O'zbekistonda ilk bor qo'l jangi bo'yicha jahon chempionati o'tkaziladi

0

4-8 iyun kunlari poytaxtimiz Toshkent qo'l jangi bo'yicha kattalar o'rtasida Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Ushbu nufuzli musobaqa “Iftixor” ko'chasida joylashgan “O'zbekiston” sport majmuasida tashkil etiladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligining Matbuot xizmati ma'lum qildi.

Turizm va sport vazirligi ko'magida O'zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo'l jangi federatsiyasi hamda “Milliy gvardiya” hamkorligida o'tkazilayotgan ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 40ta mamlakatidan 300 nafarga yaqin sportchi g'oliblik uchun kurash olib boradi.

Jahon chempionatida Vatanimiz sharafini 34 nafar sportchi himoya qilishga bel bog'lagan. Ular safida Jahon chempionlari Jahongir Jumayev va Olim Normurodov singari taniqli sportchilarimiz ham bor.

Bellashuvlarning adolatli va shaffof o'tishini ta'minlash maqsadida 50 nafardan ziyod xalqaro toifadagi hakamlar, shuningdek 30 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchilar ham Toshkentga taklif qilingan.

Toshkentdagi musobaqalarda Rossiya, Belarus, Ukraina, Moldova, Turkiya, Qozog'iston, Eron, Ozarbayjon, Armaniston, Latviya, Mo'g'uliston, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, Vengriya, Angliya, Fransiya, AQSh, Kanada, Meksika, Argentina, Braziliya, Marokash kabi 4 qit'a sportchilari o'z omadlarini sinab ko'rishadi.

Eslatib o'tamiz, 2019 yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tashkil etilgan 5-Jahon chempionatida o'zbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida mezbonlardan keyin faxrli 2-o'rinni qo'lga kiritishgan edi.

 

loading...