2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi ma'qullandi

0

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'n beshinchi yalpi majlisida O'zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi ko'rib chiqildi.
O'zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonunning tegishli qoidalari asosida Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatning uzoq muddatli maqsadlari va ustuvorliklariga muvofiq ishlab chiqilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur hujjat qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha soha hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar o'rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi. Shuningdek, Strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro'yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ'ib qilinishini ta'minlashga xizmat qiladi.

Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli ta'limni ta'minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma'lumotga ega bo'lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo'ravonlikka yo'l qo'ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan.

E'tiborli jihati shundan iboratki, mazkur strategiyadagi yo'nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.

Gender tenglikka erishish strategiyasi asosan uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, qator ustuvor yo'nalishlarda amalga oshiriladi. Davlat xizmati, ijtimoiy-iqtisodiy, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash shular jumlasidan.

Shuningdek, strategiyada gender tenglikni ta'minlash tadbirlarini hisobga olgan holda davlat dasturlarini byudjetlashtirish va moliyalashtirish ham ko'zda tutilgan. Gender strategiyasini amalga oshirishdan salmoqli natijalarga erishish kutilmoqda. Xususan, yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyoti kengayadi.

Gender nomutanosiblik mavjud bo'lgan davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimini joriy qilish orqali xotin-qizlar va erkaklar o'rtasidagi mutanosiblik ta'minlanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan, ayniqsa, qishloq joylaridagi oilalar xotin-qizlarini ish bilan ta'minlash, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, shuningdek, o'zini o'zi band qilishga erishiladi.

Eng asosiysi – xotin-qizlarga nisbatan ish joylaridagi tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldi olinib, jamiyatda ularga nisbatan shakllangan salbiy qarashlarga barham beriladi.

Gender strategiyani amalga oshirish O'zbekistonning inson huquqlarini ta'minlash sohasidagi strategik maqsadlar kontekstida qabul qilingan milliy va xalqaro majburiyatlar (Pekin Deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi Konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlari va boshqalar)ni bajarishga ko'maklashadi.

Senatorlar tomonidan jamiyatda gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish kabi murakkab masalalar birgina davlat hamda jamoat tuzilmalari zimmasiga yuklatilgan vazifa emasligi, bu borada barchaning faol ishtirokini kuchaytirish muhimligi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

loading...