Erdo'g'on islomofobiyaga qarshi kurashish yo'llarini aytdi

0

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'on 25 may kuni Anqarada bo'lib o'tgan ommaviy axborot vositalari va islomofobiya namoyishlari mavzusidagi 1-xalqaro simpozium ishtirokchilariga murojaatida islomofobiya butun dunyoga, ayniqsa, G'arbga saraton kabi tarqalayotganini aytib o'tdi. Bu haqda «Anadolu» xabar berdi. Erdo'g'onning ta'kidlashicha, islomga dushmanlik turli mamlakatlarda — Bosniya va Gersegovinadan Myanmaga qadar sodir bo'lgan ko'plab fojiali voqealar misolida o'zini namoyon qilgan. «AQSh hukumati 11-sentyabrdagi terraktlardan so'ng islomga qarshi kayfiyatning tarqalishi uchun boshlang'ich nuqtaga aylangan ‘musulmonlarga dushmanlik nigohida qarash’ strategiyasini amalga oshirishni boshladi», — deya xabar qilgan Turkiya prezidenti. Uning so'zlariga ko'ra, Yevropa asrlar davomida turklardan qo'rqib, aholisini Islom diniga qarama-qarshi qo'yib, shu bilan jamoatchilik e'tiborini Yevropaning siyosiy bo'linishi bilan bog'liq muammolardan chalg'itishga harakat qilgan.

«Ikkinchi Jahon urushi paytida yahudiylarning qirg'in qilinishini alohida istisno deb biluvchilar bugun Islomga qarshi saflarni yig'moqda. Erkinlik cheklangan joyda uzoq muddatli farovonlik bo'lmaydi. Ushbu haqiqatni inkor etganlar aslida Islomga emas, balki o'zlarining kelajagiga qarshi chiqmoqdalar», — deb qo'shimcha qilgan Turkiya rahbari.

Erdo'g'on G'arb islomofobiya ko'lamiga e'tibor qaratish o'rniga, oson yo'lni tanlagani va radikal oqimlar ta'siriga tushib qolganini ta'kidlab, dunyo bo'ylab adolatli siyosatchilar, ziyolilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, diniy rahbarlar «Islomofobiya» deb nomlangan kasallikka qarshi kurashda birlashgan front sifatida harakat qilishlari kerakligini aytgan.

Siyosatchi islom dunyosidagi birdamlik islomofobiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyat olib kelishiga ishonch bildirgan. Islomofobiya tahdidiga duchor bo'lgan barcha jamiyatlar va mamlakatlar birlashishi hamda xalqaro maydonda o'zaro yaqin aloqada bo'lishi kerakligini ta'kidlagan.