Bunisi oldingilaridan farqli

0

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh hududlariga ko'p miqdordagi “Marokash” nomli chigirtkalar uchib o'tayotgani va ularga qarshi kurashish choralari kuchaytirilgani haqidagi xabar tarqaldi.

O'zA muxbiri chigirtkalarga qarshi kurash choralari olib borilayotgan viloyatning G'uzor tumanidagi Turkmaniston bilan chegaradosh bo'lgan hududlarida bo'lib, mutasaddilar bilan suhbatlashdi.

 

“O'zagrokimyohimoya” AJ chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati Qashqadaryo filiali boshlig'i G'ayrat Jo'rayevning ma'lum qilishicha, chigirtkalarning viloyat hududiga yoppasiga uchib o'tish holati joriy yilning 21 may sanasida Turkmaniston davlati bilan chegaradosh hududlarida aniqlangan.

 

“Marokash” chigirtkalarining mahalliy chigirtkalardan farqi shundaki, ular yo'lida uchragan, ko'karib chiqqan har qanday o'simlikni nobud qiladi. Shu bois qishloq xo'jaligining barcha ekinlariga jiddiy zarar yetkazadi.

 

Hozirda chigirtkalarga qarshi kurashish uchun barcha kuch vositalari safarbar qilingan va imkoniyatlar yetarli. Mas'ulning ma'lum qilishicha, viloyat hududida aprel oyidan boshlab, 94 ming gektar maydonda zararkunandalarga qarshi kurash choralari olib borilgan bo'lsa, shundan 7 ming gektari 21 maydan keyin bajarilgan. Bundan tashqari viloyat hokimi tashabbusi bilan yana qo'shimcha 20 ming gektar maydonga ishlov berish uchun mahalliy byudjetdan mablag' ajratilgan.

 

 

Hozirgi kunda chigirtkalar to'dasi aniqlangan chegaradosh hududlarda 4 ta otryad tashkil etilib, 13 ta katta va 5 ta jihozlangan yengil avtomobil, shuningdek, ko'p miqdorda qo'l apparatlari orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda.

 

G'.Jo'rayevning ta'kidlashicha, ushbu holat bo'yicha viloyatda birorta joy qizil hududga o'tmagan. Hozircha o'rta miqdorda yashil hududdan sariq hududga o'tkazilib, G'uzor tumanining Pachkamar, Meyli Rahmonov, Mirzo Ulug'bek, Mayna Hasanova, qolaversa, chegaradosh bo'lgan Taham, Kengsoy hududlarida chigirtkalar uchib o'tishi aniqlangan va mana shu hududlarni yashil zonaga o'tkazish ustida muntazam ish olib borilmoqda.

 

Shuningdek, mutaxassis chigirtkalar aniqlangan joylar qishloq xo'jalik ekinlari ekilgan hududdan ancha olisda ekanligini va xavotirlanishga hojat yo'qligini ta'kidladi. Ammo hozirdan bartaraf etish choralari ko'rilmasa, ertaga katta talofat olib kelishi mumkin. Boisi bitta “Marokash” chigirtkasi o'zidan 150-160 tagacha nasl qoldirish qobiliyatiga ega. Bu esa kelasi yil uchun katta xavf bo'lishi tayin. Shuningdek, u shamolga qarshi harakatlanib, 300 kilometrgacha bo'lgan masofani bosib o'tish imkoniga ega.

Zararkunandalarga qarshi kurash choralari joriy yilning 10 iyunigacha yakunlanishi mo'ljallanmoqda.

Kuzatuvlarga ko'ra, hozirda chegaradan chigirtkalar juda siyrak holda o'tmoqda. Faqatgina 21 mayda juda yirik miqdorda o'tgani qayd etilgan. Hozirgacha bunday holat boshqa takrorlanmagan.

Ko'chib o'tish holatlarini aniqlashda, chegara qo'shinlaridagi harbiylar, mahalliy aholi vakillari va cho'ponlar mas'ullarga yaqindan yordam bermoqda. Ular yordamida aniqlangan joyda birdaniga bartaraf etish choralarini ko'rilmoqda.

loading...