Dubayga fohishalikka yubormoqchi bo'libdi

0

DXX tomonidan o'tkazilgan tadbirda Xorazm viloyati Urganch shahrida 3 nafar qizni Dubayga fohishalikka yuborayotganlar ushlandi.

Xabarga ko'ra, DXX Xorazm viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o'tkazilgan. Unda Urganch shahrida yashovchi 35 yoshli V.S. va uning Qo'shko'pir tumanida yashovchi 42 yoshli qarindoshi S.V.lar xorazmlik 23 yoshli K.Z., 23 yoshli J.O. va 21 yoshli R.X.larning ishonchiga kirib, ularni fohishalik bilan shug'ullanish uchun Birlashgan Arab Amirliklariga yuborishni rejalashtirgan.

Tadbir davomida V.S. hamda S.V. qizlarni Urganch shahridan Toshkent shahriga avtomashinada jo'natayotgan vaqtlarida ushlangan.

Aniqlanishicha, K.Z., J.O. va R.X.lar o'zlarining nomiga Toshkent–Dubay yo'nalishi bo'yicha sotib olingan aviachipta hamda rasmiylashtirilgan viza xarajatlarini Dubay shahrida ishlab, pul topganidan so'ng to'lab berishi kerak bo'lgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida V.S. BAAdagi jinoiy aloqalari buyurtmasiga ko'ra, muqaddam bir nechta ayollarni fohishalik bilan shug'ullantirish uchun Dubay shahriga yuborgani ham ma'lum bo'lgan.

Hozirda V.S. va S.V.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

loading...