Rossiyada Google, Facebook va Twitter yirik miqdorda jarimaga tortildi

0

Rossiya 422-sonli ma'muriy sud protokoliga asosan, Google va Facebook Rossiyada ommaviy axborot vositalari va aloqa regulyatori tomonidan so'ralgan taqiqlangan kontentni olib tashlamagani uchun 20 million rubl (267 ming dollar) jarimaga tortildi, Twitter esa shunga o'xshash qoidabuzarlik uchun 24 million rubl (320 ming dollar) miqdorida jarima to'laydi.

«Sudga Google va Facebook’ning faoliyatiga doir 5ta murojaat kelib tushgan va kompaniyalar axborot resursidagi ma'lumotni o'chirib tashlamaslik hamda internet tarmog'idagi xabarlarni olib tashlash majburiyatini bajarmagani sababli Rossiya Ma'muriy kodeksining 13.41-moddasi 2-qismi bo'yicha ayblanmoqda. Twitter faoliyati bo'yicha esa shunga o'xshash 6ta shikoyat arizasi kiritilgan», deyilgan bayonotda.

Rossiya ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish uyushmasi ma'lumotiga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlarda yanvar-fevral oylarida o'tkazilgan ruxsatsiz va noqonuniy tadbirlarda qatnashishni rag'batlantiruvchi 2500dan ortiq holat kuzatilgan. Ushbu qoidabuzarlik yuridik shaxslar uchun 800 mingdan 4 million rublgacha jarimaga olib keladi. Takroriy huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, jarima kompaniyaning umumiy yillik daromadining o'ndan biriga ko'paytirilishi belgilangan.

Avvalroq, Moskvaning Taganskiy sudi Twitter’ni noqonuniy axborotni tizimli ravishda o'chirmasdan kelgani uchun bir kun ichida uch marta jarimaga tortgani ma'lum qilingandi. Jarimalarning umumiy miqdori 8,9 mln rublni tashkil etgan.

Shuningdek, Rossiya federal antimonopol xizmati Apple kompaniyasini 906 million rubl (12 million dollar) jarimaga tortgani xabar qilingandi. Jarima kompaniya Rossiyaning monopoliyaga qarshi qonunchiligini buzgani uchun belgilangan.

loading...