Pensiya va nafaqa pullarini kechiktirgan tijorat banklari jarimaga tortiladi

0

AOKAda Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi bo'lim boshlig'i Muhammadzoir O'rinboyev ishtirokida tizimga kiritilayotgan yangiliklar, qabul qilingan huquqiy hujjatlar mohiyatiga bag'ishlangan brifing o'tkazildi.

 

“Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Qarorida quyidagilar nazarda tutilgan:

 

-2022 yil 1 yanvardan boshlab pensiya, nafaqa va boshqa to'lovlarni aholiga yetkazib berish har 3 yilda hududlarda alohida tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

 

-Tender tanlovida pensiya va nafaqa oluvchilarga eng yaxshi va qulay sharoit hamda arzonroq xizmat haqi taklif etgan tijorat banki yoki boshqa ihtisoslashgan tashkilot g'olib deb belgilanadi. Ya'ni, ushbu yo'nalishda sog'lom raqobat muhiti yaratiladi hamda tijorat banklari o'rtasida fuqarolarga pensiya va nafaqalarni yetkazishda sharoitlarni yaxshilash uchun xarakatni rag'batlantiradi (bugungi kunda ushbu to'lovlar faqat Xalq banki filiallari tomonidan yetkazib berilmoqda va buning uchun 0,9 foiz xizmat haqi to'lanmoqda).

 

-Tenderda ishtirok etadigan tijorat banki tomonidan xizmat haqi miqdori to'lovlarni yashash manziliga yoki mahalla fuqarolar yig'ini binosiga yetkazish shartlaridan kelib chiqib, differensiyalashgan tartibda summaning 1 foizigacha belgilash mumkin.

 

– Pensiya va nafaqalarni fuqarolarga yetkazib berish bo'yicha xizmat haqi xarajatlari Pensiya jamg'armasi va respublika byudjetidan to'lab beriladi. Ya'ni, fuqarolarning pensiya va nafaqa summasidan xizmat haqi ushlanmaydi.

 

Bundan tashqari ushbu tizimni joriy etilishi natijasida fuqarolarga quyidagi qo'shimcha qulayliklar yaratiladi:

 

– “rejali to'lov” xizmati joriy etilib, fuqarolar xohishiga ko'ra o'zlarining pensiya va nafaqalaridan kommunal to'lovlari, kredit yoki boshqa to'lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi;

 

-fuqarolarga istalgan vaqtda tijorat banki va Pensiya jamg'armasiga kelmagan holda mobil ilova yordamida yoki “Call center”ga murojaat qilish orqali o'zlarining pensiya va nafaqalari olish shaklini (naqd pulda yoki bank kartasi orqali) o'zgartirish imkoniyati yaratiladi.

 

– tijorat banklari tomonidan pensiya va nafaqalarni yetkazib berish kechiktirilganligi uchun jarima to'lash tartibi tatbiq etiladi.

loading...