Koronavirus: Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi axboroti e'lon qilindi

0

O'zbekistondagi epidemiologik vaziyat yuzasidan Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi axboroti e'lon qilindi:

So'nggi kunlarda jahonda koronavirus infeksiyasi tarqalishi holati yanada keskinlashib, bir qator davlatlarda takroran kuchaytirilgan karantin cheklovlari joriy etilmoqda. Xususan, bugungi kunga kelib dunyo miqyosida 155 mln.dan ortiq koronavirus infeksiyasini yuqtirish hamda 3,24 mln.dan ziyod o'lim holatlari aniqlanib, AQSh, Hindiston, Braziliya va Turkiya kabi davlatlardagi epidemiologik vaziyat keskin yomonlashib bormoqda.

Mamlakatimizda ham koronavirus infeksiyasini yuqtirish bo'yicha kunlik ko'rsatkich aprel oyining ikkinchi yarmidan boshlab 300 dan oshgan bo'lsa, ushbu ko'rsatkich joriy yil 6 may holatiga 450 dan oshganligi ham fuqarolarimiz tomonidan karantin cheklovlariga amal qilish mas'uliyatini yanada oshirishni taqozo etmoqda.

Shu munosabat bilan aholi salomatligini saqlash, mamlakatda epidemiologik vaziyat keskinlashuviga yo'l qo'ymaslik maqsadida yurtimizda 9 may — Xotira va qadrlash bayrami bilan bog'liq ommaviy tadbirlarni faqatgina O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi PQ–5081-son qarori bilan tasdiqlangan 9 may — Xotira va qadrlash kuni, umumxalq bayramiga bag'ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish dasturi doirasida karantin talablariga qat'iy rioya etgan holda amalga oshirish zarur.

Bunda yuqoridagi dasturda nazarda tutilmagan boshqa har qanday ommaviy tadbirlarni o'tkazish taqiqlanadi. Ushbu karantin chekloviga rioya etilishi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy hokimliklar, Milliy gvardiya, ichki ishlar organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan nazorat qilinadi.

loading...