Iqtisodiy ishlar bo'yicha davlat boji xarajatlari qancha?

0

Davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy to'lovdir.

Iqtisodiy ishlar bo'yicha davlat bojini to'lash bilan bog'liq munosabatlar O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 12-bobi va «Davlat boji to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni bilan tartibga solinadi.

«Davlat boji to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga asosan 26 banddan iborat iqtisodiy sudlarda davlat bojini to'lashdan ozod qilingan holatlar o'z aksini topgan.

«Davlat boji to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga ilova “Davlat boji stavkalarining miqdorlari” 2-qismiga ko'ra iqtisodiy sudlarga beriladigan mulkiy xususiyatga ega da'vo arizalaridan da'vo bahosining 2 foizi miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam bo'lmagan miqdorda, nomulkiy xususiyatga ega da'vo arizalaridan BHMning 10 baravari; tashkilotlar va fuqarolarni bankrot deb topish to'g'risidagi arizalardan BHMning 3 baravari; xo'jalik shartnomalarini tuzish, o'zgartirish yoki bekor qilish vaqtida kelib chiquvchi nizolar bo'yicha da'vo arizalaridan BHMning 10 baravari miqdorida, apellyatsiya, kassatsiya tartibida berilgan shikoyatlardan birinchi instansiya sudida ko'rib chiqish uchun arizalar berilganda to'lanadigan stavkaning 50 foizi miqdorida, sud hujjatlarining dublikatlarini hamda taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosiga ko'ra iqtisodiy sud tomonidan ishlardan boshqa hujjatlarning ko'chirma nusxalarini berganlik uchun hujjatning har bir beti uchun BHMning 2 foizi miqdorida, hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish to'g'risidagi, shuningdek hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi arizalardan BHMning 2 baravari miqdorida, chet davlat sudlari va arbitrajlar qarorlarini tan olish va ijro etish to'g'risidagi arizalardan BHMning 2 baravari miqdorida davlat boji to'lanishi belgilangan.

Shu bilan birga, xorijiy tajriba misolida ko'radigan bo'lsak, ya'ni Rossiya Federatsiyasining Soliq kodeksining 333.21-moddasiga ko'ra arbitraj sudlari tomonidan mulkiy xususiyatga ega da'vo arizalaridan da'vo bahosining ko'rib chiqiladigan ishlar uchun quyidagi miqdorlarda davlat boji to'lanishi belgilangan: 100 000 rublgacha – da'vo summasidan 4 foiz, birok 2 000 rubldan kam emas; 100 001 rubldan 200 000 rublgacha – 4 000 rubl va 100 000 rubldan oshgan summadan 3 foiz; 200 001 rubldan 1 000 000 rublgacha – 7 000 rubl va 200 000 so'mdan oshgan summadan 2 foiz; 1 000 001 rubldan 2 000 000 rublgacha – 23 000 rubl va 1 000 000 rubldan oshgan summadan 1 foiz; 2 000 000 rubldan – 33 000 rubl va 2 000 000 rubldan oshgan summadan 0,5 foiz. Shuningdek, mazkur moddaning 9-bandiga asosan da'voni ta'minlash bo'yicha ham davlat bojini to'lash belgilangan, uning miqdori 3 000 rubl tashkil etadi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2020 yil 19 dekabrdagi 36-sonli “Iqtisodiy ishlar bo'yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to'g'risida” Plenum qarorining 3-bandiga ko'ra davlat boji da'vo miqdorini ko'paytirish va sud buyrug'ini berish to'g'risidagi arizalardan ham undiriladi. Vaholanki, ish hujjatlaridan fotonusxa ko'chirish uchun davlat boji undirilmaydi.

IPK 139-moddasiga ko'ra, sud buyrug'ini berish to'g'risidagi ariza uchun sudga da'vo bilan umumiy tartibda murojaat qilganda nizolashilayotgan summa asosida hisoblab chiqilgan stavkaning ellik foizi miqdorida davlat boji to'lanadi.

Sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan da'vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.

Hal qiluv qarori o'z foydasiga chiqarilgan tarafga ish bo'yicha qilingan barcha sud xarajatlarining o'rni, garchi boshqa taraf davlat bojini to'lashdan ozod etilgan bo'lsa ham ushbu boshqa taraf hisobidan qoplanadi.

Da'vogar to'lashdan belgilangan tartibda ozod qilingan davlat boji, agar javobgar boj to'lashdan ozod qilinmagan bo'lsa, qanoatlantirilgan da'vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan respublika byudjeti daromadiga undiriladi.

Agar ish ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan mazkur toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibini buzish (talabnomani javobsiz qoldirish, talab qilingan hujjatlarni jo'natmaslik) oqibatida yuzaga kelgan bo'lsa, sud ishning natijasidan qat'i nazar, sud xarajatlarini shu shaxsning zimmasiga yuklatishga haqli.

Da'vogarning talablari u sudga murojaat qilganidan so'ng javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda qanoatlantirilsa, sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi.

Agar da'vogar tomonidan bildirilgan neustoykani undirish haqidagi talab asosli bo'lib, biroq uning miqdori qonun hujjatlarida belgilangan huquqdan foydalanilgan holda sud tomonidan kamaytirilgan bo'lsa, sud xarajatlarining kamaytirilishi hisobga olinmagan holda undirilishi lozim bo'lgan neustoyka summasidan kelib chiqqan holda, sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatilishi lozim.

Davlat boji to'lashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini ko'zlab taqdim etilgan da'vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari ko'zlanib da'vo taqdim etilgan shaxslardan da'vo talablarining qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud xarajatlarini taqsimlash to'g'risidagi kelishuviga ko'ra, sud ushbu kelishuvga muvofiq hal qiluv qarorini qabul qiladi.

T.A.Annayeva,

Toshkent shahar sudining sudyasi,

X.N.Ravshanov,

O'rtachirchiq tumanlararo

iqtisodiy sudi raisi

loading...