1 iyundan pensiya tizimida qanday yangiliklar kutilyapti?

0

✅ 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida, qo'shimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi.

Izoh: bugungacha fuqarolardan mehnat daftarchasidan tashqari ishlagan davridagi ish haqiga oid ma'lumotlar talab qilinadi, ammo ko'plab tashkilotlarda arxiv ishi to'g'ri yo'lga qo'yilmaganligi uchun juda ko'pchilik oylik ish haqlari to'g'risida ma'lumot topa olisholmasdi, natijada haqiqatan ishlagan bo'lsa ham, pensiyasi kam chiqardi. Endi ushbu Prezident qarori ko'pchilikka foyda bo'lishi shubhasiz;

✅ ishlovchi fuqarolar ishlamaydigan turmush o'rtoqlari kelgusida pensiya ta'minotiga ega bo'lishlari uchun o'z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to'lashlari mumkin bo'ladi.

Izoh: bu ham yaxshi o'zgarishlardan biri. Tan olishimiz kerak, bizda ko'plab ayollar ishlamasdan, uyda farzand tarbiyasi bilan band bo'lishadi. Ammo ertaga ish staji yo'qligi sababli, pensiya olishda muammolarga duch kelishadi. Endilikda ishlamaydigan fuqarolar uchun Pensiya jamg'armasiga ma'lum miqdorda ijtimoiy soliq to'lab borilsa, ertaga pensiya yoshiga yetganida bu pensiya tayinlash uchun asos bo'ladi.

Bu o'zgarish yaqinda chiqqan boshqa bir qarorga o'xshaydi. Yodingizda bo'lsa, xorijda ishlovchi migrantlarga ham xuddi shunday imkoniyat berilgan edi. Ya'ni 2021 yil 1 yanvardan boshlab mehnat migrantlari agar o'zlari istasa o'ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo'lishi uchun Pensiya jamg'armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq (1 yil uchun 122 ming 500 so'm) to'lashi mumkin bo'ldi. Ammo o'shanda buni ba'zilar «endi migrantlarga ham soliq solinadi», deb noto'g'ri talqin qilishgan edi.

✅ uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo'yicha aniqlangan ortiqcha to'lovni undirish bekor qilinadi.

Izoh: pensiya oladigan fuqarolarimiz buni ham yaxshi eslashsa kerak. Ilgari ko'plab pensionerlarimiz pensiya hisoblashdagi texnik yoki boshqa xatoliklar tufayli ko'proq miqdorda pensiya olgan bo'lsa, keyinchalik o'sha ortiqcha pensiyalarning hammasini pensionerdan qayta undirishar edi. Endi tasavvur qiling, 70 yoshga kirgan va hech qaerda ishlamaydigan otaxon olgan pensiyasini allaqachon ishlatib bo'lgan bo'ladi, davlat esa bir necha million so'mni qaytarishni talab qiladi. O'sha otaxon qaerdan oladi buncha pulni? Xullas, savollar ko'p edi.

O'tgan davr mobaynida ortiqcha tayinlangan pensiyalar uchun 2 marta o'ziga xos «amnistiya» berildi. Birinchisi, 28.12.2017 yildagi PF-5291-son Prezident farmoniga asosan, 65 yoshdan katta pensionerlarga hamda 2010 yilgacha tayinlangan va ortiqcha to'langan pensiyalardan davlat voz kechgan bo'lsa, ikkinchi marta 26.12.2018 yildagi PQ-4086-sonli Prezident qarori bilan 2019 yil 1 yanvar holatiga yoshidan qat'iy nazar barcha pensionerlarning qarzlari hisobdan chiqarilgan edi. Endi esa 3 yil avval tayinlangan ortiqcha to'langan pensiya to'lovlari undirilmasligi qat'iy belgilab qo'yilmoqda.

Xullas, pensiya tizimida ana shunday o'zgarishlar bizni kutmoqda.

👉 @xushnudbek 👈

loading...