Daniyada koronavirus sabab ko'milgan qorakuzanlar endi yoqiladi

0

Daniyada o'ldirilgandan keyin ko'mib yuborilgan to'rt million qorakuzan (norka) yaqin orada kovlab olinadigan bo'ldi. “Evronyus”ning xabar berishicha, chirigan hayvonlarning qoldiqlari ichimlik suviga va cho'milish mumkin bo'lgan ko'lga tushgan.

“Menimcha, yaqin o'rtada yashaydiganlar kuchli chirish hidini sezishyapti. Biz hech qachon bunda muammoga duch kelmagan edik”, – dedi Daniya Atrof muhit vazirligi vakili Yan Reys.

O'tgan yili 15 million qorakuzan yo'q qilingan edi, chunki ularda mutatsiyaga uchrab odamga yuqishi mumkin bo'lgan koronavirus aniqlangan. To'rt millionta hayvon ikkita harbiy poligonga ko'milgan, biroq ba'zilari yer yuziga chiqib qolgan. Daniya parlamenti qorakuzanlarni kovlab olish va ularni yoqish haqida qaror qabul qildi. Ushbu jarayon ikki oy davom etadi.

Atrof muhit vazirligi aholidan qorakuzanlar yoqiladigan paytda uylarning derazasini ochmaslikni va yuvilgan kirlarni tashqariga osmaslikni so'radi.

Evrokomissiya Daniyadagi qorakuzan yetishtiruvchilarga ikki milliard yevro tovon to'lashga va'da berdi. Daniyada qorakuzan yetishtirish 2022 yilning boshigacha taqiqlangan. Hukumat qorakuzanlarning barini yo'q qilish va ularni ommaviy ko'mish haqidagi qaror noto'g'ri bo'lganini tan oldi.

loading...