Yiliga 5000 mahkumga xizmat ko'rsatadigan mahkumlar kasalxonasi: u yerda qanday sharoitlar bor?

0

Joriy yilning 26 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi ekspertlik guruhi va OAV ishtirokida Toshkent shahridagi 23-son mahkumlarga mo'ljallangan ixtisoslashgan kasalxonaga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Mazkur mahkumlar kasalxonasi binosi 1957 yilda qurilgan bo'lib, 20 ta bo'lim, 2 ta laboratoriyaga ega. Jumladan, qabul bo'limi, terapiya, nevrologiya, jarrohlik, stomatologiya, diagnostika, laboratoriya, sil kasalliklari kabi bo'limlar hamda 200dan ortiq tibbiyot xodimi bu yerdagi mahkumlarga sifatli xizmat ko'rsatib kelmoqda. Muassasada 1130 ta o'rin mavjud bo'lib, yiliga o'rtacha 4000-5000 mahkum turli hududlardagi koloniyalardan kelib davolanadi. Ayni paytda davo muolajalarini olayotganlar soni 608 nafardan iborat. Bu yerda yiliga bir yarim mingdan ortiq jarrohlik muolajasi amalga oshiriladi. Joriy yil boshidan buyon 238 ta jarrohlik amaliyoti bajarilgan.

IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Tibbiyot boshqarmasi boshlig'i, podpolkovnik  Bahodir Yusupovning so'zlariga ko'ra, 2020 yilda tarqalgan kovid-19 infeksiyasini o'z vaqtida davolash va kasallikning oldini olish maqsadida  23-son mahkumlarga mo'ljallangan ixtisoslashgan kasalxonada PSR va OIV/OITS laboratoriyasi 28 kun davomida qurib bitkazilib, zarur tibbiy jihozlar, test tahlillari bilan ta'minlandi. Hozirda mazkur laboratoriyada 10 nafar xodim faoliyat olib boradi.

Qonun hujjatlariga ko'ra, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarga malakali tibbiy yordam ko'rsatish ixtisoslashtirilgan kasalxonada amalga oshiriladi. Ixtisoslashtirilgan kasalxonada tibbiy yordam ko'rsatish imkoniyati bo'lmaganda yoki shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish zarur bo'lgan hollarda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar sog'liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalariga joylashtirilishi mumkin.

Ekspert guruhi qisqa muddatli uchrashuv xonalari hamda telefon so'zlashuv honalarini ham ko'zdan kechirdi. Kasalxonada qisqa muddatli uchrashuvlar uchun videokonferensaloqa xizmati ham yo'lga qo'yilgan bo'lib, u orqali bemor mahkumlar yaqinlari bilan 2 soat davomida virtual muloqotda bo'lishlari mumkin.

An'anaviy 2 soatlik uchrashuvlar va advokat bilan suhbatlar ham mahkumlarning sog'lig'ini asrash maqsadida oyna ortida amalga oshiriladi.

Qayd etish lozimki, kasalxonada davolanayotgan bemor mahkumlarga uzoq muddatli uchrashuvlarga ruhsat berilmaydi. Faqatgina mazkur muassasadagi xo'jalik ishlariga jalb etilgan mahkumlargina, haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari uzoq muddatli uchrashuvlarga chiqishlari mumkin.

Ekspert guruhi a'zolari fuqarolar qabulxonasi bo'limida pochta va banderollarni qabul qilish jarayoni bilan ham tanishdi. Qabulda navbatda turganlar bilan suhbatlashilganda ham, kasalxona xodimlaridan minnatdor ekanliklarini bildirishdi.

Oshxona va mahkumlarga ovqat tayyorlash jarayonlari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash ombori, taomnoma ham ko'zdan kechirilganda, jiddiy kamchiliklar aniqlanmadi.

Monitoring davomida mahkumlarga tibbiy xizmat ko'rsatish sifatini o'rganish maqsadida davolash xonalari (kamera) ko'zdan kechirilib, gigiena-sanitariya qoidalariga rioya qilinishi tekshirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova:

– Albatta, ushbu kasalxonadagi sharoitlar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. E'tiborli jihati, bu muassasada boshqa yopiq muassasalardan farqli o'laroq, tibbiy xodimlar yetishmasligi bilan bog'liq muammolar yo'q. Barcha turdagi tibbiyot mutaxassislari o'rni band qilingan. Vakant joylar yo'q.

Lekin, muassasada ba'zi bo'limlarda ta'mirlash ishlari ketayotgani sababli, palatalardagi bemorlar karavotlari bir-biriga yaqin joylashtirilgan. Monitoringimiz davomida diagnostika bo'limi deyarli to'liq ta'mirdan chiqarilib, 1 oy ichida ishga tushirilishi aytildi. O'ylaymanki, bu muammo ham tez orada hal etiladi. Aytishim kerakki, hali ta'mirlanmagan binolarda hal etilishi kerak bo'lgan  ventilyatsiya va yoritish bilan bog'liq muammolar bor.

Shuningdek, mahkuma ayollarning ham davolanishi uchun ushbu kasalxonada alohida sharoitlar yaratilishi kerak deb hisoblayman.

Ombudsmanga  23-son mahkumlarga mo'ljallangan ixtisoslashgan kasalxonada jazo muddatini o'tayotgan mahkum N.U. erkin harakatlanish imkoniyati cheklanganligi sababli nogironlar aravachasi olishida amaliy yordam so'rab murojaat qilgan edi. Mazkur tashrif doirasida mahkumga Toshkent shahar Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan homiylik asosida nogironlar aravachasi taqdim qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha

vakili (ombudsman) Matbuot xizmati

loading...