«Har bir bitiruvchi kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishi shart» — Shavkat Mirziyoyev

0

Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida chet tillarini o'qitish tizimini takomillashtirishga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi o'tkazilmoqda.

Unda davlat rahbari joriy yilda chet tillarini o'rganishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olinganini ta'kidlangan. O'zbekistonning dunyo bozoriga faol kirib borayotgani hamda xalqaro hamkorlik aloqalari kun sayin kengayishi, ushbu masalaning dolzarbligini yanada oshirmoqda.

«Biz raqobatdosh davlat qurishni o'z oldimizga maqsad qilib qo'ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliygoh bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat'iy talab har bir ta'lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev

Shuning uchun, joylarda chet tillarini o'rganishga yetarli sharoit yaratish va uni ommalashtirish, barcha rahbarlarning asosiy vazifasi bo'lishi lozimligi aytildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda 25 ta oliygohda o'qitish chet tilida olib borilmoqda (2016 yilda — 7 ta).

Xalqaro til sertifikati olgan bitiruvchi o'quvchilar so'nggi 3 yilda 10 baravarga oshdi (700 nafardan 7 ming nafarga). 60 ming nafar o'quvchilar yetakchi xorijiy oliygohlarda tahsil olmoqda (2016 yilga nisbatan 12 baravar ko'p).

Joriy yilda «El-yurt umidi» jamg'armasi orqali 350 nafar yoshlarimizning nufuzli xorijiy universitetlarda o'qishi uchun stipendiyalar ajratildi. Bu o'tgan yillarga nisbatan 5 baravar ko'p, degani.

«Lekin, qayd etilgan ko'rsatkichlarga qaramay, chet tillarini o'qitish bo'yicha joylardagi haqiqiy ahvol, oldimizga qo'yilgan katta rejalarga mutlaqo munosib emas. Bugungi kunda, ta'lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o'qituvchilari lavozimi vakant bo'lib qolmoqda. Shuningdek, 1 ming 400 ta maktabda chet tili o'qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz ahvolda», — deya prezident so'zlarini keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Bu ko'rsatkich Qashqadaryoda — 380 ta, Samarqandda — 287 ta, Jizzaxda — 140 ta, Toshkent viloyatida — 120 ta, Surxondaryoda — 90 tani tashkil etadi.

Maktablarda ishlayotgan jami 53 ming nafar chet tili o'qituvchilarining atigi 4 foizi milliy va xalqaro til bilish to'g'risidagi sertifikatlarga ega.

Misol uchun, 18 ta tuman va shaharda, jumladan Xonobod va Quvasoy shaharlari, Zafarobod, Mirishkor, To'rtko'l, Sherobod va Uzunda birorta o'qituvchi sertifikat olmagan.

Shuningdek, jami 11 ming nafar maktab chet tili o'qituvchilarining 49 foizi testdan o'ta olmagan. Qashqadaryoda — 55 foiz, Jizzaxda — 53 foiz, Samarqand, Sirdaryo va  Surxondaryoda — 52 foiz.

«Shu bois, mamlakatda xorijiy tillarni o'rgatish bo'yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo'ladigan yangi tizimni yo'lga qo'yish vaqti-soati keldi», dedi davlat rahbari.

loading...