Farg'onadagi o'nlab bog'chalarga sifatsiz go'sht mahsulotlari yetkazib berilgani aniqlandi

0

Farg'ona viloyatidagi o'nlab maktabgacha ta'lim tashkilotlariga yetkazib berilayotgan go'sht mahsulotlari sifati qoniqarsiz ekani aniqlandi. Bu haqda Farg'ona viloyati hokimligining Matbuot xizmati ma'lum qildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning topshirig'iga asosan, Farg'ona viloyati shahar va tumanlaridagi 823 ta maktabgacha ta'lim muassasasiga yetkazib berilayotgan go'sht mahsulotlarining iste'molga yaroqliligi, sifati va o'z vaqtida yetkazib berilishi yuzasidan o'rganish olib borildi.

O'rganish natijasida Beshariq tumanida 15 ta, Quva tumanida 9 ta, Marg'ilon shahrida 8 ta, Quvasoy shahrida 6 ta, Farg'ona shahrida 2 ta, Oltiariq va Farg'ona tumanlarida 1 tadan maktabgacha ta'lim tashkilotiga yetkazib berilgan go'sht mahsulotlarining sifati qoniqarsiz ekani, tarkibida suyak va mol yog'i miqdori belgilangan me'yor talablaridan yuqori ekani aniqlandi.

Xususan, Farg'ona shahrida va Farg'ona tumanida “Volida” f/x tomonidan, Beshariq tumanida “Oybek Aziya chorva” d/x hamda “Business Company Invest” MChJ tomonidan, Marg'ilon shahrida “Qubbo tayyorlov ta'minoti” MChJ tomonidan, Quva tumanida “Isaqjon Tojiboyevich Toshboyev” d/x, “Qubbo tayyorlov ta'minoti” MChJ, “Ideal panper” MChJ hamda “Quva shukronasi” MChJ tomonidan MTTlarga yetkazib berilgan muzlatilgan go'sht mahsulotining sifatsizligi hamda tarkibida suyak va mol yog'i miqdori belgilangan me'yor talablaridan yuqori ekani, ba'zi hollarda muzdan erishi oqibatida ortiqcha suv ajralib, taom sifatiga ta'sir qilayotgani ma'lum bo'ldi.

Ushbu ta'minotchilarga qonun doirasida tegishli choralar ko'riladi. Shuningdek, bu masalada ushbu tumanlar maktabgacha ta'lim bo'limlari rahbarlarining hamda sifatsiz go'sht mahsulotlarini qabul qilib kelgan bog'cha mudiralari bilan bog'liq manfaatlar to'qnashuvi hamda korrupsiya holatlari mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan tekshiruv o'tkaziladi.

loading...