Dardmandlar dardi — uning dardi

0

Nazira Sultonova Samarqand shahridagi 20- o'rta maktabda o'qidi. O'quvchilik davrida uyidan maktabgacha bo'lgan masofani bosib o'tar ekan, har kun bu qadim kent manzaralarini havas bilan tomosha qildi. Ko'hna Registon maydoni, uning atrofi go'zalliklariga havas bilan boqdi, niliy gumbazli minoralarga qarab hayratlandi. Ularni barpo etgan bunyodkor bobolariga tasannolar aytdi. Va yana o'yladiki, “Bunyodkorlik ishlarining barisi sog'lom hayot tarzi tufayligina amalga oshgan va bundan keyin ham shunday bo'ladi. Anglashiladiki, bunday ezguliklarni davom ettirish albatta odamlar sog'ligi bilan bog'liq. Demak, men malakali shifokor bo'lishim, yurtimiz bunyodkorlari, barcha ezguliklar ishtirokchilari, butun xalqim  salomatligi yo'lida mehnat qilishim kerak”.

Ana shunday o'ylar uning  shifokorlik kasbiga mehr qo'yishiga sabab bo'ldi. Yillar o'tib, kechagi o'quvchi qiz Nazira niyatiga yetdi. Samarqand tibbiyot institutining davolash fakultetida o'qiy boshladi. Institutni bitirib, mehnat faoliyatini boshladi, dardmandlarning yaqin kishisiga aylana boshladi. Bir necha yil mobaynida viloyat o'smirlar dispanseri bosh shifokori o'rinbosari bo'lib ishladi. Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti  hamda Toshkent  axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali talabalari salomatligini saqlash yo'lida xizmat qilib kelmoqda.

Nazira Sultonova yaqinda tibbiyotdagi ko'p yillik samarali faoliyati uchun Sog'liqni saqlash vazirligining «O'zbekiston sog'liqni saqlash a'lochisi» ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi, shahar hokimligi dimlomlari, esdalik sovg'alari bilan mukofotlandi. Mehnatlari munosib baholangan Nazira opa shifokor bo'lishni orzu qilgan damlarida, talabalik yillarida ham bir qator yutuqlarga erishgandi. U Gruziyada bo'lib o'tgan tibbiyot institutlari talabalari o'rtasidagi fan olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o'rinni egallagandi, Rossiya, Ukraina davlatlarida sohaga oid ilmiy-amaliy konferensiyalarda o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etgandi.

Otasi Tursun aka (oxiratlari obod bo'lsin ) el suygan shifokorlardan biri edi. Hamon samarqandliklar u kishini shirin xotiralar bilan yod olishadi.Tursun shifokor viloyatning turli tumanlarida ko'p yillar aholi salomatligini saqlash, malakali tibbiy xizmat ko'rsatish yo'lida yelib-yugurib xizmat qildi. Turmush o'rtog'i (marhuma) Kibriyo Ahmedova ko'p yillar yoshlarga o'zbek tili va adabiyoti fanidan saboq berdi. Ularning uch nafar qizlari bo'lib, kattasi Nazira ota kasbini egalladi, singillari Nodira va Nigoralar onalari izidan borishdi.

Bilamizki, bugunning ayoli nafaqat hozirini, balki, ertasini ham o'ylaydi, mehr nuri ila dunyoni yoritadi. Ammo bu bilan uning ko'ngli to'lmaydi, fikru xayolini yangi-yangi rejalar tuzishga, ularni amalda bajarishga band etaveradi.

Inson salomatligi yo'lida o'z umrini baxshida etayotgan Nazira Sultonova ana shunday mehri daryo ayollardan. U ayni paytda viloyat o'smirlar dispanseri bosh shifokori o'rinbosari sifatida faoliyat ko'rsatishi bilan o'zi tug'ilib o'sgan Samarqand shahridagi “Devoli ko'ndalang” mahallasida ham bir qator ibratli ishlarni amalga oshirmoqda.

Opa mahallada ham, ish joyida ham  hamisha dardmandlar dardiga shifo topish yo'llarini izlaydi. Shu sababdan bo'lsa kerak, el orasida opaning obro'si baland.

Alimardon XUDOYQULOV

 

 

 

 

 

 

 

 

 

loading...