O'z joniga qasd qilgan shovotlik kelin voqeasi bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilmadi

0

Xorazm viloyati, Shovot tumani prokuraturasi tomonidan Muxlisa Qadamboyevaning 1 aprel kuni o'z joniga qasd qilgani holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi.

«Kun.uz»ning yozishicha, tekshiruv yakuni bo'yicha qayd qilingan holatda biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmagan. Shu sababli, Jinoyat protsessual kodeksi 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo'zg'atish rad qilindi.

Muxlisa Qadamboyevaning turmush o'rtog'i Murod Yangiboyevga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks 52-moddasi 2-bandiga (qasddan yengil tan jarohati yetkazish) asosan ma'muriy javobgarlik to'g'risida ish qo'zg'atilgan holda ish hujjatlari sudga yuborilgan.

Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi Xorazm filiali Shovot tumani bo'linmasi tomonidan o'tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko'ra, Muxlisa Qadamboyeva o'limiga bo'yin a'zolarini sirtmoq bilan siqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo'lgan.

Uning o'ng ko'zi pastki qovog'ida qontalash aniqlangan. Bu jarohat o'tmas qattiq jism ta'sirida kelib chiqqani va yengil tan jarohati guruhiga kirishi, jarohat 2-3 kun oldin yuzaga kelgani va o'lim bilan bevosita bog'liq emasligi qayd etilgan. Shuningdek, Muxlisa Qadamboyeva murdasida homiladorlik aniqlanmagan.

Muxlisa Qadamboyevaning onasi Rohatoy Boyjonova ayni vaqtda ekspertiza xulosasidan norozi ekani haqida shikoyat yozgan.

loading...