Bo'stonliqda «Qizil kitob»ga kiritilgan ayiq o'ldirildi

0

Bo'stonliqda «Qizil kitob»ga kiritilgan ayiq o'ldirildi. Ovga Ekologiya qo'mitasi rahbari ruxsat bergan
Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida O'zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan Tyanshan qo'ng'ir ayig'i otib o'ldirildi. Ma'lum qilinishicha, ayiqni otishga Ekologiya qo'mitasi rahbari ruxsat bergan, deb yozadi Telegram’dagi «Ekologuz» kanali.

 

Qayd etilishicha, Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasi raisi Alisher Maksudovning imzosi bilan O'zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan 2 ta Tyanshan qo'ng'ir ayig'ini otish uchun Rossiya fuqarosi Shirokov Ye.P.ga 2021 yil 3 mart kuni №400030-son ruxsatnoma berilgan.

Mazkur ruxsatnoma ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo'yicha Bo'stonliq tuman inspeksiyasida №4-son bilan 2021 yil 31 mart kuni ro'yxatga olingan.

Ta'kidlanishicha, rossiyalik ovchi Bo'stonliq tumanida 1 ta qo'ng'ir ayiqni otib, u bilan vahshiylarcha suratga tushgan (unda yana bitta Tyanshan qo'ng'ir ayig'ini otishga ruxsatnomasi bor).

Ma'lumot uchun, mamlakatdagi bu kabi ayiqlar 150 dona atrofida qolgan. «Qizil kitob»ga kiritilgan jonivorlarni ov qilish Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-sonli «Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o'tish tartibi to'g'risida»gi qarori bilan tartibga solinadi.

loading...