Urushda bedarak yo'qolgan o'zbek jangchisining xoki Vataniga keltirildi

0

9 may – Xotira va qadrlash kuni

Boborahim Abdullayev 1922 yil Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumanida tug'ilgan. U 1941 yil Ikkinchi jahon urushiga ketgan edi.

Urush tugagach, uning bedarak yo'qolganligi tasdiqlangandi. Biroq 2020 yil oktyabr oyida Sankt-Peterburgning «Liniya fronta» qidiruv otryadi tomonidan Leningrad viloyati, Kirovsk tumani, Molodsovo qishlog'i yaqinida Ikkinchi jahon urushida vafot etgan askarlarni qidiruv ishlari olib borilishi natijasida bir askarning jasadi qoldiqlari yonidan topilgan hujjati va medaloniga ko'ra Boborahim Abdullayev ekanligi tasdiqlandi.

Sankt-Peterburg shahar tashqi aloqalar qo'mitasi boshqarmasi boshlig'i Ye. Kassyuraning ta'kidlashicha, Leningrad qamali paytida urushdan, sovuqdan va ochlikdan 420 ming nafar aholi, shulardan 7 ming nafar o'zbekistonlik askar vafot etgan va ular haqqiga Sankt-Peterburg shahridagi Pskarevskiy qabristonida yodgorlik o'rnatilgan.

Ona vataniga keltirilgan o'zbek o'g'lonining xoki Markaziy harbiy okrug qo'mondonligi boshchiligida Kattaqo'rg'on tumani hokimligi, faxriylar, yoshlar va marhumning yaqinlari ishtirokida o'zi tug'ilib o'sgan Enam yaxshi qishlog'ining xalq qabristoniga musulmonlar udumiga ko'ra qayta dafn etildi.

Marosimda marhum haqiga Qur'on tilovat qilinib, yaqinlariga hamdardlik bildirildi.

– Endigina esimni taniganimda, otam bilan enam, “ikki bolam urushdan qaytmadi-ya”, deya xo'rsinib yig'laganlari hamon yodimda, – deydi Boborahim Abdullayevning singlisi Oysahat Islomova. – Akam endi yo'qolgan askarlar qatorida emas, balki o'zining qahramon safdoshlari bilan o'zbek zaminida abadiy tinchlik topgan askar bo'ldi. Buning uchun barcha-barchaga o'z minatdorligimni bildiraman.

Marhumning xoki bilan birgalikda keltirilgan buyumlari endlikda yaqinlarining roziligiga ko'ra, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilgan «Shon-sharaf» muzeyida saqlanadigan bo'ldi.

Otabek NORBOYEV,
Markaziy harbiy okrug
matbuot xizmati xodimi

loading...