Odamning olasi ichida…

0

2021 yil fevral oyi. Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudining binosida Qo'ziboyev Olim O'ktam o'g'li (maqoladagi ism-familiyalar shartli ravishda o'zgartirilgan) ga nisbatan ochilgan jinoyat ishi ko'rib chiqilmoqda. Ochiq sud majlisida biryo'la to'rt nafar jabrlanuvchi o'tiribdi. Olim Qo'ziboyev bo'lsa, boshini tik ko'tarib, ularning yuziga qaray olmaydi. Xo'sh, ayni kuch-quvvatga to'lgan, tog'ni ursa talqon qiladigan yigit nima sababdan boshini yerdan uzolmayapti? Uning gunohi nima? Balki, Olim o'ziga yaxshilik qilgan insonlarga yomonlik bilan javob qaytargani bois nafaqat jabrlanuvchilarning, balki sud zalida o'tirgan katta-kichik barcha odamlarning ko'ziga qaray olmayotgandir?..

Olim Qo'ziboyevning ortda qolgan umr yo'liga nazar tashlar ekansiz, uning binoyidek oilada tug'ilib o'sganiga guvoh bo'lasiz. 25 yoshga to'lgan yigit garchi oliy ma'lumotli bo'lmasa-da, bundan afsus chekmadi. Chunki uning bitta yaxshi, aytish mumkinki, maqtovga loyiq xislati bor, ya'ni mehnatdan qochmaydi, nima ish bo'lsa, qo'lidan kelganicha bajarib ketaveradi. Shu mehnatkashligi ortidan, mana, necha yildirki, ota-onasiga yordam berib, ularga yordamchi bo'lib yuribdi. Otasi o'g'lining yiqqan-terganini jamlab yurgan ekan, o'ziga munosib qiz topib, uylantirib ham qo'ydi. Qora qozon esa qaynab turibdi. To'g'ri, ba'zi tengdoshlaridek juda bosar-tusarini bilmay ketgani yo'g'-u, lekin Alloh harakatiga yarasha rizqini kam qilmadi, agar nolisa, noshukrlik bo'ladi. Ammo hayot bir maromda davom etmas ekan. Insonning oldida turli xil qiyinchiliklar va sinovlar bo'larkan. Olimjon esa qismat charxpalagi boshiga solgan ana shunday sinovlardan biri oldida ojizligini bildirib qo'ydi. Ya'ni O. Qo'ziboyev birovning qarovsiz yotgan mulkini ko'rib qolsa, uni egasiga yetkazish o'rniga, aksincha, o'ziga berilgan omonatga xiyonat qildi. To'g'rirog'i, Olim o'zgalarning mulkiga ko'z olaytirdi.

2020 yilning 24 dekabr kuni. Soat millari taxminan 11: 30larni ko'rsatib turgan bir paytda Olim Qo'ziboyev Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan avtoulovlarni yuvish shoxobchasida bo'la turib, shu yerda ishlaydigan Nosir Begimqulov bilan gaplashib qoldi. Nosir yoshligidan ko'nglida kiri yo'q, soddagina edi. Ikkalasi u yoq-bu yoqdan biroz gaplashishgach Olim Nosirning qo'lidagi «Samsung Note5» rusumli uyali aloqa vositasiga tikilib qoldi. Keyin esa uning xayoliga «Ana shu mobil telefonni o'marib ketsam-chi?» degan shaytoniy o'y keldi.

— Aka, hisobim minusga kirib ketgandi, maylimi, telefoningizdan uydagilarga qo'ng'iroq qilib, bir gaplashib olsam? — dedi Olim Nosirga qarab yalingudek iltijoli ovozda.

Nosir Olimni bugun ko'rayotgani yo'q. Mana, necha kundirki bu yigit avtoulovlarni yuvish shoxobchasi yonidagi oshxonaning ta'mirlash ishlari bilan band. Shu bois:

— E-y, mana telefon, xohlaganingizcha gaplashib olavering! — dedi Nosir uning bu so'zlaridan biroz xijolat bo'lib.

Bir og'iz gapi evaziga qo'lida bahosi 1300000 so'm bo'lgan «Samsung Note5» rusumli uyali aloqa vositasini ko'rgan Olimning ko'zlaridan o't chaqnab ketgandek bo'ldi. Ammo ichida paydo bo'lgan shodligini tashiga chiqarmadi.

— Rahmat, akajon, men hozir kelaman, — dedi u qo'lida birovning mobil telefonini tutganicha sal nariga qarab yurarkan.

Nosir Begimqulov Olimning niyati buzuqligini xayoliga ham keltirmasdan uch kunlik tanish bo'lsa-da, bir insonga nafi tegayotganidan xursand holda o'z yumushi bilan mashg'ul bo'ldi. Olim Qo'ziboyev «Samsung Note5»ni yo'l-yo'lakay cho'ntagiga joylarkan, xuddi shu yerdagi avtoulovlarni yuvish shoxobchasida ishlaydigan Boymirzayev Erkin Ixtiyor o'g'lini ham bir zumda «kuf-suf» qilib, aldab tashladi. Ya'ni Erkinga ham Nosirga aytgan so'zlarini aytib, qo'ng'iroq qilib olishni vaj qilib, unga tegishli bo'lgan «Samsung A6» rusumli uyali aloqa vositasini qo'lga kiritdi. Bu telefonning bahosi 1100000 so'm edi. «Bu yog'i zo'r bo'ldi-ku! Keyingi paytlar kuni bilan qora mehnat qilib, topgan pulim yegan-ichganimdan ortmayotgandi, ikki og'iz yolg'on so'zlab, besh daqiqada qo'sh telefonli boyvachchaga aylanib qoldim», deya o'yladi Olim avtoulovlarni yuvish shoxobchasining yotoqxonasiga qarab ketarkan. U yotoqxonaga bekorga bormayotgan edi. Kecha shoxobcha egasining u yerdagi temir sandiq, ya'ni seyfga anchagina pul qo'yayotganini Olim ko'rgan, hozir esa biryo'lasiga seyfdagi o'sha pullarni ham olib ketishni rejalashtirgandi. «Ie, «Xudo bersa quliga, chiqarib qo'yar yo'liga», deganlari shu bo'lsa kerak-da, — deya yashin tezligida o'ylay boshladi O. Qo'ziboyev yotoqxonaga kirganidan so'ng stul ustida turgan Toshniyoz Begimqulovga tegishli bahosi 150 AQSh dollariga teng bo'lgan «Samsung A8» rusumli uyali aloqa vositasiga ko'zi tushgach. — Omadim chopgani shu bo'lsa kerak, aks holda bu telefon ham mening oyog'im ostidan chiqib qolmasdi». Xullas, ko'zining qorachiqlari bir joyda turmay o'ynayotgan Olim sira ikkilanib o'tirmay egasiz telefonni cho'ntagiga urdi. Keyin seyf ichidan shoxobcha egasi — ikki-uch kun ilgari unga ish va boshpana bergan Sherzod Hasanaliyevning jami 8380000 so'm naqd pullarini o'g'irladi. So'ngra qulay fursat kelishini poylab, damini ichiga yutganicha kutib o'tirdi-da, hech kimga sezdirmasdan voqea joyidan yashirindi.

Yuqorida bayoni keltirilgan voqealardan keyin oradan bir soatcha vaqt o'tib, ishdan qo'li bo'shagan Nosir Olimni eslab qoldi va hech qaerda tanishiga ko'zi tushmagach, Qo'ziboyevni qidira boshladi. Keyin unga boshqalar ham qo'shildi. Biroq avtoulovlarni yuvish shoxobchasi ishchilari bir bo'lib, har qancha izlashmasin O. Qo'ziboyevning daragi chiqmadi. Tez orada esa Olimning telefonlarga qo'shib, seyfni ham «tozalab» ketgani ma'lum bo'ldi. Shundan so'ng noiloj qolgan uch jabrdiyda najot istab Sherzod Hasanaliyevga qo'ng'iroq qilishdi.

— Sherzod aka, anovi kuni olib kelgan Olim degan yigitingiz bor-ku, o'sha bizlarning telefonimizni, kamiga sizning seyfdagi pullaringizni ham «uxlatib» ketibdi, — dedi Nosir shoxobcha egasiga.

Bu so'zlarni eshitgan Sherzod Hasanaliyevning boshiga birov gurzi bilan urgandek bo'ldi. Axir uchta telefon, bularga seyfdagi pullar ham qo'shilsa, ozmuncha narsa bo'lib ketmaydi-ku! Shunday bo'lsa-da, Sherzod o'zini qo'lga olib, Nosirga javob qaytardi:

— Vahima qilmasdan hamma joyni yaxshilab qaranglar-chi, balki hazillashib u yer-bu yerga kirib o'tirgandir?

— Qaramagan joyimiz qolmadi, Sherzod aka, hech qaerda yo'q, allaqachon ketib bo'lgan…

Shundan keyingina Sh. Hasanaliyev yuz bergan holatni ma'lum qilish uchun «102» raqamini terdi.

Sudlanuvchi Qo'ziboyev Olim O'ktam o'g'li sudda aybiga qisman iqrorligini bildirib, 2020 yil dekabr oyining boshlarida Toshkent shahriga kelib, o'ziga tegishli bo'lgan qora rangli «Iphone 7» rusumli uyali aloqa vositasini «Malika» savdo majmuasida garovga qo'yib, ushbu telefon evaziga 1500000 so'm miqdorida pul olganligini, keyin ishlab pul topish maqsadida Chilonzor tumanida joylashgan avtoulovlarni yuvish shoxobchasiga borib, ish boshqaruvchi bilan gaplashganida, uni ishga qabul qilishganligini, oradan ma'lum vaqt o'tganidan so'ng shoxobchada ishlaydigan yigitlarning telefon apparatlarini olib, ularni qaytarib bermaganligini, shoxobchada joylashgan yotoqxonaga kirib, u yerda hech kim yo'qligidan foydalanib, quvvatlagichda turgan Toshniyoz Begimqulovning «Samsung A8» rusumli telefon apparatini ham olib, Sh. Hasanaliyevga tegishli bo'lgan temir seyfni kalit bilan ochib, pullarni olganligini, so'ngra hech kimga sezdirmay shoxobchadan ketganligini, telefon apparatlarni «Malika» savdo majmuasida jami 2000000 (!) so'mga sotib yuborib, garovda turgan o'zining «Iphone 7» rusumli telefon apparatini 1500000 so'm evaziga qaytarib olganligini, qilgan ishidan chin ko'ngildan pushaymonligini, oilaviy sharoitini va jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligini inobatga olib, unga yengillik berishni so'radi.

Sud hukmiga ko'ra, Qo'ziboyev Olim O'ktam o'g'li O'zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandi va 169-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi va unga tayinlangan jazolarni qisman qo'shish yo'li bilan oylik ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uzil-kesil o'tashlik 2 (ikki) yil 12 (o'n ikki) kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Hikoyamizga «Yaxshi bilan yursang yetarsan murodga, yomon bilan yursang qolarsan uyatga», degan maqol bilan nuqta qo'yishga ahd qildik. Zero Olim Qo'ziboyev singari sirti boshqa-yu, ichi boshqacha bo'lgan yigitlarga yaqin yurgan kishi faqat uyatga qolsa, ajab emas.

Temur KASIMOV,

jinoyat ishlari bo'yicha
Yakkasaroy tuman sudi sudyasi

Sunnatullo ABDIMUROD o'g'li,

jurnalist

loading...