Isroilning Tel-Aviv va unga qo'shni shaharlari G'azo sektoridan yoppasiga hujumga uchradi, Isroil yangi zarbalar bilan javob qildi. Ikkala tomondan qurbonlar soni 40 kishiga yetdi

0

Falastinlik terrorchilar Isroil markazidagi shaharlarga yirik raketa hujumini uyushtirdi. Tel-Aviv shahri va unga yaqin atrofdagi aholi punktlari o'qqa tutildi. G'azo sektorini boshqaradigan Falastinning HAMAS harakati raketa zarbalari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga oldi. «Islomiy jihod» guruhi ham o't ochishga aloqadorligi haqida e'lon qildi.

12 may kuni ertalab Isroilda qurbonlar soni besh kishiga yetdi. Xususan, raketalar uch ayolning hayotiga zomin bo'ldi. Ulardan ikkitasi Tel-Avivdan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan Ashkelon shahrida yashardi. Ular turar joylarga kelib urilgan raketalar tufayli halok bo'lgan.The Jerusalem Post nashrining yozishicha, qurbonlardan biri keksa ayolga hamshiralik qiladigan Hindiston fuqarosi. Ikkinchi qurbon raketaning turar joy binosiga to'g'ridan-to'g'ri urilishi oqibatida halok bo'lgan. Uchinchi ayol Tel-Avivdan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan Rishon Le-Sion shahrida vafot etgan.

Shuningdek, Xolon shahrida raketa bo'sh avtobusga kelib urilgan. Ynet News xabar berishicha, portlash natijasida uch kishi, jumladan, besh yashar qizcha jabrlangan. Isroilda yaralanganlarning umumiy soni 100 kishidan oshadi.

10—11 may kunlari G'azo sektoridan Isroil tomon 700 ga yaqin raketa uchirildi. Ularning 200 tasi Isroilning havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan to'xtatib qolindi, yana 150 tasi Isroil shaharlariga yetib bormasdan G'azo sektori hududiga quladi. Otishma tufayli Ben-Gurion aeroporti yopildi, uning yonida Isroilning havo hujumiga qarshi mudofaasi Falastin raketalarini urib tushirdi.

Isroil Falastin hududidagi 500 ta nishonga zarba berdi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari Bosh shtabi boshlig'i Aviv Koxavi aytib o'tdi. Uning so'zlariga ko'ra, o'nlab terrorchilar yo'q qilingan. Portlatilgan nishonlar orasida Falastinning HAMAS harakati shtab-kvartiralaridan biri joylashgan G'azo sektoridagi 13 qavatli bino ham bor. Ynet News xabariga ko'ra, reyd boshlanishidan bir soat oldin bino va uning atrofidagi aholiga ogohlantirish berilgan.

Falastin rasmiylarining ma'lumotlariga ko'ra, Isroilning G'azo sektoriga bergan zarbalari natijasida 35 kishi halok bo'ldi. Shuningdek, Isroil armiyasi Falastinning HAMAS harakati harbiy razvedkasining ikki asosiy a'zosi — xavfsizlik bo'limi boshlig'i Xasan Kauji va uning o'rinbosari Vayl Iso o'ldirilgani haqida xabar berdi. Isroil armiyasi shtabi boshlig'i o't ochishni davom ettirishga va'da berdi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, «HAMAS va ‘Islomiy jihod’ allaqachon qilmishiga yarasha javob olgan va olishda davom etadi. Operatsiya biroz vaqt talab etadi».

Shu bilan birga, tartibsizliklar sababli Isroilning Lod shahrida favqulodda holat e'lon qilindi. Lod meri Yair Revivo hokimiyat shahar ustidan nazoratni butunlay yo'qotganini aytdi. 11 may kuni kechqurun boshlangan o't ochishlar bilan birga yahudiy va arab aholisi o'rtasida to'qnashuvlar boshlangan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shaharga harbiy qismlarni yuborishga va'da berdi.

Raketa hujumlari Isroil politsiyasi va falastinliklar o'rtasida to'qnashuvlar sodir bo'layotgan Sharqiy Quddusdagi keskinlik kuchaygan bir paytda yuz bermoqda. 7 may kuni Isroil sudining qaroriga binoan Ma'bad tog'lari yaqinidagi «Shayx Jarroh» mahallasidan arab oilalarini ko'chirib yuborish jarayoni boshlangan edi. Buning natijasida hududda norozilik namoyishlari va to'qnashuvlar yuzaga keldi.

Meduza

loading...