki uning alomatlari zikr etilishining o'zi bunga yaqqol dalil. Bunday alomatlarga surishtiruv yoki tergovga qadar tekshirish yo'li bilan aniqlik kiritilishi ma'lum. Agar xususiy ajrim, saytda yozilganidek, rostdan ham «suddagi yolg'on ko'rsatmalar» asosida chiqarilgani surishtiruv yoki tergov jarayonida isbotlansa, bu boshqa bir jinoyat tarkibini beradiki, bunisi endi sudyaning emas, tergov organi vakolatiga kiradigan masala.

Mazkur tartiblar jinoyat qonunchiligining alifbosi hisoblanib, xususiy ajrim chiqargan sudyani go'yoki bir shaxsni jinoyatchiga chiqarganlikda ayblash nainki mantiq, balki sog'lom aqlga to'g'ri kelmaydi. Eng yomoni, bunday «sensatsion» chiqishlar sudya sha'ni, qadr-qimmatini kamsitishdan tashqari sudlar haqida jamoatchilikda, ayniqsa xorijlik investorlarda noto'g'ri tasavvur paydo qilish ehtimolini yuzaga keltiradi. Jamiyatda huquqiy ong, huquqiy madaniyatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ommaviy axborot vositasida buning aksi targ'ib etilishini esa hech nima bilan oqlab bo'lmaydi.

E'tiborlisi, Turkiya fuqarosi javobgar sifatida qatnashgan ish bo'yicha chiqarilgan sud hujjatlari (hal qiluv qarori, xususiy ajrim) ayni paytda qonuniy kuchda bo'lib, yuqori instansiyada bekor qilinmagan.

Sudyalar oliy kengashi

matbuot xizmati

loading...